Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Gruziyalik qurilish mutaxassisi: “Me’morchilik Markazning maqsadi va g‘oyasini juda aniq ifoda etgan”

Markaziy Osiyoning boy tarixiy merosi va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unlashgan maskan — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xorijlik mutaxassislar e’tiborini tobora ko‘proq tortmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markaziga Italiya va gruziyalik mashhur qurilish kompaniyalari vakillaridan iborat delegetsiya tashrif buyurdi. Ular markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi. 

Delegatsiya vakillarining e’tiborini tortgan eksponatlardan biri — Markaziy Osiyoda XII asr – Saljuqiylar davriga oid ikki boshli burgut tasviri tushirilgan hukmdorlik ramzi bo‘ldi. Shuningdek, Saljuqiylar davriga XII asrga mansub bo‘lgan oid zargarlik buyumlari IX–XIII asrlarga mansub tumorlar, bilakuzuklar, ziraklar va uzuklar ham ularning alohida qiziqishini uyg‘otdi. Mazkur buyumlardagi nafis naqshlar va bezaklar delegatsiya a’zolarini yana bir bor sinchiklab ko‘zdan kechirishga undadi.

Mehmonlar XIV–XV asrlarga oid yana bir noyob yodgorlik — Amir Temur buyrug‘i bilan xattot Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan Qur’on qo‘lyozmasi bilan ham tanishdilar. Ushbu qo‘lyozma hamda uning o‘zbekistonlik xattotlar tomonidan tayyorlangan nusxasi delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

Delegatsiya vakillari, ayniqsa, Markazdagi “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans poydevori” bo‘limiga alohida qiziqish bildirdi. Bu yerda namoyish etilayotgan “Hayot doirasi” nomli videoinstallyasiya, milliy an’analarni aks ettiruvchi videoroliklar mehmonlarda iliq taassurot uyg‘otdi.

Shuningdek, bayroq installyasiyasi ham delegatsiya tomonidan yuqori baholandi. Undagi ramziy elementlar, kompozitsiyaning harakatda bo‘lishi va aylanish effekti tomoshabinlarda o‘ziga xos estetik taassurot uyg‘otdi. Mehmonlar milliy cholg‘u asboblarida ijro etilgan kuylarni ham tinglab, o‘zlarining ijobiy fikrlarini bildirdilar.

Delegatsiya a’zolari “Yangi O‘zbekiston — yangi Renessans poydevori” bo‘limidagi mahalla hayotini aks ettiruvchi ekspozitsiya hamda zamonaviy Toshkent qiyofasini namoyon etuvchi Toshkent city majmuasi maketi bilan ham yaqindan tanishdilar. Maket mehmonlar o‘rtasida qizg‘in muhokamalar va ko‘plab savollarga sabab bo‘ldi.

Irakliy Kvergelidze Orbi Group kompaniyaci rahbari (Gruziya):

“Markazda amalga oshirilgan ishlar hayratlanarli darajada. Juda katta mehnat qilingan. Bu yerda islom tarixining deyarli barcha davrlarini qamrab olgan boy tarixiy meros namoyish etilgan. Ayniqsa, tarixiy ruh bilan zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unligi menga juda manzur bo‘ldi.

Ishonchim komilki, Markaz ochilgach, bu maskan butun dunyodan yuz minglab, hatto millionlab insonlarni jalb etadigan yirik ilmiy-madaniy markazga aylanadi. Bu yerga kelgan mehmonlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun yaratilgan bebaho boylikni ko‘rish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ochig‘i, bu yerda ko‘rganlarimning barchasiga to‘liq baho berish oson emas. Chunki hammasi juda go‘zal va puxta o‘ylangan. Me’morchilik markazning maqsadi, ruhi va g‘oyasini juda aniq ifoda etadi.

Birinchidan, me’moriy yechimlar nihoyatda qiziqarli va chiroyli.

Ikkinchidan, bu ishlar ustida juda yuqori malakali mutaxassislar ishlagani yaqqol ko‘rinib turibdi. Bajarilgan ishlarning sifati juda yuqori. Agar o‘n ballik tizimda baholash kerak bo‘lsa, men bu markazga 12 ball bergan bo‘lardim.

Ayniqsa, loyiha ustida ishlagan jamoaning mehnatini alohida ta’kidlashni istardim. Bu yerda ishlayotgan barcha xodimlarga — ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan mehnat egalari — o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ularning ushbu loyihani yanada mukammal qilish uchun katta fidoyilik bilan ishlayotganlari sezilib turibdi.”

Tornike Janashvili, Block Group qurilish kompaniyaci rahbari, Gruziya:

“Menimcha, bu juda ulkan va salobatli maskan. Bunday markazning mavjudligi nihoyatda muhim, deb o‘ylayman.

Markazda ko‘plab zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilgani alohida e’tiborga loyiq. Men ko‘plab muzeylarda bo‘lganman, ammo shuni aytishim mumkinki, zamonaviy texnologiyalar tashrif buyuruvchilarning taassurotini sezilarli darajada boyitadi. Bu juda muhim, chunki aynan shunday yondashuv orqali odamlar ko‘proq ma’lumotni osonroq qabul qiladi.”

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.