

Yangiliklar
3000 yillik tarixda ayollar roli qanday bo‘lgan?
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosi milliy me’morchilik an’analariga tayangan holda barpo etilgan bo‘lib, unga to‘rt tomondan joylashgan to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Portallar va bino fasadidagi ravoqlar ilm, ma’rifat, bag‘rikenglik hamda ota-onaga hurmat kabi yuksak qadriyatlarni ifoda etuvchi Qur’oni karim oyatlari va hadislar bilan bezatilgan. Ayniqsa, portallar atrofida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning “Ilm olish har bir musulmon erkak va musulmon ayol uchun farzdir” degan hadislari uch marta bitilgani Markazning asosiy g‘oyasi — ilm va ma’rifatni ulug‘lash ekanini anglatadi.
Markaz ekspozitsiyasida “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” bo‘limida tashkil etilgan 250 metrlik “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” orqali nafaqat mintaqamizdagi uch ming yillik davlatchilik tarixi barelef va miniatyuralar orqali yoritib berilgan, qadimgi jamiyatda ayollarning oila va jamiyat hayotidagi o‘rni ham alohida tasvirlangan. Bu esa ayollar tarixi va ularning jamiyat taraqqiyotidagi hissasi qadim davrlardanoq muhim ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Markazdagi Birinchi Renessans ekspozitsiyasida Saljuqiylar va Oltin O‘rda davrida yashab ijod qilgan buyuk shaxslar, ayniqsa ayollarning madaniyat va san’at rivojidagi o‘rni aks ettirilgan.
Ikkinchi Renessans bo‘limi esa Amir Temur va temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘lib, u yerda davlatchilik, ilm-fan va madaniy hayotning yuksalishi keng yoritilgan. Ekspozitsiyada ayollar obrazlari alohida e’tiborga sazovor: taxtda o‘tirgan malikalar, temuriy sulolasi ayollari va ularning davlat ishlariga ta’siri interaktiv ekran qurilmalari orqali namoyish etiladi.
Bu yerda Temuriylar davriga xos madaniy merosni namoyon etuvchi muhim eksponatlardan biri — Bibixonim libosi hisoblanadi. Ushbu libos o‘sha davr malikalarining nufuzi va ularning davlat boshqaruvidagi o‘rni haqida tasavvur beradi.
Shuningdek, Gavharshodbegim, Saroymulkxonim va Zebuniso kabi temuriy va boburiy malikalar hayoti ham maxsus interaktiv formatda namoyon etilgan. Avatarlar – tarixiy shaxslarning virtual obrazi va audio ma’lumotlar orqali tashrif buyuruvchilar ularning hayoti, faoliyati va ijodiy merosi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Ekspozitsiyada temuriy va boburiy sulolasiga mansub ayollar siymolari jonli tarix sifatida taqdim etilgan. Ular orasida Amir Temurning onasi Teginabegim obrazi onalarning farzand tarbiyasidagi o‘rni va millat kelajagi uchun mas’uliyatini ifoda etadi.
Saroymulkxonim obrazida esa davlat ishlarida hukmdorga yelkadosh bo‘lgan, hayot sinovlariga matonat bilan qarshi turgan malikaning irodasi namoyon bo‘ladi.
Gavharshodbegim siymosi orqali esa me’morchilik va xayriya ishlariga katta hissa qo‘shgan, masjid va madrasalar, ko‘priklar hamda shifoxonalar qurdirgan ma’rifatparvar ayol timsoli gavdalanadi.
Boburiylar sulolasi vakili Zebuniso esa ijodkor ayol obrazi sifatida taqdim etilgan. U o‘zining she’riyati orqali ichki kechinmalari va hayot haqidagi mulohazalarini ifoda etgan va shu tariqa tarix sahifalarida nom qoldirgan.
Markazdagi Ikkinchi Renessans pannosi XV–XX asrlarda mintaqada yuzaga kelgan madaniy uyg‘onish jarayonlarini yoritadi. Pannoda me’moriy obidalar, ilmiy asarlar va badiiy adabiyotlar bilan bir qatorda musiqa chalayotgan ayol va erkaklar tasvirlangani ayollar ham madaniyat va san’at rivojiga munosib hissa qo‘shganini ko‘rsatadi.
Ekspozitsiyada tarixiy davrlar turli ashyolar, qo‘lyozmalar, suratlar va mulьtimedia vositalari orqali taqdim etilgan. Sensorli – sezuvchi ekranlar yordamida tashrif buyuruvchilar buyuk allomalarning sun’iy intellekt asosida yaratilgan siymolari bilan ham tanishishlari mumkin.
Markazda temuriyzoda malika Shodmalik tomonidan ko‘chirilgan Qur’oni karim qo‘lyozmasining mulyaji ham namoyon etilgan. Bu nusxa hijriy 871 (milodiy 1467) yilda ko‘chirilgan bo‘lib, ayni paytda Istanbuldagi Turk va islom asarlari muzeyida saqlanadi. Qo‘lyozma xotimasida uni Muhammad Sulton mirzoning qizi Shodmalik ko‘chirgani qayd etilgan.
Markazda Boburiylar davriga bag‘ishlangan ekspozitsiya ham mavjud bo‘lib, unda Bobur va uning avlodlari davriga oid qo‘lyozmalar, qurol-aslahalar va shaxsiy buyumlar bilan tanishish mumkin. Bu yerda dunyo me’morchiligining durdonalaridan biri sanalgan Tojmahal maqbarasining maketi ham joylashtirilgan.
Tojmahal XVII asrda Boburiy sulolasi vakili Shohjahon tomonidan rafiqasi Arjumand Bonu (Mumtoz Mahal) xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan. Ushbu maqbara 1632–1653 yillarda Hindistonning Agra shahrida, Jamna daryosi sohilida qurilgan bo‘lib, uning barpo etilishida Turkiya, Eron, Movarounnahr va Hindistondan kelgan minglab me’mor va ustalar ishtirok etgan. Bugungi kunda u UNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va dunyo me’morchiligining eng yuksak namunasi sifatida e’tirof etilgan.
Markaz ekspozitsiyasi zamonaviy davrni ham qamrab oladi. “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans” bo‘limida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy islohotlar aks ettirilgan.
Bu yerda ayollarning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, gender tengligi, oilaviy qadriyatlar, shuningdek yoshlar siyosati, sport, tashqi siyosat va turizm sohalaridagi yutuqlar interaktiv vositalar orqali namoyish etiladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi orqali tarixga nazar tashlar ekanmiz, sivilizatsiya taraqqiyoti faqat buyuk sarkarda yoki allomalar faoliyati bilangina emas, balki jamiyatda muhim o‘rin tutgan ayollar hissasi bilan ham bog‘liq ekanini anglaymiz. Qadimgi davrlardan tortib Temuriy va Boburiylar zamonigacha, shuningdek, bugungi Yangi O‘zbekiston davrigacha bo‘lgan jarayonlarda ayollar ma’rifat, madaniyat, ilm-fan va davlat boshqaruvi sohalarida munosib o‘rin egallab kelgan.
Temuriy malikalarning davlat ishlaridagi faol ishtiroki, Gavharshodbegim kabi ma’rifatparvar ayollarning masjid, madrasa va boshqa xayriya inshootlari barpo etishga qo‘shgan hissasi, Zebuniso kabi ijodkor ayollarning adabiyot va ma’naviyatga kiritgan ulkan merosi — bularning barchasi ayollar sivilizatsiya taraqqiyotida faol ishtirok etganini yaqqol namoyon etadi.
Islom sivilizatsiyasi markazidagi ekspozitsiyalar ana shu haqiqatni yorqin va ta’sirchan tarzda ko‘rsatib beradi. Bu yerda namoyon etilgan ayollar siymolari faqat tarixiy obraz sifatida emas, balki jamiyat rivojiga ilhom bag‘ishlovchi ma’naviy timsol sifatida talqin etiladi. Ular orqali kelajak avlodga bir muhim haqiqat yetkaziladi, millatning taraqqiyoti va sivilizatsiya yuksalishida ayollarning o‘rni beqiyos.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.