

Yangiliklar
“Xatti Boburiy” da ko‘chirilgan Qur’on: Islom sivilizatsiyasi markazida namoyishga qo‘yilgan noyob meros
Markaziy Osiyo tarixida Zahiriddin Muhammad Bobur nomi odatda buyuk sarkarda, davlat arbobi va “Boburnoma” asari muallifi sifatida tilga olinadi. Biroq tarixiy manbalar Bobur Mirzoning islom ilmlari, xattotlik va kitobat madaniyatiga ham chuqur qiziqish bilan yondashganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, uning Qur’oni karimga bo‘lgan ehtiromi va arab yozuvini isloh qilishga qaratilgan harakatlari bu buyuk shaxsning ma’rifatparvar olim sifatidagi qirrasini namoyon etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markaz ekspozitsiyalarida turli davrlarga mansub asl tarixiy artefaktlar jamlangan bo‘lib, ular Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining boy madaniy va ilmiy merosini namoyon etadi. “Mus’hafi Boburiy” esa ana shu merosning eng noyob namunasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki u bir vaqtning o‘zida islom kitobat madaniyati, xattotlik tarixi va Bobur shaxsiyatining ma’naviy dunyosi haqida muhim ma’lumot beradigan noyob tarixiy manba hisoblanadi.
Manbalarga ko‘ra, Bobur Qur’oni karimga va islomiy ilmlarga ulkan ehtirom bilan munosabatda bo‘lgan. Uning davlat boshqaruviga oid ikki farmonida Qur’oni karimdan 50 dan ortiq oyati karimalar keltirilgan. Bu esa Boburning diniy manbalarni chuqur bilganini va ularni davlat boshqaruvi masalalarida ham asos sifatida qo‘llaganini ko‘rsatadi. Fors tilida yozilgan ushbu farmonlar keyinchalik tarjima qilinib, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi ko‘magida nashr etilgan 6 jildlik Bobur kulliyoti tarkibiga kiritilgan.
Bobur Mirzo arab alifbosini tahrir qilish orqali yozuvni soddalashtirishga qaratilgan yangi grafik tizim yaratishga ham harakat qilgan. Natijada tarixda “Xatti Boburiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan yozuv shakli yuzaga kelgan. Bu alifbo arab alifbosi asosida tuzilgan bo‘lsa-da, ayrim jihatlari bilan undan farq qiladi. U 29 harfdan iborat bo‘lib, Bobur ushbu tizim orqali yozuvni soddalashtirish va uni turkiy tillarning talaffuz me’yorlariga moslashtirishni maqsad qilgan.
Abdumajid Madrahimov, tarix fanlari doktori, professor:
– “Xatti Boburiy” haqidagi ma’lumotlar Bobur tomonidan yozilgan maxsus risolada bayon qilingan. Unda yozuvni isloh qilish, harflarning shaklini soddalashtirish va ularni o‘qishni yengillashtirish masalalari muhokama qilingan. Bobur Hindistonda hukmronlik qilgan davrida shu yozuvda ko‘chirilgan ayrim she’rlarini Movarounnahr va Afg‘onistonga yuborgani haqida ham ma’lumotlar mavjud. U bu qo‘lyozmalarni o‘g‘li Humoyun Mirzo, shuningdek Xoja Kalon va Hindol Mirzoga yuborgan.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, “Xatti Boburiy” yozuvida Qur’oni karim ham ko‘chirilgan bo‘lib, bu nusxa “Mushafi Boburiy” nomi bilan mashhur. Bobur ushbu Qur’on nusxasini Makkai mukarramaga yuborgani haqida manbalarda qaydlar bor. Bu holat Boburning islom dunyosidagi muqaddas markazlar bilan madaniy va ma’naviy aloqalarni mustahkamlashga ham ahamiyat berganini ko‘rsatadi.
Farg‘ona xattotlik maktabi va Markaziy Osiyo kitobat an’analari haqida so‘z ketganda ham tadqiqotchilar Bobur Mirzoni alohida tilga oladilar. Ayrim ilmiy ishlarda hatto Farg‘ona xattotlik maktabi vakillari ro‘yxatining boshida Bobur nomi turishi ta’kidlanadi. Bu esa uning nafaqat shoir va sarkarda, balki xattotlik an’analariga ta’sir ko‘rsatgan shaxs sifatida ham e’tirof etilishini ko‘rsatadi.
“Mus’hafi Boburiy” deb ataladigan ushbu noyob qo‘lyozmaning asl nusxasi Eronning Mashhad shahridagi Imom Rizo yodgorlik majmuasi kutubxonasida saqlanmoqda. Bu qo‘lyozma Bobur davridagi yozuv madaniyati va kitobat san’atini o‘rganishda muhim manba sifatida baholanadi.
Bugungi kunda ushbu tarixiy merosga bo‘lgan qiziqish yanada ortib bormoqda. Xususan, Bobur nomi bilan bog‘liq bu nodir qo‘lyozma hozirda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida, Ikkinchi Renessans bo‘limidagi Bobur sektorida namoyish etilmoqda.
Laylo Abduqaxxarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.