Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

2000 yillik meros: qadimiy alifboda endi har kim yozib ko‘rishi mumkin

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida interaktiv texnologiyalar orqali qadimiy alifboni o‘rganib, uni amalda yozib ko‘rish mumkin. Bu yozuv 2000 yil avval Markaziy Osiyoda keng qo‘llanilgan.

Markaziy Osiyo hududi qadimdan yirik sivilizatsiyalar chorrahasi sifatida shakllangan. Bu zaminda turli xalqlar, madaniyatlar va tillar o‘zaro rivojlangan. Ana shunday qadimiy va muhim madaniy markazlardan biri — Baqtriya hisoblanadi. Qadimgi Baqtriya nafaqat siyosiy va iqtisodiy hayoti, balki ilmiy-madaniy merosi, ayniqsa yozuv va til madaniyati bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Baqtriya sivilizatsiyasi Markaziy Osiyo tarixida muhim o‘rin egallab, keyingi davrlarda shakllangan madaniy an’analar uchun mustahkam zamin yaratgan.

Baqtriya hududi asosan hozirgi Afg‘onistonning shimoli, Tojikistonning janubi va O‘zbekistonning janubi-sharqiy qismiga to‘g‘ri keladi. Bu hudud qadimdan savdo yo‘llari, ayniqsa Buyuk Ipak yo‘lining muhim nuqtalaridan biri bo‘lgan. Shu bois Baqtriya madaniyati turli xalqlar va sivilizatsiyalar ta’sirida boyib borgan. Arxeologik topilmalar, yodgorliklar va yozuv namunasi bu hududda yuksak madaniy hayot mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.

Baqtriya sivilizatsiyasining muhim jihatlaridan biri — uning yozuv tizimidir. Baqtriya yozuvi qadimgi Baqtriya hududida qo‘llanilgan yozuv bo‘lib, u asosan yunon alifbosi asosida shakllangan. Bu holat Baqtriyaning ellinistik madaniyat bilan chambarchas bog‘liqligini namoyon etadi. Miloddan avvalgi III–II asrlarda hukmronlik qilgan Yunon-Baqtriya podsholigi davrida yunon tili rasmiy til sifatida ishlatilgan. Natijada yunon alifbosi mahalliy tilga moslashtirilib, Baqtriya yozuvi shakllangan.

– Baqtriya tili eroniy tillar oilasiga mansub bo‘lib, taxminan milodiy I asrdan IX asrgacha muomalada bo‘lgan. Bu til Markaziy Osiyodagi qadimiy tillardan biri sifatida tarixda muhim o‘rin tutadi. Baqtriya yozuvi yunon alifbosiga asoslangan bo‘lsa-da, unda yunon tilida mavjud bo‘lmagan ayrim tovushlarni ifodalash uchun qo‘shimcha belgilar kiritilgan. Masalan, “ϸ” (sho) harfi maxsus ravishda /sh/ tovushini bildirish uchun yaratilgan. Yozuv chapdan o‘ngga qarab yozilgan bo‘lib, jami 24 ta harfdan iborat: 23 ta yunon harfi va birta maxsus “ϸ” harfi, – dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yetakchi ilmiy xodimi Anvar Matniyozov. 

Baqtriya yozuvining keng tarqalishi, ayniqsa, Kushonlar davriga to‘g‘ri keladi. Milodiy I–IV asrlarda hukmronlik qilgan Kushonlar davlati Markaziy Osiyo va unga tutash hududlarda yirik siyosiy kuchga aylangan. Bu davrda Baqtriya tili davlat tili sifatida e’tirof etilgan va rasmiy hujjatlar hamda yodgorliklarda qo‘llanila boshlangan. Kushon podshohi Kanishka davriga oid yozuvlar Baqtriya tili va yozuvining eng mashhur namunasi hisoblanadi.

Masalan, Baqtriya tilidagi quyidagi yozuv:
ϸαο κανηϸκι κοϸανο

Bu ibora “Shoh Kanishka Kushon”, ya’ni “Kushon podshohi Kanishka” ma’nosini anglatadi. Bu kabi yozuvlar nafaqat tarixiy shaxslar va siyosiy hokimiyat haqida ma’lumot beradi, balki o‘sha davrdagi til, madaniyat va davlat boshqaruvi tizimi haqida ham muhim manba hisoblanadi.

Baqtriya yozuvi tillar tarixini o‘rganishda alohida ahamiyatga ega. Chunki u oromiy, paxlaviy yoki so‘g‘d yozuvlari kabi tizimlar bilan bog‘liq bo‘lmagan, balki yunon alifbosi asosida yaratilgan yagona yozuvlardan biri hisoblanadi. Bu esa Baqtriya madaniyatining o‘ziga xosligi va uning ellinistik dunyo bilan o‘zaro ta’sirini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda ushbu yozuv namunasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining muhim qismlaridan biri sifatida namoyish etilmoqda. Markazdagi “Islomdan avvalgi davr” bo‘limida Baqtriya yozuviga oid ma’lumotlar va uning namunasi joylashtirilgan. Bu ekspozitsiya orqali tashrif buyuruvchilar mintaqamizda islom dini kirib kelishidan avval ham yuksak madaniy va ilmiy an’analar mavjud bo‘lganini anglab yetadi.

Ayniqsa, ekspozitsiyada zamonaviy interaktiv texnologiyalardan foydalanilgani diqqatga sazovor. Katta ekran orqali Baqtriya yozuvi harflari va so‘zlari namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar ushbu ekranda Baqtriya alifbosini o‘z qo‘llari bilan yozib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa muzey ekspozitsiyasini yanada jonli va qiziqarli qilib, tarixiy merosni zamonaviy usulda anglash imkonini yaratadi.

Shu tariqa, Baqtriya yozuvi nafaqat qadimgi sivilizatsiyaning nodir yodgorligi, balki bugungi kunda ham tarixni anglash, madaniy merosni asrash va uni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Markaz ekspozitsiyasi esa ushbu boy meros zamonaviy usullar orqali namoyish etilib, tashrif buyuruvchilarni o‘tmish bilan bevosita tanishtirishga xizmat qilmoqda.

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.