Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Ozarbayjon delegatsiyasi: “Tarixni ana shunday muzeylar orqali taqdim etish zarur”

“Hatto ellikta kitob o‘qish orqali ham tarix haqida bunday tasavvur hosil qilish qiyin bo‘lishi mumkin. Tarixni ana shunday zamonaviy muzeylar orqali taqdim etish zarur.”

Ozarbayjon Respublikasi Hisob palatasi rahbari Vugar Gulmammadov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida aynan shu fikrni ta’kidladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Ozarbayjon Respublikasi Hisob palatasi rahbari Vugar Gulmammadov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, ushbu maskan nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyo miqyosida ham islom tarixi va sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan noyob ilmiy-ma’rifiy majmualardan biri ekanini qayd etishdi.

Delegatsiya vakillari, ayniqsa, qadimiy yozma manbalarga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarga alohida qiziqish bildirdi. Xususan, “Avesto” kitobi sahifalari, undagi duo parchalari va Avesto yozuvida bitilgan matnlar mehmonlarning e’tiborini tortdi. Buyuk Ipak yo‘li xaritasi ham delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otib, ko‘plab savollarga sabab bo‘ldi.

Delegatsiya vakillari Amir Temurning avatari bilan muloqot qilib, buyuk sarkarda hayoti va faoliyatiga oid savollariga virtual tarzda javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu interaktiv tajriba mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, Amir Temur davrida Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan Qur’on, temuriylar davrida qad rostlagan Oqsaroy majmuasi maketi hamda Markazdagi sensorli panellarda ozarbayjon tilining ham mavjudligi yuqori baholandi.

Tashrif davomida Ozarbayjon delegatsiyasi vakillari turizm masalasiga ham to‘xtalib, hozirda Ozarbayjonda sayyohlik yo‘nalishlari reklamasida O‘zbekiston keng targ‘ib qilinayotganini ta’kidlashdi. Ularning aytishicha, reklamalarda asosan Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar ko‘rsatiladi.

Delegatsiya vakillari ushbu ro‘yxatga Islom sivilizatsiyasi markazini ham kiritish zarurligini bildirib, bu O‘zbekiston turizm salohiyatini yanada kengroq namoyish etishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Vugar Gulmammadov, Ozarbayjon Respublikasi Hisob palatasi rahbari:

“Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu Markaz nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda ham o‘xshashi kam bo‘lgan, islom tarixiga bag‘ishlangan noyob ilmiy-ma’rifiy maskandir.

Markaz ekspozitsiyalari orqali inson o‘zining kelib chiqishi, tarixiy ildizlari, yashagan davri hamda o‘sha davrda yetishib chiqqan buyuk siyosiy va jamoat arboblar haqida juda batafsil tasavvurga ega bo‘lishi mumkin.

Ba’zan tarix haqida bunday keng tasavvurni hatto o‘nlab kitoblarni o‘qib ham hosil qilish qiyin. Tarixni aynan shunday maskanlarda, interaktiv va zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt yordamida namoyish etish juda samarali usuldir.

Bu esa tashrif buyuruvchilar uchun tarixni yanada tushunarli va qiziqarli qiladi. Chunki ayrim muzeylar odamni o‘ziga tortmaydi — “borib ko‘raymi yoki yo‘qmi?” degan savol tug‘iladi. Ammo bu Markaz butunlay boshqa darajadagi loyiha.

Odatda sayyohlar O‘zbekistonga kelganda Samarqand, Buxoro yoki Xivani ko‘rishni rejalashtiradi. Ammo mening fikrimcha, Toshkentga kelgan har bir inson ko‘rishi shart bo‘lgan muhim maskanlardan biri aynan shu Markazdir.

Bu maskan bolalar uchun ham, kattalar uchun ham juda qiziqarli va foydali. Yosh avlodni tarixga hurmat ruhida tarbiyalash aynan mana shunday zamonaviy va interaktiv usullar orqali amalga oshirilishi kerak.

Yana bir bor aytaman: hatto ellikta kitob o‘qish orqali ham bunday tasavvur hosil qilish qiyin bo‘lishi mumkin. Tarixni endilikda ana shunday muzeylar orqali, zamonaviy shaklda taqdim etish zarur.

Shu ulkan loyihani yaratgan barcha insonlarga rahmat aytaman. Ushbu g‘oya muallifi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga ham minnatdorlik bildiramiz.”

Tashrif yakunida Ozarbayjon Respublikasi Hisob palatasi delegatsiyasi markaz jamoasiga minnatdorlik bildirib, esdalik sovg‘asi sifatida Hisob palatasining ma’muriy binosi tasvirlangan suvenirni taqdim etdi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.