Germaniya, Finlandiya va Koreya texnologiyalari: markaz kutubxonasida yangi axborot muhiti xizmatga tayyor
Bugungi rivojlangan zamonamizni texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, ilm-fan va ta’lim maskanlarida raqamli platformalarning kengayib borayotgani bilim olish jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda. Xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining zamonaviy kutubxonasida ham ana shunday innovatsion imkoniyatlar yaratilgan.
Markaz kutubxonasda dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologik qurilmalar o‘rnatilib, axborot xizmatlari yangi bosqichga olib chiqildi.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, kutubxonaga Germaniya, Finlandiya, Italiya hamda Janubiy Koreya texnologiyalari asosida ishlab chiqarilgan 20 ga yaqin turli texnik qurilmalar olib kelingan. Ushbu qurilmalar kutubxona xizmatlarini zamonaviy shaklda tashkil etish hamda foydalanuvchilarga tezkor axborot olish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur texnik vositalar orasida Finlandiyaning “Hublet” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan planshet stansiyalari alohida e’tiborga molik. Bu qurilmalar orqali foydalanuvchilar planshetlarni vaqtincha olib, bir qator elektron resurslardan foydalanishi, markaz va ushbu kutubxona haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratilgan.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida ana shunday imkoniyat uchun to‘rtta stansiya o‘rnatilgan bo‘lib, har biri oltitagacha planshet bilan ta’minlangan. Qurilmalar Android operatsion tizimi asosida ishlaydi va ularning platformasi sodda hamda qulay bo‘lgani sababli kutubxona xodimlari zarur kontentni mustaqil ravishda joylashtirishi yoki yangilashi mumkin.
Shuningdek, planshetlarda foydalanish mumkin bo‘lgan ilovalar va internet sahifalari kutubxona ma’muriyati tomonidan nazorat qilinadi. Bu esa qurilmalardan maqsadli va xavfsiz foydalanishni ta’minlaydi.
Qurilmalar gigiyena va kiberxavfsizlik talablarini ham inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Planshetlar maxsus antibakterial qoplama bilan ta’minlangan bo‘lib, u 99,9 foiz bakteriyalardan himoya qilish xususiyatiga ega. Bundan tashqari, planshet stansiyaga qaytarilgach, undagi barcha foydalanuvchi ma’lumotlari avtomatik tarzda o‘chiriladi. Bu esa foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari saqlanib qolmasligini ta’minlaydi.
Sarvar Mamatqulov, “Smart Library” kompaniyasi loyiha menejeri:
Kitobxon qurilma oldiga kelib, planshetni olish tugmasini bosadi va stansiya avtomatik tarzda planshetni taqdim etadi. Hozirda qurilmadan ikki soat davomida foydalanish imkoniyati mavjud. Belgilangan vaqt tugagach, planshet bloklanadi va uni stansiyaga qaytarish talab etiladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday texnologiyalarning joriy etilishi kutubxonalarda zamonaviy axborot xizmatlarini rivojlantirish hamda foydalanuvchilar uchun qulay muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu orqali O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi an’anaviy mutolaa bilan bir qatorda zamonaviy axborot imkoniyatlarini ham taqdim etuvchi bilim maskani hisoblanadi.
Go‘zal Beknazarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


