

Yangiliklar
“Buyuk siymolar galereyasi” – tarixiy haqiqatni ifodalaydi
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy maqsadlaridan biri — xalqimizning uch ming yillik boy tarixini, uning bunyodkorlik salohiyatini, jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini hamda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan madaniy-ma’rifiy merosni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishdan iborat.
Qariyb to‘qqiz yil davom etgan izchil mehnat va keng ko‘lamli qurilish ishlari natijasida bu ulkan majmua barpo etildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining mahobati, keng hududi va mazmun-mundarijasiga ko‘ra islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyasini o‘rganish va targ‘ib etishga bag‘ishlangan dunyodagi eng yirik ilmiy-ma’rifiy majmualardan biri hisoblanadi.
Markaz kirish qismida joylashgan “Buyuk siymolar galereyasi”ga o‘zbek hunarmandchiligi an’analari asosida yaratilgan uchta – bitta katta va ikkita o‘rta o‘lchamdagi eshik orqali kiriladi. Ushbu eshiklar milliy naqqoshlik va yog‘och o‘ymakorligi an’analarini mujassam etgan holda binoning umumiy me’moriy qiyofasiga uyg‘un tarzda ishlangan.
Foyening perimetri bo‘ylab joylashgan 14 ta yarim oval ravoq Markaziy Osiyo tarixining eng muhim bosqichlarini badiiy ifodalovchi rangtasvir kompozitsiyalari bilan bezatilgan. Ushbu asarlarda yurtimizning boy o‘tmishi, buyuk allomalar va tarixiy shaxslarning hayoti hamda faoliyati tasvirlangan. Freskalar 110 xil rangdagi mikromozaika toshlari yordamida yaratilgan bo‘lib, har bir kichik bo‘lak qo‘l mehnati bilan terilgan. Mazkur murakkab san’at asarlari xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Ravoqlarda Birinchi va Ikkinchi Renessans davri manzaralari hamda Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulug‘bek Mirzo, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va jadid ma’rifatparvarlari kabi ulug‘ siymolarning timsollari aks etgan.
Ravoqlardan birida islom dinining Markaziy Osiyoga kirib kelishi natijasida yuzaga kelgan tub tarixiy va madaniy o‘zgarishlar umumlashtirilgan badiiy talqinda tasvirlangan. Islom ta’limotining ilm-ma’rifatga da’vati, tinchlik va totuvlikni ulug‘lashi, inson qadrini yuksaltirishi hamda bunyodkorlik g‘oyalarini targ‘ib etishi o‘lka tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Aynan shu davrda masjidlar huzurida tashkil etilgan maktablar keyinchalik rivojlanib, mukammal ta’lim tizimiga aylandi. Boshlang‘ich va o‘rta ta’lim maskanlari bo‘lgan maktablar, oliy ta’lim vazifasini bajargan madrasalar hamda yirik olimlar atrofida shakllangan ilmiy markazlar Movarounnahrni ilm-fan markaziga aylantirdi.
Arab manbalarida “Movarounnahr” — “daryo ortidagi o‘lka” deb nom olgan bu hudud qisqa vaqt ichida islom ilmlarining yetakchi markazlaridan biriga aylandi. Abu Hafs Kabir, Abdurahmon Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi yuzlab ulamolar hadis, tafsir, kalom va fiqh ilmlarini yuksak darajaga ko‘tardilar. Ilmiy doiralarda tez-tez tilga olinadigan “Islom ta’limotining daraxti Arabistonda ekilgan bo‘lsa, uning mevasi Movarounnahrda pishgan” degan ibora aynan shu tarixiy haqiqatni ifodalaydi.
Bu davrda Movarounnahrda nafaqat diniy, balki aniq va tabiiy hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar ham mislsiz ravishda rivojlandi. Matematika, astronomiya, tibbiyot, ma’danshunoslik, geografiya, falsafa, tarixnavislik va adabiyot sohalarida olamshumul ilmiy yutuqlarga erishildi. Muhammad Xorazmiyning o‘nlik pozitsion hisoblash tizimini takomillashtirishi va nolь raqamini matematikaga kiritishi matematika tarixida inqilobiy burilish yasadi. Ahmad Farg‘oniy yaratgan “Astronomiya asoslari” asari esa asrlar davomida Yevropa ilmiy muassasalarida asosiy qo‘llanma sifatida xizmat qildi. Ibn Sinoning “Tib qonuni” asari tibbiyot ilmini tizimli nazariya asosiga qo‘yib, ilmiy tibbiyot davrini boshlab berdi. Abu Rayhon Beruniyning kashfiyotlari esa astronomiya, geodeziya, farmakognoziya va geografiya kabi fanlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shdi.
Islom sivilizatsiyasining kirib kelishi me’morchilik taraqqiyotiga ham kuchli turtki berdi. Milliy me’morchilikda yangi shakl va bezaklar paydo bo‘ldi: moviy gumbazlar bilan bezatilgan masjidlar, ulug‘vor minoralar, shahar markazlarini bezagan madrasalar, mashhur ulamolar va davlat arboblari dafn etilgan mahobatli maqbaralar bunyod etildi.
Zohidulla Munavvarov, Markaz bosh ilmiy xodimi:
– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy kirish foyesi o‘ziga xos alohida bir muzeyni eslatadi. Bu yerda musulmon ilm-fani tarixidagi ikki muhim yo‘nalish — islomiy ilmlar hamda aniq va tabiiy fanlarning yuksak rivojlanganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi tarixiy shaxslar faoliyatini ifodalovchi kompozitsiyalar ham namoyish etilgan.
Mazkur kompozitsiyalar g‘oyalarini ishlab chiqish jarayonida O‘zbekistondan mingdan ortiq, xorijdan esa 600 dan ziyod olimlar — musulmon dunyosi va G‘arb ilmiy jamoatchiligi vakillari ishtirok etgan. Bu ishlar ustida uch yildan ortiq vaqt davomida izchil mehnat qilingan.
“Buyuk siymolar galereyasi”dagi ushbu badiiy kompozitsiya islomning yurtimizga kirib kelishi natijasida yuzaga kelgan ilmiy va madaniy yuksalish jarayonini ramziy va badiiy talqinda aks ettiradi. U Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixida Movarounnahrning tutgan o‘rni va uning jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini yodga soluvchi yorqin ifodadir.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.