

Yangiliklar
“Feruza ranglar, muqaddas kalimalar va yulduzlar: Samarqand portali qanday sirlarni yashiradi?” / fotoreportaj
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi – bu oddiy muzey emas. Bu markaz fan, madaniyat va ta’limning xalqaro darajadagi markazi sifatida faoliyat yuritadi, O‘zbekistonning boy madaniy merosini zamonaviy texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlar bilan birlashtiradi.
Markaz tashrif buyuruvchilarini to‘rtta noyob portal kutadi: Samarqand(Ulug‘bek), Xorazm, Buxoro va Qo‘qon portallari. Har biri o‘ziga xos dizayn, rang va ma’no orqali tarix, ilm-fan va ma’naviyat hikoyasini ochib beradi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining sharqiy kirish qismi — Samarqand(Ulug‘bek) portali. Milliy me’morchilik an’analari asosida barpo etilgan ushbu inshootda har bir bezak, har bir chiziq chuqur ma’no va nozik badiiy tafakkurni ifoda etadi.
Bosh portalning ikki tomonida beshtadan — jami 10 ta ravoq joylashgan. Yon tomonlardagi kvadrat shakldagi minoralar esa uning salobati va me’moriy muvozanatini yanada kuchaytiradi. Balandligi 37,7 metr, eni 33,7 metr bo‘lgan portal majmuaning eng ta’sirli kirish nuqtalaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi.
Uning badiiy ilhomi XV asrda Samarqandda barpo etilgan Ulug‘bek madrasasi portaliga borib taqaladi. Simmetrik tuzilish uyg‘unlik va tartib ramzi bo‘lsa, Samarqand naqqoshlik maktabi an’analarida ishlangan feruza koshinlar geometrik, o‘simliksimon va epigrafik naqshlar bilan boyitilgan.
Portaldagi ranglar ham ramziy ma’no kasb etadi: feruza — osmon va tinchlik timsoli, och kulrang esa ona zamin va kamtarlikni anglatadi. Portalning yuqori qismida Mirzo Ulug‘bekning astronomik merosini yodga soluvchi metagalaktika shaklidagi geometrik kompozitsiya aks etgan. Bu yerda me’morlik, ilm va koinot tasavvuri yagona badiiy g‘oyaga birlashgan.
Samarqand(Ulug‘bek) portalining chap va o‘ng tomonida beshtadan — jami 10 ta ravoq joylashgan. Har biri geometrik, o‘simliksimon va epigrafik naqshlar bilan bezatilgan. Beshta ravoq islomning besh ustuni — imon, namoz, ro‘za, zakot va hajni anglatadi. O‘n raqami esa tasavvufdagi ma’naviy kamolot bosqichlariga ishora qiladi. Ravoqlar tepasida uchtadan ravoqli deraza va kitobalar joylashgan bo‘lib, ularda Allohning 99 ismi bezakli xatlarda bitilgan.
Portal devorlari va peshtoqlarida kufiy va suls uslubida bitilgan epigrafik yozuvlar alohida e’tiborni tortadi. Jumladan, kufiy-banoiy xattotlik uslubida quyidagi hadis keltirilgan:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: طلب العلم فريضة على كل مسلم
«Ilm talab qilish har bir musulmon uchun farz» (Ibn Moja rivoyati).
Bu hadis portal g‘oyasini ochadi: insonni zulmatdan yorug‘likka olib chiqadigan kuch — ilmdir.
Portal peshtoqlarida Qur’oni karim oyatlari ham joylashgan. Masalan:
﴿وَهُوَ الَّذي جَعَلَ لَكُمُ النُّجومَ لِتَهتَدوا بِها في ظُلُماتِ البَرِّ وَالبَحرِ﴾
«U sizlar uchun quruqlik va dengiz qorong‘uliklarida yo‘l topishingiz uchun yulduzlarni yaratgan zotdir» («An’om» surasi, 97-oyat).
Shuningdek:
﴿اللَّهُ لا إِلهَ إِلّا هُوَ لَهُ الأَسماءُ الحُسنى﴾
«Alloh — Undan boshqa iloh yo‘q. Eng go‘zal ismlar Unikidir» («Toha» surasi, 8-oyat).
Portal burchaklarida kufiy-banoiy xattotlik uslubida bitilgan Alloh va Muhammad (s.a.v.) muborak ismlari butun me’moriy kompozitsiyaga ulug‘vorlik va ma’naviy mazmun bag‘ishlab turadi.
Samarqand(Ulug‘bek) portali — bu shunchaki me’moriy kirish eshigi emas. U ilm, ma’rifat va ma’naviyat uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan ramziy makondir. Portal bezaklaridagi geometrik naqshlar, epigrafik yozuvlar va Qur’on oyatlari bir-biri bilan uyg‘unlashib, islom sivilizatsiyasining ilmga, go‘zallikka va tartibga bo‘lgan yuksak munosabatini namoyon etadi.
Bu yerda me’morchilik san’ati Mirzo Ulug‘bekning astronomik merosi, islom ma’naviyati va milliy naqqoshlik an’analari bilan bir nuqtada tutashadi. Shu jihatdan Samarqand(Ulug‘bek) portali O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining nafaqat me’moriy, balki g‘oyaviy va ma’rifiy ramzlaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.