Vengriya universiteti ilmiy hamkorlikni taklif qilmoqda
Vengriyaning Lyudovika davlat xizmati universiteti rektori Gergeli Deli boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlar markaz zallarini sinchiklab ko‘zdan kechirar ekan, har bir bo‘limda taqdim etilgan tarixiy meros va zamonaviy ekspozitsiya yechimlariga alohida e’tibor qaratdilar.
Delegatsiya a’zolarida “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasidagi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” eng kuchli taassurot qoldirdi. Unda Baqtriya, Xorazm, Sug‘d, Choch va Farg‘ona kabi qadimgi sivilizatsiyalar, shuningdek, Buyuk ipak yo‘li orqali shakllangan savdo va madaniy aloqalar barelef kompozitsiyalar orqali tasvirlangan. Mehmonlar ushbu ekspozitsiya orqali mintaqaning ko‘p asrlik tarixi va sivilizatsion rivojlanish bosqichlari ta’sirchan tarzda namoyon etilganini alohida qayd etdilar.
“Birinchi Renessans”ga bag‘ishlangan bo‘lim ham delegatsiya e’tiboridan chetda qolmadi. Ayniqsa, XII asrga mansub shaxmat donalari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularning noyob shakli va tarixi Markaziy Osiyoda ilmiy va madaniy taraqqiyot qanchalik yuksak bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib berishi ta’kidlandi.
Buxorodagi IX–X asrlarga oid Mag‘oki Attor masjidi me’morchiligi haqidagi ma’lumotlar ham delegatsiya a’zolari e’tiborini tortdi. Xususan, masjiddagi ikki gumbazli akustik tizimning o‘sha davr me’morlari tomonidan qanday mukammal o‘ylab topilgani mehmonlarda hayrat uyg‘otdi.
Temuriylar davriga bag‘ishlangan “Ikkinchi Renessans” ekspozitsiyasining me’moriy bezaklari va san’at namunasi, xususan, Samarqanddagi ulkan gumbazlar bezaklari va ularning nafis ishlanishi delegatsiya vakillarida chuqur taassurot qoldirdi. Ular bunday mukammal san’at namunalari o‘sha davrdayoq yaratilganiga qoyil qolganliklarini ta’kidladilar.
Muzeyda qo‘llanilgan zamonaviy interaktiv texnologiyalar ham delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, tarixiy shaxslar avatarlari bilan muloqot qilish imkoniyati mehmonlar uchun kutilmagan va juda qiziqarli tajriba bo‘ldi. Ular Mirzo Ulug‘bek avatari bilan savol-javob qilib ko‘rib, bunday innovatsion yechimlar tarixni yanada jonli va ta’sirchan tarzda taqdim etishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Gergeli Deli, Vengriyaning Lyudovika davlat xizmati universiteti rektori:
Rostini aytsam, bu men hayotimda ko‘rgan eng go‘zal muzeylardan biri. U juda innovatsion va zamonaviy. Ilk fikrim shu bo‘ldi: albatta bolalarimni bu yerga olib kelishim kerak, ular buni ko‘rishlari shart. Muzey interaktivligi va zamonaviy yechimlari bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, u ushbu mintaqa va O‘zbekiston tarixi haqida juda boy ma’lumot beradi.
Men islomdan oldingi va islom davrini ajratib ko‘rsatishda qiynaldim, chunki har ikkisi ham juda ta’sirli. Biroq shaxmat va shaxmat donasiga bag‘ishlangan qism menda ayniqsa katta taassurot qoldirdi.
Agar taqqoslaydigan bo‘lsam, avval Varshavadagi muzey yodimga tushadi. U yerda Polьshada yashagan yahudiylar tarixi haqida zamonaviy va innovatsion muzey bor. Ammo bu yerdagidek turli g‘oyalar va usullar u yerda kamroq. Bu markazda esa ko‘plab yangi yechimlar, interaktiv o‘yinlar va g‘oyalar jamlangan.
Yana bir misol — Londondagi muzeylar. Ular ham juda ta’sirli. Ammo Britaniya muzeyi ancha an’anaviy uslubda. Ya’ni eksponat bilan tashrif buyuruvchi o‘rtasida muayyan masofa saqlanadi. Bu yerda esa aksincha: eksponatlarga tegish, ziravorlar hidini his qilish, musiqani tinglash mumkin. Shuning uchun bu muzey tashrif buyuruvchiga juda yaqin va insoniy muhit yaratadi.
Menimcha, yosh avlod uchun vizual yechimlar juda muhim. Filьmlar, animatsiyalar, sun’iy intellekt orqali yaratilgan obrazlar ularni o‘ziga jalb qiladi. Chunki ular vizual madaniyat davrida yashamoqda. Shu bois bu yerda ko‘plab video va vizual materiallar joylashtirilgani juda to‘g‘ri qaror.
Yoshlar uchun eng zarur narsa — aniq yo‘nalish, aniq g‘oya va hayotdagi missiyani anglashdir. Menimcha, bu markazga tashrif buyurish orqali ular o‘z yo‘llarini topishlari va hayotdagi maqsadlarini belgilashlari uchun ilhom olishlari mumkin.
Liliana Smix, Vengriyaning Lyudovika davlat xizmati universiteti xalqaro munosabatlar bo‘yicha bosh direktori:
Ishonchim komilki, bu markaz dunyoning turli burchaklaridan ko‘plab mehmonlarni jalb qiladi. Menimcha, u nafaqat yosh tadqiqotchilar, balki ushbu mintaqani o‘rganayotgan barcha olimlar uchun ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bizning universitetimiz uchun ham bu markaz katta qiziqish uyg‘otadi.
Yaqinda universitetimizda Turk tadqiqotlari markazi tashkil etildi. Shu bois, sizlarning markazingizni targ‘ib qilish va kelajakda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan mamnun bo‘lamiz, deb o‘ylayman.
Bu yerga, avvalo, yangi bilim olish uchun kelishadi. Chunki bu mintaqa juda boy va muhim tarixga ega. Shu bilan birga, Toshkent kabi go‘zal shaharda O‘zbekistonning madaniyati va dinini ko‘rish va his qilish imkoniyatiga ega bo‘lish ham bu tashrifning alohida ahamiyatini oshiradi.


