Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Bernama TV: "O‘zbekiston malayziyaliklarni Islom sivilizatsiyasi markazi orqali Markaziy Osiyo tarixini o‘rganishga taklif qilmoqda"

Malayziyaning Bernama axborot agentligida e’lon qilingan materialda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Markaziy Osiyoning boy tarixi va islom sivilizatsiyasi rivojini namoyon etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida yoritildi. Maqolada markaz muzey, tadqiqot laboratoriyalari va yirik kutubxonalarni o‘z ichiga olgan zamonaviy majmua ekani, u mintaqaning ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro madaniy-akademik hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Toshkent (O‘zbekiston), 13 mart (Bernama) — O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi malayziyaliklarni Markaziy Osiyoning boy tarixini o‘rganishga hamda mintaqadagi islomiy va insoniy sivilizatsiya rivojining muhim ramzi hisoblangan mazkur markaz faoliyati bilan yaqindan tanishishga taklif qildi.

Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborovning aytishicha, mazkur markaz keng qamrovli madaniy loyiha bo‘lib, unda muzey, konferensiya zallari, tadqiqot laboratoriyalari va kutubxona kabi zamonaviy obyektlar joylashgan. Ularning barchasi O‘zbekistonning madaniy merosi, ilmiy bilimlari va tarixini saqlashga qaratilgan.

«Bu obyektlar markazni muhim akademik va madaniy maydonga aylantirib, sivilizatsiya rivojini, shuningdek, ushbu mintaqada islom ilmi va madaniyatining o‘rnini namoyon etadi», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, Anvar Ibrohim ham 2024-yilda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mazkur markazga katta qiziqish bildirgan. Bu esa ikki davlat o‘rtasida, ayniqsa islom sivilizatsiyasi, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.

Jabborov bu haqda Bernama axborot agentligiga bergan eksklyuziv intervьyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, markazda ikkita zamonaviy kutubxona mavjud bo‘lib, ulardan biri Markaziy Osiyodagi eng yirik kutubxonalardan biri hisoblanadi. Bu yerda 1000 dan ortiq bosma kitob va bir milliondan ziyod elektron kitob jamlangan. Shuningdek, dunyodagi bir nechta yirik kutubxonalar bilan hamkorlik tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan.

Markazning asosiy muzeyi beshta muhim bo‘limdan iborat bo‘lib, ularda O‘zbekiston hududida sivilizatsiya rivoji islomdan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan bosqichlarda namoyish etilgan.

Jabborovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston, bir vaqtlar madaniy jihatdan boy va turfa sivilizatsiya markazi bo‘lgan hamda fan, astronomiya va san’at sohalarida ulkan yutuqlarga guvoh bo‘lgan.

Uning qayd etishicha, VIII asrda islom dini mintaqada tarqalgandan so‘ng O‘zbekiston ilm-fan markaziga aylandi va bu yerdan ko‘plab mashhur islom ulamolari yetishib chiqdi. Jumladan, Imam al-Buxoriy, Imam at-Termiziy, Abu Rayhon Beruniy va Imam Moturidiy kabi allomalar shular jumlasidandir.

Bu buyuk shaxslar Markaziy Osiyodan, ayniqsa bugungi O‘zbekiston hududidan yetishib chiqib, ilm-fan va islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan.

Jabborovning aytishicha, XIV asrda Amir Temur hukmronligi davrida mintaqa sivilizatsiyasi yanada yuksalib, mog‘ullar bosqinidan keyin vayron bo‘lgan intellektual va madaniy hayot qayta tiklangan. Bu esa Markaziy Osiyoda Temuriylar Renessansi boshlanishiga turtki bergan.

Uning ta’kidlashicha, aynan shu davrda mintaqa Eron, Turkiya va Xitoyga yaqin hududlardan kelgan savdogarlar hamda elchilar uchun muhim chorrahaga aylangan. Temuriylar davlati ta’siri esa bir necha asr davomida Hind subqit’asigacha yetib borgan.

Temuriylar davridan keyin Shayboniylar sulolasi va Ashtarxoniylar sulolasi kabi bir qator sulolalar ham mintaqada sivilizatsiya rivojiga muhim hissa qo‘shgan.

Jabborovning qo‘shimcha qilishicha, Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2017-yildan buyon O‘zbekistonda iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim, san’at va sport sohalarida mamlakatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.