Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Mintaqaviy hamkorlik uchun muhim maydon

Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Xayriddin Usmonzoda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmon Markaz ekspozitsiya zallarini to‘liq ko‘zdan kechirib, yurtimiz hududida shakllangan boy tarixiy va madaniy meros namunalari bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon avvalo Markazning asosiy kirish qismi — foye intereri bilan tanishdi. Bu yerda joylashgan 14 ta yirik ravoqdan iborat me’moriy yechim mehmonning alohida e’tiborini tortdi. Foye o‘ziga xos shon-sharaf yo‘lagi sifatida shakllantirilgan bo‘lib, ravoqlar uchun ishlangan mahobatli rangtasvir asarlarida islom dini O‘zbekiston hududiga kirib kelganidan keyin yuz bergan ulkan tarixiy o‘zgarishlar hamda xalq taqdirida muhim o‘rin tutgan tarixiy voqealar qahramonlari aks ettirilgan. Asarlar foyening o‘ng tarafidan boshlanib, mavzuviy-xronologik tartibda joylashtirilgan.

Shundan so‘ng mehmon Markaz ekspozitsiyasining Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limi bilan tanishdi. Ushbu bo‘limda Markaziy Osiyo hududida qadim zamonlardan shakllangan sivilizatsiyalarning arxeologik va madaniy merosi, turli davrlarga oid noyob artefaktlar namoyish etilgan. Xususan, “Sivilizatsiya va kashfiyotlar devori”da qo‘llanilgan interaktiv yondashuv mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda tashrif buyuruvchilar zamonaviy texnologiyalar yordamida insoniyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan kashfiyotlar va sivilizatsion jarayonlar bilan tanishish imkoniyatiga ega.

Tashrif davomida Xayriddin Usmonzoda Markazda namoyishga qo‘yilgan islom sivilizatsiyasining rivoji, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat sohalarida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy merosi, qo‘lyozmalar, nodir kitoblar hamda turli davrlarga oid madaniy yodgorliklar haqida batafsil ma’lumot oldi. Shuningdek, zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari, interaktiv ekranlar va raqamli namoyish vositalari orqali tarixiy ma’lumotlarni taqdim etish usullari mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Xayriddin Usmonzodaning ta’kidlashicha, mazkur majmua boy tarixiy merosni namoyon etuvchi noyob maskan bo‘lib, unda zamonaviy ilmiy yondashuv va tarixiy merosga ehtirom uyg‘unlashgan.

— Rostdan ham bu bino juda boy tarixiy xazinani o‘zida jamlagan noyob maskandir. Unda zamonaviy tarixshunoslik mahorati hamda tarixiy merosga bo‘lgan ehtirom uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin. Ko‘p hollarda tarixga munosabat bildirilganda, uni faqat o‘tmishga nazar tashlash, deb tushunishadi. Ammo aslida inson o‘z o‘tmishiga nazar solar ekan, bu unga kelajak yo‘lini ravshanroq ko‘rishga yordam beradi. Shu bilan birga, inson yashab turgan hozirgi zamoniga ham chuqurroq ma’no baxsh etadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur muhtasham binoda tarixiy merosning mazmun-mohiyatini ochib berishda zamonaviy va jozibador san’at yechimlari qo‘llanilganini kuzatish mumkin. Bunda bugungi kun texnologiyalari insonni tarixni yanada chuqurroq anglashga yaqinlashtirayotgani yaqqol namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham Markaziy Osiyoda ana shunday yirik va boy tarixiy merosni o‘zida jamlagan muzey majmuasini barpo etgan o‘zbek mutaxassislarining yuksak mahorati va san’ati uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Men to‘liq ishonch bilan ayta olamanki, bu maskan bugungi yosh avlodga tarixdan qanday saboq olish mumkinligini ko‘rsatib beradi. Chunki ko‘p hollarda yoshlar va ularning tarixga munosabati haqida so‘z borganda, ba’zan ularning tarixga befarq ekani aytiladi. Ammo agar tarix va tarixiy meros mana shunday zamonaviy texnologiyalar orqali yoshlarga taqdim etilsa, menimcha, ularning tarixga bo‘lgan qiziqishi va munosabati tubdan o‘zgarishi mumkin. Buni aynan shu muzeyda muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ko‘rish mumkin, — dedi Xayriddin Usmonzoda.

Tashrif davomida Markazning xalqaro ahamiyati haqida ham fikr bildirildi. Xayriddin Usmonzodaning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati va sivilizatsiyasi turli xalqlar va madaniyatlar o‘zaro ta’siri natijasida shakllangan. Shu bois mazkur markaz umumiy tarixiy merosni namoyon etuvchi muhim ilmiy va madaniy maydon hisoblanadi.

U, shuningdek, Tojikiston Respublikasi Prezidenti, millat peshvosi Emomali Rahmon ham ushbu markazga tashrif buyurganini eslatib, Markazning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga berilgan yuqori baho juda o‘rinli ekanini ta’kidladi.

Tashrif yakunida Xayriddin Usmonzoda Tojikiston fuqarolarini ham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy tarixi va madaniy merosi bilan yaqindan tanishishga chaqirdi.

Bunday tashriflar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni mustahkamlash, xalqlarimizning umumiy tarixi va madaniy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.