Oltin va kumush bilan yozilgan “Moviy Qur’on” sahifasi Toshkentda!
Indigo rangga bo‘yalgan sahifa, oltin va kumush bilan yozilgan oyatlar va geometrik kufiy xat — bularning barchasi islom san’ati tarixidagi eng sirli qo‘lyozmalardan biri bo‘lgan “Moviy Qur’on”ga xosdir. Bugun ushbu nodir qo‘lyozmaning sahifalaridan biri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi “114 Qur’on” loyihasi doirasida namoyish etilishga tayyor va tashrif buyuruvchilarga islom kalligrafiyasi va kitobat madaniyatining yuksak an’analari bilan tanishish imkonini berishi shubhasiz.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida joylashgan Qur’oni Karim zali islom dunyosida yaratilgan noyob Qur’on qo‘lyozmalari va ularning badiiy xususiyatlarini namoyish etuvchi muhim ekspozitsiyalardan biri hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markazda amalga oshirilayotgan “114 Qur’on” loyihasi doirasida turli davr va hududlarda yaratilgan Qur’on nusxalari jamlangan bo‘lib, ular orqali islom sivilizatsiyasida kitobat madaniyati, xattotlik va bezak san’atining taraqqiyot bosqichlari namoyon etiladi. Ana shu noyob namunalar qatorida jahon islom san’atida alohida o‘ringa ega bo‘lgan Moviy Qur’on (Blue Qurʾān) sahifasi ham namoyish etilmoqda.
Moviy Qur’on islom san’ati tarixida eng nodir va badiiy jihatdan yuksak qo‘lyozmalardan biri sifatida e’tirof etiladi. U nafaqat Qur’on kitobat san’atining noyob namunasi, balki o‘sha davrdagi madaniy muhit, estetik qarashlar va diniy ehtiromni o‘zida mujassam etgan muhim tarixiy yodgorlikdir.
Markaz ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan ushbu sahifa “Oli Imron” surasining 7–10 va 11–13 oyatlari joy olgan parchadan iborat. U VIII asr oxiri – IX asr o‘rtalariga mansub bo‘lib, tadqiqotchilar uning yaratilish joyi sifatida Tunisning Qayruvon shahri yoki Umaviylar davri Ispaniyadagi Qurdovani ko‘rsatadilar. Bu holat o‘sha davrda islom madaniyati va kitobat san’ati keng hududlarda — Shimoliy Afrikadan to Andalusgacha bo‘lgan mintaqada rivojlanganini ko‘rsatadi.
Qo‘lyozma kufiy xatda bitilgan bo‘lib, uni ko‘chirgan xattot haqida aniq ma’lumot saqlanmagan. Bugungi kunda ushbu nodir sahifa nusxasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda.
Moviy Qur’onning eng diqqatga sazovor xususiyati — uning indigo rangga bo‘yalgan pergament sahifalaridir. Indigo — tabiiy o‘simliklardan olinadigan chuqur, to‘q moviy rang bo‘lib, qadimdan mato va pergamentlarni bo‘yashda ishlatilgan. Bu rangni tayyorlash jarayoni murakkab va qimmat bo‘lgani sababli, u oddiy qo‘lyozmalarda emas, balki hashamatli va nufuzli asarlarda qo‘llanilgan. Shuning uchun indigo rangli sahifalar o‘sha davrdagi boylik, hashamat va yuksak san’at darajasini ifoda etgan. Moviy Qur’onda aynan shu chuqur moviy fon ustiga yozilgan matn qo‘lyozmaga o‘ziga xos ta’sirchan ko‘rinish baxsh etadi.
Sahifadagi matn oltin va kumush harflar bilan yozilgan. Chuqur indigo fon ustida yaltirab turgan oltin harflar Qur’on kalomining muqaddasligini yanada yorqin ifoda etadi. Bu badiiy uslub nafaqat estetik go‘zallik, balki Qur’on matniga bo‘lgan chuqur ehtirom va hurmatni ham namoyon etadi. Ayrim joylarda matn oralarini ajratish uchun kumushdan ishlangan belgilar yoki chiziqlar qo‘llangan. Asrlar davomida bu kumush elementlar tabiiy ravishda oksidlanib, sahifalarda o‘ziga xos tarixiy izlar qoldirgan,– dedi Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov.
Qo‘lyozma kufiy yozuv uslubida bitilgan. Kufiy xat o‘zining geometrik shakllari, o‘tkir burchaklari va aniq tartibga solingan qatorlari bilan ajralib turadi. Bu uslub islom kalligrafiyasining eng qadimiy yozuv turlaridan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda Moviy Qur’on sahifalari dunyoning turli muzeylari va xususiy kolleksiyalarida saqlanmoqda. Ularning bir qismi esa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi Qur’oni Karim zalidagi “114 Qur’on” loyihasi doirasida namoyish etilmoqda. Markaz ekspozitsiyasida ushbu sahifaning namoyish etilishi tashrif buyuruvchilarga islom kitobat san’atining yuksak badiiy an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


