

Yangiliklar
Amir Temurning 690 yilligi doirasida yangi kitoblar Markaz kutubxonasiga taqdim etildi
Amir Temur merosini yanada chuqur o‘rganish uchun yangi imkoniyat yaratildi. Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasiga temuriylar tarixi va buyuk sarkarda hayotiga bag‘ishlangan qator kitoblar hadya qilindi. Ushbu adabiyotlar Markaz fondini boyitish bilan birga tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy manbaga aylanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, yangi kitoblar nashr etish, temuriylar davriga oid manbalarni o‘rganish hamda ularni keng jamoatchilikka taqdim etish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayon doirasida Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, professor Muhammad Ali tomonidan Markaz kutubxonasiga Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kitoblar to‘plami hamda buyuk sarkarda siymosini aks ettiruvchi Amir Temur byusti hadya qilindi. To‘plamdan Amir Temurning davlat boshqaruvi, harbiy san’ati, temuriylar davri madaniyati va tarixiy merosiga bag‘ishlangan ilmiy hamda tarixiy asarlar alohida o‘rin egallaydi.
Shuningdek, Amir Temurga bag‘ishlangan ko‘rgazma uchun kitoblarni saralash jarayonida Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi Muhammad Ali hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva ishtirok etib, o‘z maslahat va tavsiyalarini berdilar.
Hadya qilingan kitoblar Markaz kutubxonasi fondini yanada boyitib, temuriylar davri tarixini o‘rganishga qiziquvchi kitobxonlar, talabalar va tadqiqotchilar uchun qimmatli ilmiy ahamiyatga ega.
Muhammad Ali, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, professor:
— Markaz juda mahobatli va zamonaviy, kutubxonasi esa ilmiy izlanuvchilar uchun muhim bilim maskani bo‘lib xizmat qiladi. Biz Amir Temur va temuriylar davriga oid eng ishonchli manbalar asosida, ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida yaratilgan bir qator adabiyotlarni kutubxona fondiga hadya qildik. Kelgusida ham kutubxona fondi va ekspozitsiyani yanada boyitish borasida hamkorlik qilishga tayyormiz.
Shu bilan birga, Amir Temur byusti Markaz kutubxonasida sohibqiron merosiga bag‘ishlangan asarlar jamlangan maxsus javonning yuqori qismiga o‘rnatildi. Bu ekspozitsiyaning badiiy ko‘rinishi va mazmunini yanada to‘ldirdi.
Mazkur javon yonida o‘rnatilgan interaktiv ekran orqali Amir Temur tavalludining 690 yilligini nishonlash bo‘yicha qabul qilingan Prezident qarori haqidagi ma’lumotlar ham joylashtirilgan. Bu imkoniyat kitobxonlarga nafaqat Amir Temur haqidagi adabiyotlar bilan tanishish, balki yubiley doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy va madaniy tadbirlar haqida ham yanada kengroq ma’lumot olish imkonini beradi.
Markazning Kutubxona va arxiv hujjatlari bo‘limi boshlig‘i Ravshan Qodirov ushbu adabiyotlar Markaz fondi uchun muhim ilmiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
— “Bugungi kunda Amir Temur va temuriylar davri tarixini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Xalqaro Amir Temur jamoat fondi tomonidan hadya qilingan ushbu adabiyotlar Markaz kutubxonasi fondini yanada boyitadi. Eng muhimi, bu kitoblar Markazimizga kelayotgan kitobxonlar, talabalar va tadqiqotchilar uchun Amir Temur shaxsiyati, uning davlat boshqaruvi, harbiy san’ati hamda tarixiy merosi haqida yanada chuqurroq tasavvur hosil qilishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, temuriylar davriga oid yangi adabiyotlar va ilmiy manbalarning kutubxona fondiga qo‘shilishi Markaz kutubxonasining ilmiy bazasini boyitib, temurshunoslik yo‘nalishidagi tadqiqotlarni yanada rivojlantirish uchun qimmatli manba vazifasini o‘taydi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.