Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

MTRK «MIR» O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film premerasini uning ochilish kuni namoyish qildi


Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish kunida, «Mir 24» telekanali efirida O‘zbekistonning zamonaviy davrdagi eng yirik madaniy-ilmiy loyihalaridan biriga bag‘ishlangan maxsus hujjatli film premerasi bo‘lib o‘tdi.

Film muxbiri jurnalist Vitaliy Nikulin bo‘lib, u o‘z reportajida nafaqat yangi Markazning ulkan ko‘lamini namoyish etdi, balki tomoshabinlarga mintaqaning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy missiyasiga chuqur nazar tashlash imkonini ham taqdim etdi.

Film vaqt bo‘ylab sayohat tarzida qurilgan — Markaziy Osiyoning eng qadimgi madaniyatlaridan boshlab islom Renessansi davrigacha va bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda faol ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans konsepsiyasigacha bo‘lgan yo‘lni qamrab oladi.

Boy vizual kadrlar, Markaz intererida olingan tasvirlar, noyob artefaktlar, zamonaviy multimedia installyasiyalari va xalqaro ekspertlar bilan intervyular orqali tomoshabinga mintaqaning ilmiy va ma’naviy taraqqiyoti uzluksiz jarayon sifatida islomdan oldingi davrdan tortib islom Renessansi va bugungi Uchinchi Renessans g‘oyasigacha namoyon qilinadi.

Kadrlarda Vitaliy Nikulin shunday deydi:

“Bu yerda, Markaziy Osiyoning qoq yuragida, butun jahon ilmi rivojiga ta’sir ko‘rsatgan bilimlar shakllangan. Bugun esa O‘zbekiston yana bir bor intellektual markaz sifatida o‘zini namoyon etmoqda”.

Filmda Islom sivilizatsiyasi markazining me’moriy qiyofasi va konsepsiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu ulkan majmua O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan.

Jurnalist ta’kidlaydi:

“Prezidentning juda zich ish jadvaliga qaramasdan, Shavkat Mirziyoyev qurilishning har bir bosqichini shaxsan nazorat qildi. U nafaqat ishlar jarayonini tekshirib bordi, balki Markaz mazmunini boyitish bo‘yicha ham takliflar berdi”.

Kamera nafaqat Temuriylar davri me’moriy uslubida qurilgan binolarning tashqi qiyofasini, balki uning ichki mazmunini ham aks ettiradi — buyuk olimlar, mutafakkirlar va mintaqaning madaniy yutuqlariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni namoyish etadi.

Jurnalist loyihaning ramziy ahamiyatini shunday ta’riflaydi:

“Bu Markaz oddiy muzey emas. Bu davrlar o‘rtasidagi muloqot maydoni bo‘lib, unda o‘tmish kelajak uchun asosga aylanadi”.

Filmda madaniy merosni Vatanga qaytarish bo‘yicha amalga oshirilgan xalqaro ishlarga ham alohida urg‘u berilgan. Diplomatik va ilmiy sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston jahonning yirik auksionlari va kolleksiyalaridan ikki mingdan ortiq noyob artefaktlarni Vatanga qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Filmda shunday deyiladi:

“O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra madaniy merosni Vatanga qaytarish vazifasi qo‘yildi  va bugun bu missiya amalda ro‘yobga chiqmoqda”.

Tomoshabinlar, shuningdek, Markaz bazasida o‘z vakolatxonalarini ochgan xalqaro tashkilotlar va ilmiy institutlar faoliyati bilan ham tanishadilar. Bu esa Markazning global intellektual maydon sifatidagi maqomini yanada mustahkamlaydi.

“Yangi O‘zbekiston” zalida turib, MTRK «MIR» muxbiri to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda Markazning eng ramziy installyasiyalaridan biriga e’tibor qaratadi:

“Bu yerda hatto davlat bayrog‘i ham go‘yo tirikdek. Kinetik ekranda navbat bilan bayroq matosi, milliy naqshlar va oddiy oyna paydo bo‘ladi. Bu Yangi O‘zbekistonning eng muhim qadriyati — insonni ramziy ifodalaydi”.

Reportajda loyihaning xalqaro ahamiyati ham alohida ta’kidlanadi:

“Bugun Islom sivilizatsiyasi markazi butun dunyodan olimlar, tadqiqotchilar va madaniyat namoyandalarini jalb qilayotgan markazga aylanmoqda”.

«Mir 24» telekanalida film premerasi Markaz ochilishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli xalqaro axborot kampaniyasining bir qismi bo‘ldi. U O‘zbekistonning jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviy merosi rivojidagi o‘rnini keng yoritishga qaratilgan.

Telekanalning keng qamrovi tufayli film premera kuniyoq MDH mamlakatlari va ulardan tashqari hududlardagi millionlab tomoshabinlarga namoyish etildi. Bu esa madaniy aloqalarni mustahkamlash va mintaqaning boy tarixiy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.

Filьm namoyishi «Mir 24» telekanalida keyingi kunlarda ham davom etadi. Qayta efirlar 18 mart — 13:15, 18:15 va 23:15; 19 mart — 08:30, 14:15 va 19:15 da, shuningdek 20, 21 va 22 mart kunlari rejalashtirilgan.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.