Diplomat Magazine: “Islom sivilizatsiyasi markazi: Xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan megaloyiha”
Nufuzli xalqaro Diplomat Magazine nashrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov muallifligida e’lon qilingan mazkur maqolada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy davrda xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan megaloyiha sifatida ilmiy-analitik jihatdan yoritiladi. Kirish qismida muallif markazning barpo etilish tarixi, uning konseptual asoslari va global sivilizatsion muloqotni mustahkamlashdagi strategik ahamiyatini tahlil qilib, ushbu tashabbusni Prezident Shavkat Mirziyoyevning strategik qarashlari asosida shakllangan yangi gumanitar model sifatida baholaydi.
Bundan bir yil avval, 2025 yil 29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida davlat raxbari markaz ekspozitsiyalariga ikki mingdan ortiq mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan ilmiy va innovatsion loyihalarni joriy etish bo‘yicha qator tavsiya va topshiriqlar berdi.
Bu, shubhasiz, tarixiy tashrif edi. O‘tgan bir yil mobaynida markaz qurilishi to‘liq yakunlandi. Markaz faoliyatini takomillashtirish va ekspozitsiyalarini boyitishda 40 dan ortiq mamlakatdan mutaxassis va dizaynerlar ishtirok etdi. Ularning barchasi Prezident tashabbusi va strategik qarashlari asosida amalga oshirilayotgan ushbu megaloyiha atrofida birlashdi.
2025 yil sentyabr oyida davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan turib O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi yakunlangani va uning yaqin vaqt ichida ochilishi haqida e’lon qildi. Shundan so‘ng ekspozitsiyalarning ichki mazmuni yanada boyitildi. Markaz jahon hamjamiyati e’tiborini o‘ziga jalb etayotgan noyob makonga aylandi. Bugun dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurayotgan mehmonlar, davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari markaz faoliyati, sivilizatsiyalar, buyuk shaxslar va kashfiyotlarga bag‘ishlangan ilmiy loyihalar bilan tanishib, uning ahamiyatini ochiq e’tirof etmoqda.
Jahon bugun chuqur sivilizatsion o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Texnologik taraqqiyot ko‘pincha ma’naviy mulohazalardan ilgarilab ketmoqda, geosiyosiy ziddiyatlardan tortib madaniy o‘zlikning yemirilishigacha bo‘lgan global inqirozlar insonning muloqotga bo‘lgan qobiliyati haqida jiddiy savollarni o‘rtaga tashlamoqda. Ayrim hollarda din ziddiyat quroliga aylanib, madaniyat esa ajratuvchi chiziq bo‘lib qolmoqda. Bunday sharoitda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotning bunyodkor mohiyatini tiklay oladigan yangi maydonlarga ehtiyoj nihoyatda dolzarbdir.
Aynan shunday tarixiy pallada, Yevrosiyo markazida — buyuk sivilizatsiyalar va imperiyalar yuzaga kelgan, savdo yo‘llari, dinlar, ilmiy maktablar va madaniyatlar ming yillar davomida tutashgan zaminda O‘zbekistondagi noyob Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi. Uning yaratilishi tasodifiy emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik qarashlarining bevosita ifodasidir.
2017 yildayoq Prezident Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan turib jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, islom sivilizatsiyasining haqiqiy o‘rnini tiklashga chaqirgan edi. U muqaddas islom asosida ma’rifat, ilm-fan va insonparvarlik qadriyatlari yotishini ta’kidlab, ekstremizm va jaholatga qarshi kurashda bilim va madaniyatning ahamiyatini alohida qayd etgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qurilish jarayonidagi markazga tashrifi chog‘ida ushbu tashabbusga yuqori baho berib, shunday degan edi:
“Sizning Prezidentingiz Shavkat Mirziyoev — BMT minbaridan doimiy ravishda muloqot, ma’rifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini ilgari surayotgan buyuk va hurmatli rahbardir”.
Bu so‘zlar xalqaro hamjamiyatda shakllangan tushunchani aks ettiradi: Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekiston zamonaviy tarixni shakllantirishda faol ishtirok etmoqda.
Prezidentning BMT minbaridan qilgan nutqi mazkur markaz uchun intellektual va ilmiy asos bo‘lib xizmat qildi. U nafaqat me’moriy majmua, balki global ahamiyatga ega mutlaqo yangi gumanitar modeldir. Bu modelda islom sivilizatsiyasi buyuk ilmiy inqiloblar, madrasalar va akademiyalar, kutubxonalar va laboratoriyalar barpo etilgan, tibbiyot, falsafa, san’at va ilmiy tafakkur asoslari shakllangan sivilizatsiya sifatida namoyon bo‘ladi.
Prezidentning shaxsiy siyosiy irodasi va izchil rahbarligi tufayli Islom sivilizatsiyasi markazi g‘oyasi mazmun, ko‘lam va xalqaro ahamiyat jihatidan misli ko‘rilmagan darajada ro‘yobga chiqdi. Bu yerda yangi avlod muzeyi, ilg‘or ilmiy infratuzilma, zamonaviy kutubxona, Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixi bo‘yicha milliy va xalqaro arxivlar, raqamli gumanitar texnologiyalar hamda keng qamrovli xalqaro ilmiy-madaniy hamkorlik tarmog‘i birlashtirilgan noyob majmua yaratildi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ham ushbu loyihaga yuksak baho berib, shunday degan:
“Bu yirik va noyob inshootdir. U ilmiy, sayyohlik va etnomadaniy loyihadir. Men O‘zbekiston Prezidenti fikriga qo‘shilaman: Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu muhim sohada umumiy tadqiqotlar uchun platformaga aylanishi mumkin”.
Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy infratuzilmaviy loyiha yoki madaniy siyosat ramzi emas. U zamonaviy global chaqiriqlarga O‘zbekiston rahbarining ongli sivilizatsion javobidir. Islom olami tarixida ilk bor sivilizatsiyalar o‘rtasidagi haqiqiy muloqot uchun bunday keng ko‘lamli doimiy maydon yaratildi.
O‘zbekiston tarixiy va ma’naviy missiyani o‘z zimmasiga oldi — bayonotlar bilan emas, balki jahon darajasidagi intellektual makon barpo etish orqali islom va islom sivilizatsiyasiga oid noto‘g‘ri talqinlarga qarshi kurashmoqda.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev shunday ta’kidlagan:
“O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, mamlakat rahbariyatining o‘zbek xalqining boy madaniy va ma’naviy qadriyatlarini saqlash va targ‘ib qilishga bo‘lgan chuqur sadoqatiga yana bir bor amin bo‘ldik. Islomofobiya kuchayib borayotgan sharoitda bu markazning ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi. U islom yaratuvchanlik, insonparvarlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va birodarlik dini ekanini yaqqol namoyon etadi”.
Mutaxassislar yakdil fikr bildirmoqda: mazkur loyiha bilimga asoslangan holda qurilgan radikalizm va islom haqidagi buzib ko‘rsatilgan tasavvurlarga qarshi gumanitar qalqondir.
Markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri — madaniy merosni qaytarishdir. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, dunyoning yetakchi auksion uylari — Sotheby’s, Christie’s, Bonhams, shuningdek, yirik muzeylar va xususiy kolleksionerlar bilan hamkorlik mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Natijada ikki mingga yaqin nodir artefaktlar, jumladan, Ibn Sino qo‘lyozmalari, Beruniy asarlari, Temuriylar davri miniatyuralari va islom san’ati durdonalari yurtimizga qaytarildi.
Bu yutuq Markaziy Osiyoning sivilizatsion xotirasini tiklash va tarixiy adolatni qaror toptirishning amaliy ifodasidir.
Paragvay Prezidenti Santyago Penya tashrif chog‘ida shunday degan:
“Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif menda chuqur taassurot qoldirdi. Insoniyatning ko‘plab ilmiy va madaniy yutuqlari aynan shu zaminda paydo bo‘lgan. Afsuski, dunyo bundan doim ham xabardor emas. Bu tashrif meni ilhomlantirdi va O‘zbekistonning ulkan salohiyatiga bo‘lgan ishonchimni yanada mustahkamladi”.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti o‘tmishni tiklashda qanday izchillik ko‘rsatsa, kelajakni shakllantirishda ham shunday yondashmoqda. Shu bois markaz ilk boshdanoq dinamik rivojlanuvchi tizim sifatida yaratilgan — xalqaro ilmiy platforma, media makon va nashriyot-ma’rifiy markaz sifatida.
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb tashrifidan so‘ng shunday degan:
“Bu yerda men hech qayerda his qilmagan taassurotni boshdan kechirdim. Uch ming yillik tarix zamonaviy va jozibali tarzda taqdim etilgan. Bu yerda tarixni haqiqatan his etasiz — befarq qolishning iloji yo‘q”.
Bugun Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy dunyoning intellektual markaziga aylanmoqda. U Bag‘doddagi “Bayt al-Hikma”, Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi va Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi kabi ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan markazlar an’anasini davom ettirmoqda.
Markaz XXI asr uchun yangi turdagi sivilizatsion institutdir. Bu yerda tarixiy bilimlar raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan, qo‘lyozmalar global raqamli resurslarga aylangan, muzey ilmiy laboratoriya xususiyatlarini kasb etgan, milliy meros esa xalqaro muloqot va o‘zaro tushunish uchun poydevorga aylangan.
Xulosa o‘rnida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning so‘zlarini keltirish joiz:
“Men bunday markazni hech qayerda ko‘rmaganman. U zamonaviy va juda ta’sirchan me’moriy uslubda qurilgan. Bu yerda ko‘p narsalarni o‘rgandim va albatta yana qaytib kelaman. Fuqarolarimga aytardim: aziz do‘stlar, men bu yerga oldin kelmaganim bilan katta xato qildim. Iltimos, imkon qadar tezroq O‘zbekistonga tashrif buyuringlar”.
Firdavs Abduxoliqov
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori






