Eurasia Today:"Toshkentda mintaqaning yangi madaniy va ilmiy maskani — Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi"
Nufuzli tahliliy Eurasia Today nashrida e’lon qilingan mazkur materialda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi mintaqa miqyosida yangi madaniy va ilmiy markaz shakllanayotganining muhim ifodasi sifatida talqin etiladi. Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu loyiha nafaqat muzey majmuasi, balki intellektual taraqqiyotni rag‘batlantiruvchi, ilmiy izlanishlar va xalqaro muloqotni birlashtiruvchi strategik platforma ekani akademik uslubda asoslab beriladi.
O‘zbekiston poytaxtida so‘nggi yillardagi eng yirik madaniy-ilmiy loyihalardan biri — Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining rasmiy sayti xabar berdi.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirok etib, yangi majmua nafaqat muzey, balki jamiyat taraqqiyoti uchun kuchli intellektual platformaga aylanishi lozimligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, markaz yoshlarni ilhomlantirishga xizmat qilib, Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk olim va mutafakkirlar yetishib chiqishi uchun zamin yaratadi.
Markazning barpo etilishi O‘zbekistonning mintaqaning tarixiy va ma’naviy merosini tiklash, shuningdek uni islom madaniyati va ilmining muhim markazlaridan biri sifatida mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli davlat strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Majmua tarkibiga muzey maydonlari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, noyob qo‘lyozmalar arxivlari, ta’lim zonalari va mulьtimedia ekspozitsiyalar kiradi.
Ayniqsa, avval yopiq fondlarda saqlangan ko‘plab noyob manuskriptlarni asrash va raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Markaz xalqaro hamkorlikka ham yo‘naltirilgan bo‘lib, dunyoning turli mamlakatlaridan tadqiqotchilar, teologlar va tarixchilar ishtirok etishi, shuningdek forumlar, ko‘rgazmalar va ilmiy anjumanlar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Aslida, gap faqat madaniy obyekt haqida emas, balki O‘zbekistonning “yumshoq kuchi”ni mustahkamlovchi geosiyosiy va gumanitar loyiha haqida bormoqda.
Dunyoda dinning zamonaviy jamiyatdagi o‘rni haqidagi global muhokamalar fonida Toshkent islom merosiga ma’rifatli va ilmiy asoslangan yondashuvni ilgari surmoqda hamda uni radikal talqinlarga muqobil sifatida namoyon etmoqda.
Hukumat markaz kelgusida sivilizatsiyalar muloqoti maydoni, madaniy diplomatiya vositasi va turli mamlakatlardan keluvchi sayyohlar, tadqiqotchilar hamda talabalar uchun jalb etuvchi nuqtaga aylanishiga umid qilmoqda.






