The Wall Street Journal: Islom sivilizatsiyasi markazi boy tarixiy merosni birlashtiradi
Nufuzli xalqaro nashr The Wall Street Journal da Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Unda mazkur markaz Yangi O‘zbekistonning eng yirik madaniy-ilmiy loyihalaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Temuriylar me’morchiligi an’analari asosida barpo etilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mualliflik loyihasi bo‘lgan ushbu markaz Buyuk Ipak yo‘li merosi ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy ilmiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashgan noyob makon sifatida taqdim etilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, markaz nafaqat muzey majmuasi, balki ilmiy tadqiqotlar, madaniy muloqot va islom sivilizatsiyasi merosini asrashga qaratilgan keng qamrovli xalqaro platforma hisoblanadi. Qariyb 10 gektar hududni egallagan majmua muzey ekspozitsiyalari, ilmiy-tadqiqot va restavratsiya laboratoriyalari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan kutubxonani o‘z ichiga oladi.
Nashrda markazning asosiy eksponati — VII asrga oid Qur’onning eng qadimiy nusxalaridan biri bo‘lgan Usmon Mushafiga alohida e’tibor qaratilgan. U UNESCOning “Jahon madaniy me’rosi” reyestriga kiritilgan. Shu bilan birga, zamonaviy immersiv texnologiyalar, interaktiv yechimlar va 3D rekonstruksiyalar qo‘llanilishi orqali islom sivilizatsiyasi tarixi hamda Markaziy Osiyoning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi yangicha talqin etilayotgani qayd etilgan.
Markaz ochilishi kunlarida chop etilgan ushbu maqola O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini hamda mamlakatning madaniyat, ilm-fan va sivilizatsiyalar muloqoti orqali yangi global muvozanatni shakllantirishdagi roli kuchayib borayotganini tasdiqlaydi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat merosni asrash ramzi, balki global ilmiy va madaniy hamkorlikning yangi markaziga aylanmoqda.







