Euronews: “Islom sivilizatsiyasi markazi meros va tadqiqotlar uchun yangi maskan”
Xalqaro nufuzli Euronews nashrida yozilishicha, Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi qo‘lyozmalar, ilmiy tadqiqot infratuzilmalari va interaktiv ko‘rgazmalarni birlashtirgan holda, islomiy merosni ta’lim, texnologiya va xalqaro hamkorlik orqali ommaga taqdim etuvchi yangi global ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida e’tirof etilmoqda.
Majmua qo‘lyozmalar, ilmiy-tadqiqot infratuzilmalari va interaktiv ko‘rgazmalarni birlashtirib, ta’lim, texnologiya va xalqaro hamkorlik orqali islom merosini omma uchun ochiq taqdim etadi.
O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi — bu ilmiy izlanishlar, ommaviy ta’lim va islomiy madaniy merosni asrab-avaylashga bag‘ishlangan yangi majmua hisoblanadi.
Loyiha ilk bor 2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida e’lon qilingan edi. Unda tarixiy materiallarni keng jamoatchilik uchun ochiq qilish maqsadida turli to‘plamlar, tadqiqot markazlari va jamoat makonlari yagona hududda jamlangan.
Markaz ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Markaz muzey ko‘rgazmalari, ilmiy tadqiqot infratuzilmalari va ta’lim dasturlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, qo‘lyozmalar, artefaktlar va interaktiv namoyishlar orqali islom sivilizatsiyasining tarixiy rivojini namoyon etadi.
Ochilish marosimida Prezident markazni mamlakatning tarixiy va madaniy taraqqiyotini aks ettiruvchi maskan sifatida ta’rifladi.
“Ushbu markazda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasining eng noyob namunalari yagona ta’lim makonida jamlangan bo‘lib, bu yerga tashrif buyuruvchilar o‘zbek xalqining intellektual va madaniy salohiyati haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishlari mumkin,” dedi u.
Arxitektura va tuzilishi
Majmua taxminan 10 gektar hududni egallaydi va umumiy maydoni 42 000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan uch qavatdan iborat. Asosiy zalda 65 metrlik gumbaz joylashgan bo‘lib, to‘rtta asosiy peshtoq — Mirzo Ulug‘bek, Qo‘qon, Buxoro va Xorazm — tarixiy me’moriy an’analarga tayanadi.
Buyuk siymolar galereyasi
Qur’on va hadislardan olingan yozuvlar dizaynga uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, bilim, bag‘rikenglik va inson qadr-qimmatiga hurmat kabi g‘oyalarni ifoda etadi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov ta’kidlaganidek, loyiha ilmiy faoliyatni jamoatchilik bilan bog‘lashga qaratilgan.
“Artefaktlar, qo‘lyozmalar va ko‘rgazmalar orqali O‘zbekistonning ko‘p asrlik intellektual va madaniy an’analarini namoyon etish — islomning ilm-fan va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini saqlash va ko‘rsatishga qaratilgan keng qamrovli sa’y-harakatning bir qismi,” dedi u.
Markazning ilmiy kotibi Rustam Jabborovga ko‘ra, “Ulug‘bek peshtoqi XV asr astronomi va olimi Ulug‘bek Mirzo merosini aks ettirib, Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi asosida yaratilgan.”
Bosh me’mor Abduqaxhor Turdiyevning aytishicha, markazning Hazrati Imom majmuasiga yaqin joylashgani uni tarixiy shahar muhiti bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Muzey to‘plamlari va ko‘rgazmalar
Muzey 15 000 kvadrat metrdan ortiq maydonni egallab, beshta asosiy ekspozitsiyadan iborat. U yerda 2 000 dan ortiq artefakt va turli davrlarga oid 100 dan ortiq Qur’on qo‘lyozmalari namoyish etilgan.
Eksponatlar orasida 1589 yilga oid “Bozuband” qo‘lyozmasi, Safaviylar davriga tegishli xattotlik namunalari va saljuqiylar asarlari mavjud.
1001 Foundation asoschisi Ahmad Salim shunday dedi: “Biz tarixiy shaxslarning izlanish, kashfiyot va muammo yechish qobiliyatiga e’tibor qaratamiz. Maqsad — yoshlarda qiziqish uyg‘otish va o‘tmish saboqlarini bugungi STEAM ta’limi bilan bog‘lash.”
Qur’oni Karim zali
Markaz mazmunini ishlab chiqishda 40 mamlakatdan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirok etgan.
“Biz 20 ga yaqin mamlakat bilan hamkorlik qilib, Sotheby’s va Christie’s kabi auksion uylari bilan muzokaralar olib bordik. Natijada 2000 dan ortiq artefakt jamlandi,” deya qo‘shimcha qildi Abduxoliqov .
YUNESKO vakili Sara Noshadi loyihaning ahamiyatini ta’kidlab, “Bu tashabbus mamlakatning islom sivilizatsiyasidagi tarixiy o‘rnini namoyon etadi va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytiradi,” dedi.
Kutubxona va ilmiy infratuzilma
Markazda 3105 kvadrat metr maydonni egallagan kutubxona mavjud bo‘lib, u 45 000 dan ortiq bosma nashrlar va taxminan 350 000 raqamli resurslarni o‘z ichiga oladi. Bir vaqtning o‘zida 310 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsata oladi.
To‘plamlar orasida o‘zbek jadidlari, tarixiy tadqiqotlar va noyob xalqaro nashrlar mavjud. Shuningdek, ko‘zi ojiz foydalanuvchilar uchun maxsus audio jihozlar va Brayl materiallari ham taqdim etilgan.
Mutolaa maskani
Xalqaro hamkorlik va tadqiqotlar
Markazda ICESCO, IRCICA, Oksford Islom tadqiqotlari markazi, TURKSOY va Temuriylar jamiyati kabi xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari joylashgan.
Bu yerda mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar ko‘rgazmalar, ilmiy loyihalar va ta’lim tashabbuslari doirasida hamkorlik qilishi mumkin.
Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans davri bo‘limidagi 'Bag‘rikenglik' maydoni
Oksford Islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy ta’kidlaganidek, “Markaz Markaziy Osiyo va boshqa hududlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni ko‘rsatib, islom sivilizatsiyasining Yevropa ilm-faniga ta’sirini yoritadi.”
Tashrif buyuruvchilar uchun imkoniyatlar va raqamli texnologiyalar
Markaz kuniga taxminan 5000 nafar tashrif buyuruvchini qabul qilishi kutilmoqda. Unda konferensiya zallari, ko‘p tilli raqamli gidlar va yoshlar uchun mo‘ljallangan interaktiv hududlar mavjud.
“Bolalar uchun ko‘rgazmalar artefaktlarga emas, balki Beruniy va Amir Temur kabi buyuk shaxslar haqidagi hikoyalarga asoslanadi,” dedi Ahmad Salim.
Eksponatlar yonida joylashtirilgan QR-kodlar orqali uch tildagi video va audio materiallarga kirish mumkin bo‘lib, kelgusida ular soni sakkizta tilgacha kengaytiriladi. Shuningdek, mehmonlar 3D installyasiyalar va mulьtimedia taqdimotlar orqali tasavvuf ta’limoti bilan tanishish imkoniyatiga ega.






