Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

The Washington Post:“O‘zbekiston Toshkentda yirik Islom sivilizatsiyasi markazini ochdi”

The Washington Post nashrida e’lon qilingan materialda Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Markaziy Osiyoning boy intellektual va madaniy merosini namoyon etuvchi yirik xalqaro loyiha sifatida baholanadi. Unda mazkur maskan islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotidagi o‘rnini ochib beruvchi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy markaz ekani ta’kidlangan.

Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulug‘lashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda. Bu tashabbus mintaqaning jahon ilm-fani taraqqiyotida tutgan muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etadi.

Asrlar davomida Ipak yo‘li faqat savdo yo‘li bo‘lib qolmagan, balki g‘oyalar, madaniyat va ilmiy kashfiyotlar almashinuvi uchun yo‘lak vazifasini o‘tagan. Ushbu merosning katta qismi bugungi O‘zbekiston hududida joylashgan shaharlar bilan bog‘liq. Bugun esa ana shu an’ana Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi bilan davom etmoqda. 10 gektar maydonni egallagan mazkur majmua mintaqaning boy islomiy madaniyati, me’moriy obidalari va ilmiy yutuqlarini ulug‘laydi.

Shuhratli merosni tiklash

Markaz ekspozitsiyasining markazida islom olamining eng muqaddas va nodir yodgorliklaridan biri — Usmon Qur’oni joylashgan. VII asrga mansub ushbu qo‘lyozma Qur’onning saqlanib qolgan eng qadimiy nusxalaridan biri bo‘lib, YUNESKOning «Jahon xotirasi» reyestriga kiritilgan. Shuningdek, ekspozitsiyada Makkadagi Ka’baga yopiladigan ipak mato — Kisva parchasi ham namoyish etilgan.

Bu bebaho eksponatlar Prezident tashabbusi bilan Vatanga qaytarilgan 2000 dan ortiq qo‘lyozma va tarixiy ashyolar bilan birga taqdim etilgan. Ularni jamlashda «Sotheby’s», «Christie’s», muzeylar, galereyalar va xususiy kolleksionerlar muhim rolь o‘ynagan.

Ekspozitsiyalar «Sivilizatsiyalar – shaxslar – kashfiyotlar» mavzusi asosida tashkil etilgan bo‘lib, islomgacha bo‘lgan davrdan boshlab, Markaziy Osiyoning Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarini qamrab oladi hamda «Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori» bo‘limi bilan yakunlanadi.

Asosiy diqqat markazlaridan biri — "Buyuk siymolar galereyasi" bo‘lib, u yerda mikromozaika asarlari orqali jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar sharaflanadi. Ular orasida algebra asoschisi Al-Xorazmiy, tibbiyot ensiklopediyasi bilan mashhur Ibn Sino hamda yulduzlar jadvallari bilan mashhur Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk siymolar bor.

Muloqot va kashfiyotlar ko‘prigi

Markaz Temuriylar me’morchiligi uslubida barpo etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida yaratilgan. Uning to‘rtta ulkan portali O‘zbekiston hududlarini ifodalaydi, binolar fasadlari esa nafis naqshlar va xattotlik san’ati bilan bezatilgan.

Ichki muhit esa zamonaviy yechimlar bilan boyitilgan: mulьtimedia texnologiyalari, sun’iy intellekt asosidagi interaktiv installyasiyalar va 3D rekonstruksiyalar orqali tashrif buyuruvchilar vaqt bo‘ylab sayohat qiladilar.

Shuningdek, majmuada ilmiy tadqiqot markazlari, restavratsiya va raqamlashtirish laboratoriyalari, arxiv saqlash xonalari va kutubxona mavjud bo‘lib, uni ham ilmiy muassasa, ham ommaviy muzey sifatida shakllantiradi.

 Jahon miqyosida e’tirof

Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi allaqachon xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. U «Smithsonian Magazine», «BBC Travel» va «BBC History» kabi nufuzli nashrlar reytinglarida qayd etildi. Shuningdek, u «Prix Versailles» xalqaro mukofoti doirasida «2026 yilning dunyodagi eng go‘zal muzeylari» ro‘yxatiga kiritildi.

Markaz direktori Firdavs Abduxaliqov ta’kidlaganidek:

«Ko‘p yillar davomida yurtimiz Prezidenti haqiqiy ma’rifat markazini yaratishni orzu qilgan edilar. Bu maskan xalqimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etadi. U butun dunyo olimlari va tadqiqotchilari uchun muloqot maydoniga aylanishiga ishonamiz».

Tiklanishning tirik ramzi

Markaz ochilishi muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri keldi. 2018-yil aynan shu muborak oyda ushbu yirik loyihaning ilk tamal toshi qo‘yilgan edi. Oradan 8 yil o‘tib, Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z eshiklarini ochmoqda va kelajak avlodlar uchun islom madaniy merosini asrash va tiklashning kuchli ramziga aylanmoqda.

carousel image 1

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.