ABC:"O‘ZBEKISTON QADIMGI IPAK YO‘LI MEROSINI QAYTA TIKLAMOQDA"
Nufuzli Ispaniyaning ABC gazetasida e’lon qilingan maqolada ta’kidlanishicha, Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Buyuk Ipak yo‘lining boy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan yirik madaniy-ilmiy loyiha hisoblanadi. Markaz xalqaro miqyosdagi diqqat markaziga aylanib, unda madaniyat, ilm-fan va zamonaviy g‘oyalar tutashadi hamda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Shu bilan birga, u O‘zbekistonning jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini qayta anglashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston VII asr xazinalarini sun’iy intellekt bilan uyg‘unlashtirgan ulkan majmua ochilishi orqali bilimlar mash’ali sifatida o‘z mavqeini qayta tiklamoqda.
Markaziy Osiyoning yuragida, vaqt qumlari Ipak yo‘lining moviy gumbazlari uzra go‘yo to‘xtab qolgandek tuyuladigan zaminda, sivilizatsiya tarixining yangi sahifasi ochildi. O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi — bu ulkan loyiha nafaqat mintaqa shaharsozligini yangicha bosqichga olib chiqmoqda, balki O‘zbekistonning jahon tafakkuri markazlaridan biri sifatidagi o‘rnini iftixor bilan namoyon etmoqda.
MULOQOT VA KASHFIYOTLAR UCHUN KO‘PRIK
Temuriylar davri me’morchiligining abadiy uslubida yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur markaz milliy madaniy meros bilan chuqur bog‘liqdir. Uning to‘rtta muhtasham portali mamlakat hududlarini ifodalasa, naqshli koshinlar va xattotlik bilan bezatilgan fasadlar asrlar davomida shakllangan hunarmandchilik an’analarini aks ettiradi.
O‘n gektardan iborat ushbu majmua shunchaki muzey emas — u yuksak maqsadlar bayonotidir. Asrlar davomida bu hudud jahon ilm-fanining qon tomiri bo‘lib kelgan. Bu yerda karvonsaroylar orqali nafaqat ipak va ziravorlar, balki algebra, zamonaviy tibbiyot va astronomiyaning ilk asoslari ham tarqalgan. Bugun ana shu ma’naviy va ilmiy almashinuv an’anasi qayta tiklanmoqda. Markaz 2026 yil uchun dunyodagi eng go‘zal muzeylardan biri sifatida nufuzli Prix Versailles mukofotiga sazovor deb topildi.
USMON QUR’ONI: UMUMINSONIY XAZINA
Katta ko‘rgazma zali markazida islom dinining eng muqaddas va hayratlanarli yodgorliklaridan biri — Usmon Qur’oni joylashgan. Bu VII asrga mansub qo‘lyozma bo‘lib, Qur’oni Karimning saqlanib qolgan eng qadimiy nusxalaridan biri hisoblanadi va YUNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan.
Uning huzuri insonni ehtiromli sukutga chorlaydi. Shuningdek, Makkadagi Ka’bani qoplab turadigan kisva matosining bir bo‘lagi ham namoyish etilgan.
Ushbu madaniy merosni qaytarish misli ko‘rilmagan diplomatik harakatlar natijasidir. Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilgan repatriatsiya dasturi doirasida 2 mingdan ortiq qo‘lyozmalar va tarixiy ashyolar O‘zbekistonga qaytarildi. Bu jarayonda yirik tashkilotlar, xalqaro muzeylar va xususiy kolleksionerlar ishtirok etib, vaqt va taqdir tufayli dunyoning turli burchaklariga tarqalib ketgan nodir asarlarni jamlashga erishildi.
XORAZMIYDAN UCHINCHI RENESSANSGACHA
Muzey ekspozitsiyasi “Sivilizatsiyalar – Shaxsiyatlar – Kashfiyotlar” shiori asosida tashkil etilgan. Tashrif buyuruvchilar islomgacha bo‘lgan davrdan tortib, bugungi kunda “Uchinchi Renessans” deb atalyotgan yangi bosqichgacha bo‘lgan tarixiy sayohatni amalga oshiradi.
"Buyuk siymolar galereyasi" zalida buyuk allomalar xotirasi abadiylashtirilgan: al-Xorazmiy — algebraga nom bergan olim; Ibn Sino (Avitsenna) — asrlar davomida Yevropa universitetlarida asosiy tibbiy qo‘llanma bo‘lgan asar muallifi; Mirzo Ulug‘bek — osmon jismlarini ulkan aniqlik bilan o‘rgangan astronom.
40 DAVLAT ISHTIROKIDAGI GLOBAL LOYIHA
Ushbu majmua qurilishi xalqaro hamkorlik namunasiga aylandi. 40 mamlakatdan 1500 dan ortiq mutaxassislar ushbu loyihada ishtirok etdi. Temuriylar uslubida fasadlarni bezagan xattotlardan tortib, sun’iy intellekt va 3D texnologiyalarini joriy etgan muhandislargacha barcha o‘z hissasini qo‘shdi.
Markaz faqat o‘tmishga nazar tashlamaydi. Unda zamonaviy restavratsiya va raqamlashtirish laboratoriyalari, tarixiy arxivlar hamda dunyo miqyosidagi kutubxona joylashgan.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov ta’kidlaganidek:
«Ko‘p yillar davomida muhtaram Prezidentimiz haqiqiy bilimlar markazini yaratishni orzu qilgan edilar — bu makon xalqimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etadi. Biz ushbu loyiha madaniy muloqot uchun platformaga aylanishiga ishonamiz».
YANGILANISHNING TIRIK RAMZI
Ramazon oyida — aynan shu oyda 8 yil avval birinchi tosh qo‘yilgan edi — ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z eshiklarini keng jamoatchilik uchun ochishga tayyor. U kelajak avlodlar uchun islom madaniy merosini asrash va targ‘ib qilishning yorqin ramziga aylanmoqda.








