Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Nur bilan jonlangan tarix: Islom sivilizatsiyasi markazida 3D mepping shou namoyish etilmoqda

Zamonaviy texnologiyalar va tarixiy xotira uyg‘unlashgan yangi madaniy makon bugun Toshkent markazida namoyon bo‘lmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rasman ochildi va bu yerda noyob 3D mepping-shou tomoshabinlarga taqdim etilmoqda. Mazkur loyiha O‘zbekiston muzey makonida zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali tarix va ma’rifat g‘oyalarini yetkazishga qaratilgan ilk yirik tashabbuslardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat o‘zining ilmiy va ma’rifiy mazmuni, balki innovatsion va kreativ yechimlari bilan ham jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Markaz ichidagi ekspozitsiyalar ilg‘or raqamli texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lsa, uning tashqi me’moriy qiyofasi ham tomoshabinlar uchun o‘ziga xos sahnaga aylantirilgan. Quyosh botib, kun qoraya boshlashi bilan Markaz devorlarida yorug‘lik, rang va harakat uyg‘unligida namoyish etilayotgan 3D mepping-shou tarixni ko‘z oldingizda yanada jonlantiradi.

Mazkur mepping-shouni tomosha qilish uchun Markaz atrofiga 5 mingdan ziyod mahalliy aholi va xorijlik mehmonlar to‘planishdi. Tomosha ikki seansda namoyish etildi, har bir chiqish katta qiziqish va olqishlar bilan qarshi olindi. Shou boshlanishidan oldin Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mehmonlarni bayram munosabati bilan samimiy tabriklab, ushbu vizual loyiha har bir inson qalbida o‘ziga xos tuyg‘ular uyg‘otishi, tarix va ma’rifatni yangi shaklda his qilish imkonini berishiga ishonch bildirdi.

Firdavs Abduxoliqov, Markaz direktori: 

“Bu yerda “Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar” nomli mepping-shou orqali xalqimiz, ayniqsa yosh avlodimiz yurtimizning boy va bebaho tarixi bilan yanada yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu noyob loyiha ularning qalbida Vatanga muhabbat va faxr tuyg‘ularini mustahkamlab, yuksak vatanparvarlik ruhini uyg‘otishi bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, xorijlik mehmonlar nigohida ham O‘zbekiston – ulug‘vor tarixiy va madaniy merosga ega, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar yurti sifatida yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Ushbu yuksak badiiy va ma’naviy ahamiyatga ega san’at asarining yaratilishida ishtirok etgan barcha ijodkorlarga alohida minnatdorlik bildiraman. 

Mazkur mepping-shou Markazga tashrif buyuruvchi barcha mehmonlar va ziyoratchilar uchun Ramazon hayiti hamda Navro‘z bayrami munosabati bilan munosib sovg‘a bo‘lib, kelgusida ham u barcha tashrif buyuruvchilarning eng sevimli va unutilmas madaniy loyihalaridan biriga aylanishi shubhasizdir”. 

Mepping-shou ning matn muallifi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod. Uning she’riy matni yorug‘lik va vizual proyeksiyalar bilan uyg‘unlashib, tomoshabinga nafaqat tarixiy voqealarni, balki ma’naviy va falsafiy g‘oyalarni ham yetkazadi.

Bobur Bobomurod, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir: 

“Juda hayajondaman — bu yerning muhitini, mahobatini so‘z bilan to‘liq ifodalash qiyin. Rostini aytsam, biz bu kunlarga yetishni orzu qilardik, lekin natija bu darajada bo‘lishini tasavvur ham qilmagandik. Bu — katta mehnat va izlanishlar samarasidir. 

Prezidentimizning ushbu g‘oyasi ustozimiz Xayriddin Sultonov va Markaz rahbari boshchiligida shakllandi. Aslida qasida bir o‘tirishda yozilgan bo‘lsa-da, keyinchalik u qayta-qayta ishlanib, sayqallanib, bugungi mukammal holatiga keltirildi.

Men doimo bir orzu bilan yashardim — xalqimizning boy va ulkan tarixini sodda, ravon va hammaga tushunarli tilda ifodalashni istardim. Shunday asar bo‘lsinki, uni odamlar o‘qibgina qolmay, yodlab, takrorlab yurishsin. Bugun qaysidir ma’noda shu niyatim amalga oshgandek bo‘ldi”. 

Tomoshaning markaziy sahnasi Qur’oni karim ramzi bilan boshlanadi. Bu yerda Markaz devorlari go‘yo shaffoflashib, ichkariga nur kiradi va muqaddas kitob sahifalari yorug‘lik orqali jonlanadi. Shu paytda “Iqro” surasi yangrab, bilim va ma’rifat g‘oyasi butun tomoshaning ma’naviy asosi sifatida namoyon bo‘ladi.

Shuhrat Zokirov, O‘zbekiston mualliflar va ijrochilar gildiyasi Kengashi a’zosi, bastakor: 

“Bu loyiha juda ko‘p insonlarning mehnati natijasida amalga oshirildi. Menimcha, loyiha mukammal darajada bajarildi — O‘rta Osiyoda bunaqa loyiha hali bo‘lmagan. Shu binoda 3D mepping orqali tarixiy tasvirlar jonlanadi, ular bilan musiqa va ovoz uyg‘unlashadi. Natijada, 25 daqiqa davomida tarixiy voqealar butunlay jonli tarzda namoyon bo‘ladi. O‘ylaymanki, loyiha juda yuqori darajada bajarildi va har bir daqiqasiga alohida e’tibor qaratilgan. Eng qiyin jihati — ovozlarni salobatli va maydonda yaxshi eshitiladigan qilish. Har bir detal bir necha marta, kamida 15–20 marta qayta ishlangan”. 

Loyiha texnologik jihatdan ham murakkab va keng ko‘lamli hisoblanadi. 3D mepping-shou Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi va buyurtmasi asosida Rossiyaning “Sila Sveta” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Tomoshani yaratishda 47 ta yuqori quvvatli “Barco” proyektoridan foydalanilgan. 25 daqiqalik bu vizual sahna ortida 100 nafardan ortiq ijodiy va texnik mutaxassislar mehnati mujassam.

 Aleksandr Us, “Sila Sveta” kompaniyasining hammuassisi va kreativ direktori: 

“Rostini aytsam, O‘zbekiston tarixidan chinakam hayratdaman. Bizning rassomlarimiz ham juda ta’sirlandi. Biz bu ishni yarim yildan ko‘proq davomida katta zavq bilan bajardik, material to‘pladik, hududlarga sayohat qildik va tarixga, dunyo tarixiga katta ta’sir ko‘rsatgan qahramonlarni o‘rgandik. Bu haqida odamlar bilishi kerak va shuning uchun biz katta sharaf va faxr bilan shuni aytamizki, ushbu shou Islom sivilizatsiyasi markazi devorlarida namoyish etilmoqda va bundan asosiy maqsad yoshlarga yangi yutuqlarga ilhom berishdir. 

Ushbu loyihaning muqobili juda kam, deyarli yo‘q, chunki eng zamonaviy lazer proyektorlar ishlatilgan va shou doimiy ravishda namoyish etiladi. Hatto Dubayda ham shunaqa loyiha mavjud emas”. 

Ra’no To‘xtayeva, tomoshabin: 

“Ko‘zimdan yosh chiqib ketyapti — shunchalik ta’sirlandim.Bunday muborak maskanni yaratib bergani uchun prezidentimizga rahmat. Tariximizni shu darajada jonli ko‘rish — bu juda katta baxt. Kitoblarda o‘qiganmiz, lekin bunchalik salobatini tasavvur qilmaganmiz. Hozir esa ko‘rib faxr tuyg‘usi yanada ortyapti”.

Ibrohim Avazov, tomoshabin: 

“Bu yerda yaratilgan zamonaviy yondashuv menga juda katta taassurot qoldirdi. Tarixiy voqealar shunchalik jonli va interaktiv tarzda berilganki, o‘zingizni go‘yo o‘sha davr ichida yashayotgandek his qilasiz. Ayniqsa, bu loyiha bolalar uchun juda muhim, deb o‘ylayman. Bugungi kunda kitob o‘qishga qiziqish biroz kamaygan, ammo bu yerda ko‘rgan va eshitgan ma’lumotlar ularning ongida albatta qiziqish uyg‘otadi. Har bir tarixiy shaxs, har bir davr ular uchun jonlanadi va bu bilim keyinchalik o‘z samarasini beradi”.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.