The Korea Times:"Uchinchi Renessans - Yangi O‘zbekistonning ma’naviy va intellektual yuksalishida Islom sivilizatsiyasi markazining o‘rni"
The Korea Times nashrida e’lon qilingan maqolada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy va intellektual taraqqiyot strategiyasining muhim tarkibiy qismi sifatida talqin etiladi. Unda mazkur majmua islom sivilizatsiyasining insonparvarlik va ma’rifiy mohiyatini namoyon etuvchi, shuningdek, global madaniy muloqot va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi zamonaviy intellektual maydon ekani ta’kidlangan.
Insoniyat tarixi shuni ko‘rsatadiki, har qanday buyuk taraqqiyot intellektual va ma’naviy poydevorlarga tayanadi. Bugun Markaziy Osiyoning yuragidan paydo bo‘layotgan bir loyiha o‘zining ko‘lami va ahamiyati bilan jahon e’tiborini tortmoqda — Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat me’moriy inshoot, balki mintaqaning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi intellektual ko‘prikdir.
Majmua allaqachon yetakchi xalqaro nashrlar va tashkilotlar e’tiborini jalb etdi. Ular uni Yangi O‘zbekistonning eng muhim madaniy loyihalaridan biri sifatida e’tirof etmoqda.
Loyihaga asos 2017 yilda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus bilan qo‘yilgan edi. O‘shanda O‘zbekiston rahbariyati xalqaro hamjamiyatga Islomning haqiqiy insonparvarlik mohiyati — ma’rifat, tinchlik va bunyodkorlik ekanini ko‘rsatish zarurligini ta’kidlagan. Bu nafaqat siyosiy bayonot, balki asrlar davomida ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lgan zaminga qaytish dasturi edi.
Ushbu ulkan loyihaning yuzaga kelishi global ma’naviy yangilanish ehtiyoji bilan hamohangdir. Bugungi kunda islomofobiya va radikalizm dunyoning turli hududlarida keng yoyilayotgan bir paytda, O‘zbekiston bu muammolarga ilm va ta’lim orqali qarshi turish modelini taklif etdi.
Bugun ushbu g‘oya Toshkentning tarixiy markazida joylashgan, o‘n gektar maydonni egallagan muhtasham majmuada o‘z ifodasini topdi. Balandligi 65 metr bo‘lgan moviy gumbaz va to‘rtta oltin darvoza O‘zbekistonning barcha hududlari birligini ramziy ifoda etadi. Inshootning har bir qismida XV asr Temuriylar davri me’morchilik an’analari zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi — Toshkent shahrida, Hastimom majmuasi yaqinida joylashgan yirik madaniy majmua.
Markaz din va ilm o‘rtasidagi muvozanatni mujassam etgan. Uning asosiy ustuni Mirzo Ulug‘bek madrasasi me’morchiligini yodga solib, Qur’oni Karimning ilk oyati — “Iqro” (“O‘qi!”) kalimasi bilan bezatilgan. Bu har bir inson uchun ilm izlash eng oliy ma’naviy burch ekanini anglatadi.
Ekspozitsiyaning markaziy qismi VII asrga mansub Usmon Qur’oni bo‘lib, u YuNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan noyob muqaddas yodgorlikdir.
Majmua arxitekturasi nafaqat ulug‘vorligi, balki zamonaviy shaharsozlik va ekologik barqarorlik talablariga to‘liq javob berishi bilan ham ajralib turadi. Loyihaning har bir elementi — poydevordan to gumbazgacha — tarixiy merosga ehtirom bilan barpo etilgan va uzoq muddatli foydalanishga mo‘ljallangan. Obodonlashtirilgan hudud esa uni faqat ilmiy markaz emas, balki keng madaniy-ma’rifiy makonga aylantirgan.
Markaz ekspozitsiyasi an’anaviy muzeylardan tubdan farq qiladi. U Shavkat Mirziyoev ilgari surgan “Sivilizatsiya — Shaxslar — Kashfiyotlar” tamoyili asosida qurilgan bo‘lib, tarixiy faktlarni namoyish etish bilan cheklanmay, tashrif buyuruvchilarni tirik intellektual muhitga olib kiradi. Ekspozitsiya islomdan oldingi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston bosqichlarini qamrab olib, Uchinchi Renessans asosini yaratadi.
“Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” deb nomlangan bo‘lim insoniyat intellektual taraqqiyotini uzluksiz jarayon sifatida namoyon etadi. Unda Xorazmiy, Farg‘oniy, Ibn Sino, Beruniy va Ulug‘bek Mirzo kabi buyuk allomalarning kashfiyotlari zamonaviy texnologiyalar bilan bevosita bog‘liq ekani ko‘rsatiladi.
Virtual va qo‘shimcha reallik texnologiyalari, gologrammalar va sun’iy intellekt yordamida IX asr qo‘lyozmalari “tiriltiriladi”, qadimiy rasadxonalarning ilk ko‘rinishi raqamli shaklda qayta tiklanadi.
Bu keng ko‘lamli raqamli integratsiya markazni kelajak muzeyiga aylantiradi. Aqlli tizimlar orqali tashrif buyuruvchilar nafaqat ma’lumot oladi, balki buyuk olimlar bilan virtual muloqot qilib, ularning tajribalarida ishtirok etishi mumkin.
Bolalar uchun mo‘ljallangan “1001 ixtiro laboratoriyasi” erta yoshdan muhandislik va tabiiy fanlarga qiziqish uyg‘otadi. Markaz bilimlar omboridan interaktiv ta’lim platformasiga aylanib, millatning intellektual salohiyatini rivojlantiradi.
Prezident Mirziyoev bir necha bor millatning haqiqiy kuch-qudrati uning xotirasi va madaniy ildizlarida ekanini ta’kidlagan. U muzey ekspozitsiyalarini milliy meros namunalari bilan boyitish va nodir yodgorliklarni Vatanga qaytarish bo‘yicha topshiriq bergan.
Shu maqsadda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya va olimlar tomonidan keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borildi. So‘nggi yillarda nufuzli auksion uylari va xususiy kolleksionerlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Natijada mingdan ortiq noyob qo‘lyozma va artefaktlar O‘zbekistonga qaytarildi. Shuningdek, Transoksoniya va Xurosonga oid qimmatli asarlar markaz fondiga keltirildi.
Ilmiy ekspeditsiyalar va diplomatik missiyalar dunyo muzeylari va kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini yaratish imkonini berdi. Bu jarayon o‘zbek xalqi madaniy merosi nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom olami va insoniyat sivilizatsiyasining ajralmas qismi ekanini ko‘rsatadi.
Markaz muzey emas, balki faol ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida tashkil etilgan. Unda 200 mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari, xattotlik maktabi va raqamli arxivlar mavjud. Shuningdek, bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bu yerda faoliyat yuritadi.
Loyihada 40 dan ortiq mamlakatdan 1500 dan ziyod mutaxassis ishtirok etgan. Xalqaro ekspertlar uni yangi avlod muzeyi, ilmiy infratuzilma va global hamkorlik markazi sifatida baholagan.
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb markazni zamonaviy dunyoning intellektual markazi deb atab, uni Bayt ul-Hikma, Ma’mun akademiyasi va Mirzo Ulug‘bek madrasasi kabi tarixiy ilm maskanlari bilan qiyosladi.
“Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy va ma’rifiy meros — umumiy kelajak” ko‘rgazmasi besh davlat prezidenti ishtirokida o‘tkazilib, mintaqaviy birlik ramziga aylandi.
Joriy yil fevralь oyida Parijda “Prix Versailles” xalqaro qo‘mitasi tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi 2026 yilning “Dunyoning eng go‘zal muzeylari” ro‘yxatiga kiritildi.
Markaz shuningdek “Smithsonian Magazine”, “BBC Travel”, “BBC History” va “National Geographic” kabi nufuzli nashrlarda ham e’tirof etilgan.
Bu e’tiroflar markazning ilmiy va turistik salohiyatini yanada oshirib, uni jahon miqyosidagi muhim manzilga aylantirmoqda.
Markazning ochilishi muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri kelishi ham bejiz emas. 2018 yil aynan shu oyda ushbu loyihaning birinchi toshi qo‘yilgan edi. Oradan sakkiz yil o‘tib, Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z eshiklarini ochib, kelajak avlodlar uchun ma’naviy merosni asrash ramziga aylanmoqda.






