El Mundo Financiero: "Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual taraqqiyotida Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati"
Ispaniyaning El Mundo Financiero nashrida e’lon qilingan materialda ta’kidlanishicha, Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning “Uchinchi Renessans” g‘oyasi doirasidagi strategik madaniy va intellektual loyihasi sifatida baholanib, u tarixiy meros, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy-tadqiqot salohiyatini uyg‘unlashtirgan holda, sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqot va bilim almashinuvini ta’minlovchi global platforma sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bugun Markaziy Osiyo qalbidan yuzaga kelgan bir loyiha o‘z ko‘lami va ahamiyati bilan jahon e’tiborini tortmoqda: Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat me’moriy yodgorlik, balki mintaqaning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi intellektual ko‘prikdir.
Majmuaning 2026-yil mart oyida rejalashtirilgan ochilishi allaqachon nufuzli xalqaro nashrlar va tashkilotlar e’tiborini qozongan bo‘lib, u Yangi O‘zbekistonning eng muhim madaniy loyihalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Loyihaning asosi 2017-yilda qo‘yilgan edi. O‘sha yili O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ushbu tashabbusni ilgari surgan. U o‘z nutqida islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini — ma’rifat, tinchlik va yaratuvchanlik g‘oyalarini xalqaro jamoatchilikka yetkazish zarurligini ta’kidlagan. Bu nafaqat siyosiy bayonot, balki asrlar davomida ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lgan zamin ildizlariga qaytish dasturi ham edi.
Ushbu ulkan loyihaning paydo bo‘lishi dunyoda ma’naviy yangilanishga bo‘lgan ehtiyoj kuchayib borayotgan davrga to‘g‘ri keldi. Islomofobiya va radikalizm tarqalayotgan bir paytda, O‘zbekiston bu muammolarga ilm va ta’lim orqali javob berish modelini taklif qildi.
Bugun bu g‘oya Toshkentning tarixiy markazida joylashgan, 10 gektar hududni qamrab olgan muhtasham majmuada o‘z ifodasini topgan. Uning 65 metrli ko‘k gumbazi va to‘rtta oltin darvozasi O‘zbekistonning barcha hududlari birligini ifodalaydi. Bino me’morchiligida Temuriylar davri an’analari zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan.
Markaz din va ilm o‘rtasidagi muvozanatni o‘zida mujassam etadi. Uning asosiy ustuni Mirzo Ulug‘bek madrasasi me’morchiligi an’analari asosida yaratilgan bo‘lib, unda Qur’oni Karimning ilk oyati — “Iqro” (“O‘qi”) kalligrafik yozuvda aks ettirilgan. Bu bilim izlashni har bir insonning eng oliy ma’naviy burchi sifatida ifoda etadi.
Ekspozitsiyaning markaziy eksponati VII asrga oid Usmon Qur’oni bo‘lib, u YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan noyob muqaddas yodgorlikdir.
Majmuaning me’moriy konsepsiyasi nafaqat ulkanligi, balki zamonaviy shaharsozlik va ekologik barqarorlik talablariga to‘liq mosligi bilan ham ajralib turadi. Loyihaning har bir qismi tarixiy merosga hurmat bilan yaratilgan. Uni o‘rab turgan yashil hududlar esa uni nafaqat ilmiy markaz, balki keng madaniy-ma’rifiy makonga aylantiradi.
Markaz ekspozitsiyasi an’anaviy muzeylardan tubdan farq qiladi. Shavkat Mirziyoev ilgari surgan “Sivilizatsiya – Shaxslar – Kashfiyotlar” tamoyili asosida tashkil etilgan ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarni jonli intellektual muhitga olib kiradi. U xronologik tartibda — islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston bosqichlarini qamrab oladi.
Markazning o‘ziga xos jihatlaridan biri — “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘lib, u insoniyat tafakkuri taraqqiyotini uzluksiz jarayon sifatida namoyon etadi. Unda Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Ibn Sino, Al-Beruniy va Mirzo Ulug‘bek kabi allomalar kashfiyotlarining zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liqligi ko‘rsatiladi.
Virtual va qo‘shimcha reallik (VR va AR), gologrammalar va sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish Markazga IX asr qo‘lyozmalarini “jonlantirish”, qadimiy observatoriyalarni raqamli qayta tiklash imkonini beradi.
Bu raqamli integratsiya Markazni kelajak muzeyiga aylantiradi. Tashrif buyuruvchilar nafaqat ma’lumot oladilar, balki virtual ravishda buyuk olimlar bilan “muloqot” qilib, ularning tajribalarida ishtirok etishlari mumkin. Bolalar uchun mo‘ljallangan “1001 Inventions Laboratory” laboratoriyasi esa yoshlarda ilm-fanga qiziqish uyg‘otadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev millatning haqiqiy kuchi uning tarixi va madaniy ildizlarida ekanini ko‘p bor ta’kidlagan. Shu asosda muzey ekspozitsiyalarini milliy meros namunalari bilan boyitish va chet ellarda saqlanayotgan noyob eksponatlarni vatanga qaytarish vazifasi qo‘yilgan.
Bu maqsadda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxaliqov boshchiligidagi delegatsiya keng ko‘lamli tadqiqotlar olib bordi. Natijada mingdan ortiq qo‘lyozma va noyob artefaktlar O‘zbekistonga qaytarildi.
Markaz ilmiy-ta’lim platformasi sifatida ham faoliyat yuritadi. Unda 200 mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari, kalligrafiya maktabi va raqamli arxivlar mavjud. Shuningdek, ICESCO, IRCICA va Oxford Centre for Islamic Studies kabi nufuzli tashkilotlar ham bu yerda faoliyat olib boradi.
Loyihada 40 dan ortiq davlatdan 1500 ga yaqin mutaxassis ishtirok etgan. Xalqaro ekspertlar Markazni yangi avlod muzeyi, ilmiy infratuzilma va global hamkorlik platformasini birlashtirgan noyob majmua sifatida baholamoqda.
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Markazni zamonaviy dunyoning intellektual markazi deb atab, uni Bayt al-Hikma va Mirzo Ulug‘bek madrasasi kabi tarixiy ilm maskanlari bilan taqqosladi.
2026-yil fevral oyida Parijdagi Prix Versailles xalqaro qo‘mitasi Markazni “dunyoning eng go‘zal muzeylari” ro‘yxatiga kiritdi. Shuningdek, Smithsonian Magazine, BBC va National Geographic kabi nashrlarda ham e’tirof etildi.
Bu e’tirof Markazning ilmiy va turistik salohiyatini yanada oshirib, uni jahon miqyosidagi muhim maskanga aylantirmoqda.
Markazning ochilishi Ramazon oyiga to‘g‘ri kelishi ham ramziy ahamiyatga ega. Chunki 2018-yil aynan shu oyda uning ilk poydevori qo‘yilgan edi. Endi, sakkiz yildan so‘ng, u kelajak avlodlar uchun islom madaniy merosini asrash va rivojlantirish ramzi sifatida eshiklarini ochadi.






