

Yangiliklar
Caliber.az:"O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobiga nomzod sifatida e’tirof etilmoqda"
Ozarbayjonning Caliber.az O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan materialni e’lon qildi. Unda ta’kidlanishicha, Toshkentda barpo etilgan mazkur majmua o‘zining ko‘lami, zamonaviy infratuzilmasi va noyob ekspozitsiyalari bilan dunyodagi eng yirik madaniy-ma’rifiy markazlardan biri sifatida baholanib, Ginnes rekordlar kitobiga nomzod sifatida ham e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini ochdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Xabarda ta’kidlanishicha, mazkur markaz islom sivilizatsiyasi tarixi, madaniyati va merosini o‘rganish hamda ommalashtirish sohasida dunyodagi eng yirik majmualardan biriga aylangan. Uning ko‘lami Ginnes rekordlar kitobiga kiritish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Markaz Hazrati Imom majmuasi hududida, 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, kengligi 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metrga yetadi, umumiy foydali maydoni esa 42 ming kvadrat metrdan oshadi.
Bino Shavkat Mirziyoevning arxitekturaviy g‘oya va takliflari asosida loyihalashtirilgan. Unga to‘rt tomondan — to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Portallar va tashqi arkalar Qur’on oyatlari va hadislar bilan bezatilgan bo‘lib, ular ma’rifat, bag‘rikenglik, insonparvarlik va ota-onaga hurmat g‘oyalarini ifodalaydi.
Yer osti qavatida bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya va raqamlashtirish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va noyob qo‘lyozmalar saqlanadigan fondlar, zamonaviy kafeteriy va muzey vestibyullari joylashgan.
Birinchi qavatda taxminan 8350 kv. metrli ko‘rgazma zaliga ega muzey va 550 o‘rinli konferensiya zali mavjud. Ikkinchi qavatda Musulmonlar idorasi, qo‘lyozma va litografik manbalar, bosma va elektron adabiyotlardan iborat kutubxona, o‘quv zallari hamda xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoitlar yaratilgan.
Markazning ma’naviy yuragi sifatida Qur’on zali e’tirof etiladi. Unda noyob ekspozitsiyalar namoyish etilgan. Gumbaz ostida maxsus mepping-gologramma yaratilgan bo‘lib, unda avvalo kosmos tasviri, yulduzlar charaqlashi aks etadi. Bu kompozitsiya Toshkent osmonida ko‘rinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan. Yulduzlar sifatida 90 ta Swarovski toshlari va 650 dan ortiq yoritgichlar qo‘llangan.
Bu yerda Mushafi Usmon (YUNESKOning «Jahon xotirasi» ro‘yxatiga kiritilgan Qur’onning eng qadimiy nusxalaridan biri) bilan birga turli sulolalar davriga oid 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmalari jamlangan. Ular orasida Samoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar, Shayboniylar va boshqa davrlarga mansub nusxalar mavjud.
Markaz fondida 2000 dan ortiq qadimiy manba va 60 dan ziyod noyob Qur’on qo‘lyozmalari saqlanadi. Ular vatandoshlar tomonidan taqdim etilgan yoki xalqaro auksionlar orqali xarid qilingan.
Markaz xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. U Fransiyaning «Avitsenna» mukofotiga sazovor bo‘lgan, Smitsonov institutining Smithsonian Magazine jurnali talqiniga ko‘ra 2026 yilda eng ko‘p kutilayotgan 10 muzey qatoriga kiritilgan. Shuningdek, BBC Travel uni dunyodagi eng kutilayotgan muzeylardan biri sifatida baholagan.
Eksponatlar xalqaro ISO standartlari asosida raqamlashtirilgan va yagona elektron platformaga joylashtirilgan. YUNESKO va IKOM talablari asosida eksponatlar uchun maxsus klassifikatsiya va etiketka tizimi ishlab chiqilgan. Har bir eksponatdagi QR-kod orqali tashrif buyuruvchilar uch tilda (keyinchalik sakkiz tilda) audio va video ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.
Markaz «Har kim uchun ochiq muzey» konsepsiyasi asosida ijtimoiy integratsiya maydoni sifatida yaratilgan. Kelgusida ko‘zi ojizlar uchun avtomatik audiogidlar, Bluetooth-mayaklar orqali navigatsiya va robot-gidlar joriy etish rejalashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, markazga kuniga o‘rtacha 5000 nafar tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda. To‘liq faoliyat yuritishi uchun 400 dan ortiq xodim jalb etiladi.
Markaz kutubxonasi 3105 kv. metr maydonni egallagan bo‘lib, unda 45 mingdan ortiq nashrlar, jumladan 2609 ta noyob asarlar mavjud. Shuningdek, 350 mingta elektron manba ham jamlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoev markaz qoshida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma faoliyati bilan ham tanishdi. Unda AYSESKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar ofislari joylashgan.
Shuningdek, markaz ekspozitsiyasida Sotheby’s va Christie’s auksionlarida xarid qilingan hamda turli manbalar tomonidan hadya etilgan yuzlab noyob artefaktlar namoyish etilgan.
Prezident o‘z nutqida shunday dedi:
«Bugun biz o‘zligimizni anglash yo‘lidagi ulkan voqeaga guvoh bo‘ldik. Bu majmua xalqimizning kimligi, tarixi va buyuk ajdodlarimizni haqqoniy aks ettiradi. Bu yerga kelgan har bir inson, ayniqsa yoshlarimiz, qanday ulug‘ ajdodlar vorisi ekanini bilishi kerak».
Uning ta’kidlashicha, ushbu loyiha nafaqat me’moriy inshoot, balki xalqning orzu-intilishlari, ma’naviy kuchi va buyukligini namoyon etuvchi muqaddas maskandir.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.