Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri: “Bugungi sivilizatsiya taraqqiyotidagi ko‘plab yutuqlar tasodifiy emas”

“Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” davlatlari Biznes-forumi doirasida xorijiy delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif mehmonlarga mamlakatning boy tarixi, madaniy merosi va zamonaviy ilmiy-ma’rifiy salohiyatini yaqindan tanishtirish imkonini berdi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Markaz ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishib, qadimiy davrlardan to bugungi kungacha bo‘lgan sivilizatsion rivojlanish bosqichlarini aks ettiruvchi noyob eksponatlarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi. Zamonaviy multimedia texnologiyalari, interaktiv yechimlar va vizual taqdimot usullari mehmonlarda alohida taassurot uyg‘otdi.

Mehmonlar avvalo “Buyuk siymolar galereyasi”da bo‘lib, Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk allomalar, mutafakkirlar va davlat arboblari faoliyati bilan tanishdi. Shundan so‘ng delegatsiya Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limiga tashrif buyurib, qariyb 3000 yillik tarixga ega arxeologik topilmalar va madaniy meros namunalarini yuqori baholadi.

Tashrif davomida Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar ham alohida qiziqish uyg‘otdi. Madrasa maketlari, ilmiy muhitni aks ettiruvchi kompozitsiyalar hamda interaktiv o‘yinlar orqali ushbu davrning ilmiy va ma’rifiy yuksalishi yorqin namoyon etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasida namoyish etilgan ilmiy asboblar, qo‘lyozmalar va madaniy meros namunalari mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi. 

Delegatsiya “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” bo‘limi bilan ham tanishib, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ilmiy-ma’rifiy loyihalar va madaniy tashabbuslar haqida ma’lumot oldi.

Tashrif so‘nggida mehmonlar Markazning eng muhim qismlaridan biri bo‘lgan Qur’oni karim zalida bo‘ldi. Bu yerda joylashgan Usmon Mushafi tarixi, uning saqlanishi va ilmiy o‘rganilishiga oid ma’lumotlar delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Qur’on nozil bo‘lish jarayonini aks ettiruvchi zamonaviy mepping shou namoyishi mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.

-Qisqa vaqt ichida barpo etilgan ushbu ulkan inshoot katta taassurot qoldiradi. U qadimiy sivilizatsiyaning zamonaviy texnologiyalar va modernizatsiya bilan uyg‘un rivojlana olishini yaqqol namoyon etadi. Qadimiy an’analardan boshlanib, turli madaniy bosqichlar orqali shakllangan jarayonlarni chuqur o‘rganish asnosida O‘zbekiston tarixi, ayniqsa islomdan oldingi va islomiy sivilizatsiyalar merosi nihoyatda qiziqarli ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim. Italiya kompaniyalarining ushbu noyob inshootni barpo etishda ishtirok etgani men uchun alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi. Bu, shubhasiz, juda muhim ahamiyatga ega. Ekspozitsiyalarda har bir bosqichning batafsil va puxta yoritilgani orqali buni yaqqol his etish mumkin. Shu bilan birga, islom sivilizatsiyasining ko‘plab jihatlari — san’at, hunarmandchilik, kasb-hunar, matematika, tibbiyot va astronomiya sohalaridagi yutuqlar ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Ko‘rganlarimiz shuni ko‘rsatadiki, bugungi sivilizatsiya taraqqiyotidagi ko‘plab yutuqlar tasodifiy emas, balki ularning barchasi qadimiy an’analar va chuqur ildizlarga tayanadi, — dedi Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida.

Mazkur tashrif Markazning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etib, uning turli davlatlar o‘rtasidagi madaniy va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim platforma sifatidagi o‘rnini tasdiqladi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.