

Yangiliklar
Tojikfilm delegatsiyasi Islom sivilitsiyasi markazida: “Faqat buyuk shaxslargina shunday nodir asar yarata oladi”
Markazning Xorazm portalida namoyish etilgan mepping shou orqali 3000 yillik shonli tarix ta’sirchan vizual yechimlarda yoritib berildi. Ana shu noyob namoyish “Tojikfilm” davlat muassasasi delegatsiyasining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomidagi eng yorqin taassurotlardan biriga aylandi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga “Tojikfilm” davlat muassasasi direktori boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Ushbu tashrif mehmonlarga mamlakatning boy tarixi, bebaho madaniy merosi hamda zamonaviy ilmiy-ma’rifiy salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Markazning har bir bo‘limida namoyish etilayotgan yuzlab videoroliklarni diqqat bilan kuzatdi. Ularda aks ettirilgan tarixiy va ilmiy yutuqlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi va ular ushbu yutuqlar haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Bu interaktiv va vizual yechimlar ekspozitsiyalarning ta’sirchanligini oshirib, mehmonlarning har bir ma’lumotni yanada chuqur va yaqqol tushunishlariga yordam berdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Markazning boy va mazmunan chuqur ekspozitsiyalari bilan tanishib, har bir bo‘lim orqali insoniyat sivilizatsiyasining izchil rivojlanish yo‘lini kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Eksponatlarning tarixiy qimmati zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan holda taqdim etilgani mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi.
Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limida namoyish etilgan qadimiy topilmalar va artefaktlar mintaqaning ko‘p ming yillik tarixi haqida to‘la tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Ekspozitsiyalar davomida Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘lim mehmonlarning alohida e’tiborini tortdi. Madrasa maketlari, ilmiy muhitni aks ettiruvchi kompozitsiyalar va interaktiv elementlar orqali ushbu davrning ilmiy va ma’rifiy yuksalishi jonli namoyon etildi. Shu bilan birga, Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasida namoyish etilgan ilmiy asboblar va nodir qo‘lyozmalar bu davrning intellektual salohiyatini yaqqol ko‘rsatdi.
Delegatsiya shuningdek, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” bo‘limida mamlakatning bugungi taraqqiyot bosqichi, amalga oshirilayotgan islohotlar va kelajakka qaratilgan strategik yo‘nalishlar bilan tanishdi.
Shuningdek, Qur’oni karim zalida mehmonlar Usmon Mus’hafi tarixi va uning ilmiy ahamiyati bilan tanishdi. Qur’on nozil bo‘lish jarayonini zamonaviy texnologiyalar orqali taqdim etuvchi mepping shoudan ta’sirlanishdi.
-Avvalo, O‘zbekiston xalqiga Navro‘z bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarimni yo‘llayman. Bu markazga ilk bor tashrif buyurib, go‘yo “tirik muzey”ni ko‘rgandek bo‘ldim. Bu yerda nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa xalqlarining juda qadimiy va g‘ururli tarixi o‘z ifodasini topgan. Men bu noyob xazinani to‘plashda hissa qo‘shgan barcha shaxslarga tashakkur aytaman. Ular nafaqat o‘z millatiga, balki butun dunyoga ushbu merosni namoyon etish imkonini berdi. Menimcha bu yerda ko‘rganlarim nafaqat o‘tmishdan saboq olishga kelajak avlodlarga ham yordam beradi. Faqat buyuk shaxslargina shunday nodir asar yarata oladi va men yangi O‘zbekistonda aynan shu turdagi nodir asar – Islom sivilizatsiyasi markazini ko‘rdim va bu menga katta xursandchilik baxsh etdi. Janob Prezidentingizning tashabbusini tahsinga loyiq deya olaman. Menimcha, tamaddun, tarix, adab va madaniyat barcha jarayonlari aynan shu markazdan boshlanadi va bu manba bugungi kunda millatning barqarorligini ta’minlaydi. Somoniylar tamaddunidan to zamonaviy O‘zbekistongacha bo‘lgan yo‘lga juda qiziqdim. Markazga tashrif buyuradigan har bir kishi bu merosdan ta’sirlanadi. Bu ham xalq uchun, ham kelajak avlodlar uchun, ham sayyohlar uchun muhimdir. Hozir ko‘plab sayyohlar bu yerni ko‘rmagan, shuning uchun uni keng targ‘ib qilish kerak. Ular kelib, bu markaz va bu buyuk tamaddun bilan tanishsin, uni ko‘rsin va uni qadrlasin. Men bu yerda inson paydo bo‘lishidan to bugungi kungacha bo‘lgan barcha jarayonlarni ko‘rdim va bu men uchun juda qiziq va ta’sirli bo‘ldi. Yana bir bor Navro‘z bayrami munosabati bilan barchani qutlayman va barchaga tinchlik, farovonlik va baxt tilayman, — dedi “Tojikfilm” davlat muassasasi direktori Mahmadsaid Shohiyon.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.