Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

The Times of India: “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Uchinchi Renessans” g‘oyasini ifoda etadi.”

The Times of India O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola e’lon qildi. Nashrda yoritilishicha, Toshkentda ochilgan mazkur markaz O‘zbekistonning “Uchinchi Renessans” g‘oyasini ifoda etuvchi yirik madaniy va intellektual loyiha sifatida jahon e’tiborini tortmoqda. U mamlakatning ilmiy va ma’rifiy salohiyatini tiklash, boy tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro muloqot maydoniga aylanishni maqsad qilgan.

2026 yil 17 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tantanali ravishda ochildi. U o‘zining ko‘lami, ramziy ahamiyati va geosiyosiy mazmuni bilan jahon e’tiborini tortayotgan yirik madaniy va intellektual loyihadir.

Mamlakatning “Uchinchi Renessans” davrining asosiy ustuni sifatida qaralayotgan mazkur 10 gektarli majmua Markaziy Osiyoning ilmiy, ma’rifiy va madaniy almashinuv markazi sifatidagi tarixiy rolini tiklashni maqsad qilgan. Shu bilan birga, u ta’lim va muloqot orqali ekstremizm va islomofobiyaga zamonaviy yondashuvni taklif etadi.
 
Loyiha ilk bor 2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan bo‘lib, u yerda Islomning ma’rifat, tinchlik va ijodkorlikka asoslangan insoniy mohiyatini namoyon etishga chaqirilgan edi. Shundan buyon tashabbus “Yangi O‘zbekiston”ning eng nufuzli madaniy loyihalaridan biriga aylandi.

“Uch ming yillik tarix zamonaviy va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Bu yerda inson haqiqatan ham tarixni his qiladi, befarq qolishning iloji yo‘q”, — dedi Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb.

Arxitektura jihatidan markaz Temuriylar davri an’analari bilan zamonaviy dizaynni uyg‘unlashtiradi. Uning 65 metrlik moviy gumbazi va to‘rtta oltin darvozasi milliy birlikni ifodalaydi, barqaror rejalashtirish va ko‘kalamzor jamoat hududlari esa uni ham madaniy, ham shaharsozlik yodgorligiga aylantiradi.

Markazning asosiy g‘oyasi — imon va ilmni uyg‘unlashtirishdir. Qur’oni karimdagi “Iqro” (“O‘qi”) oyatining yozuvi ilm olishni ma’naviy burch sifatida talqin etadi. Uning eng noyob eksponatlaridan biri — UNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan VII asrga oid Usmon Qur’onidir.

An’anaviy muzeylardan farqli o‘laroq, markaz “Sivilizatsiyalar — Shaxslar — Kashfiyotlar” mavzusi asosida interaktiv ekspozitsiya formatiga ega. Tashrif buyuruvchilar islomdan oldingi davrdan tortib Islomning oltin asri va zamonaviy O‘zbekistongacha bo‘lgan tarixiy yo‘lni bosib o‘tadilar. Bu jarayon rasmiylar ta’kidlayotgan yangi intellektual uyg‘onish bosqichini ifodalaydi.

Paragvay prezidenti Santьyago Penьya shunday dedi: “Insoniyatning ko‘plab ilmiy va madaniy yutuqlari aynan shu yerda paydo bo‘lgan. Afsuski, dunyo har doim ham algebra va tibbiyot sohasidagi asosiy asarlar shu zaminda yaratilganini to‘liq anglayvermaydi”.
 
Markazdagi muhim installyasiyalardan biri — “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘lib, u insoniyat bilimining uzluksiz rivojini aks ettiradi. Unda Xorazmiy, Ibn Sino va Beruniy kabi allomalar zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘langan holda namoyon etiladi. Virtual va qo‘shimcha reallik, gologrammalar va sun’iy intellekt kabi ilg‘or texnologiyalar orqali qadimiy observatoriyalar qayta yaratilib, qo‘lyozmalar “jonlantiriladi”. Shuningdek, bolalarda ilmga qiziqishni oshirish maqsadida “1001 ixtiro” laboratoriyasi tashkil etilgan.

Rasmiylar ta’kidlashicha, markaz O‘zbekistonning tarqoq holda saqlanayotgan madaniy merosini qayta tiklashga qaratilgan keng qamrovli sa’y-harakatlarning bir qismi hisoblanadi. Xalqaro muassasalar va auksion uylari bilan hamkorlikda so‘nggi yillarda 2 mingga yaqin qo‘lyozma va artefaktlar, jumladan Ibn Sino va Beruniyga oid asarlar vataniga qaytarildi. Shuningdek, xorijiy kutubxonalarda saqlanayotgan nodir asarlarning faksimile nusxalari ham yaratildi.

Markazda 200 mingdan ortiq kitob jamlanadigan ilmiy kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari, raqamli arxivlar va xattotlik maktabi faoliyat yuritadi. U ICESCO, IRCICA va Oksford Islom tadqiqotlari markazi kabi tashkilotlar ishtirokida jahon miqyosidagi ilmiy markazga aylanishi kutilmoqda.

Loyihada 40 dan ortiq mamlakatdan 1500 dan ziyod mutaxassis ishtirok etgan. 2025 yil yanvarь oyida o‘tkazilgan prezident tekshiruvidan so‘ng, ekspozitsiyalar yanada boyitilib, minglab tadqiqotchilarning ilmiy va innovatsion yutuqlari bilan to‘ldirildi.

Jahon yetakchilari va xalqaro tashkilotlar ham ushbu loyihaga alohida e’tibor qaratmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi António Guterres tashrif chog‘ida O‘zbekistonning muloqot va ma’rifatga bergan ustuvor ahamiyatini yuqori baholadi. Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa davlatlar rahbarlari esa Markazni mintaqada ilmiy tadqiqotlar va madaniy almashinuv uchun umumiy platforma sifatida ta’rifladilar.

Loyiha ochilishidan avval ham xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. 2026-yil fevral oyida u Prix Versailles tomonidan tuzilgan “Dunyoning eng go‘zal muzeylari” ro‘yxatiga kiritildi. Shuningdek, u National Geographic, BBC va Smithsonian Magazine kabi nufuzli nashrlarda yoritilib, jahondagi yirik muzey loyihalari qatoridan joy oldi.

Besh nafar prezident va 300 dan ortiq olim ishtirok etgan mintaqaviy kongressda Markaz Markaziy Osiyo va undan tashqari hududlar uchun umumiy madaniy meros ramzi sifatida namoyon etildi.

Muqaddas Ramazon oyida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimi o‘ziga xos ramziy ahamiyatga ega. Markazning poydevori ham 2018-yil Ramazon oyida qo‘yilgan bo‘lib, bu g‘oyadan to amalga oshirishgacha bo‘lgan sakkiz yillik yo‘lni anglatadi.

O‘zbekiston meros va zamonaviylik chorrahasida o‘z o‘rnini mustahkamlar ekan, Islom sivilizatsiyasi markazi yirik turistik manzilga, shuningdek, global muloqot maydoniga aylanishi kutilmoqda. U mintaqa intellektual merosini kelajak maqsadlari bilan bog‘lashni ko‘zlaydi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.