690 yildan keyin: Amir Temur merosini o‘rganish — yangi bosqichda
Buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda va sohibqiron Amir Temur jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxslardan biridir. U barpo etgan markazlashgan davlat, amalga oshirgan keng ko‘lamli siyosiy va harbiy islohotlar, ilm-fan, madaniyat va san’atga ko‘rsatgan beqiyos homiyligi tufayli Movarounnahr va butun Markaziy Osiyo hududida misli ko‘rilmagan madaniy va ma’naviy yuksalish yuz berdi.
Temuriylar davrida yuzaga kelgan mazkur yuksalish keyinchalik tarixda “Temuriylar Renessansi” nomi bilan e’tirof etildi. Bu davr nafaqat mintaqaviy taraqqiyot, balki jahon sivilizatsiyasi rivojida ham muhim bosqich sifatida baholanadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Amir Temur merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevralda qabul qilingan PQ-46-son qaroriga muvofiq, joriy yilda Sohibqiron tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda.
Mazkur qarorda buyuk ajdodimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini tadqiq qilish, uning davlatchilik an’analari va madaniy qadriyatlarini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan qator muhim vazifalar belgilab berilgan.
Shu asosda har yili aprelь oyi mamlakatimizda “Amir Temur oyligi” sifatida nishonlanishi belgilangan. Shuningdek, 2030-yilgacha mo‘ljallangan maxsus “yo‘l xaritasi” qabul qilinib, unda temuriylar davriga oid manbalarni ilmiy jihatdan o‘rganish, nodir qo‘lyozmalarni nashr qilish va xalqaro ilmiy jamoatchilikka taqdim etish kabi dolzarb vazifalar qamrab olingan.
Jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan tarixchilar, sharqshunoslar va temurshunos olimlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk bobokalonimiz Amir Temurning nafaqat sarkarda, sohibqironligi, balki ma’rifarparvarligi, ilm-fan va madaniyatni qo‘llab-quvvatlaganligini yaqqol namoyon etuvchi Ikkinchi Renessans davri ekpozitsiyasi tashkil etilgan. Mazkur ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarni sohibqiron yashagan davr muhitiga olib kiradi.
Zamonaviy muzey texnologiyalari, interaktiv ekspozitsiyalar va nodir tarixiy eksponatlar uyg‘unligi ushbu bo‘limni markazning eng qiziqarli va diqqatga sazovor qismiga aylantirgan.
Unda Amir Temur hayoti, davlatchilik faoliyati, harbiy yurishlari va temuriylar davri madaniy merosi ilmiy asosda, zamonaviy ekspozitsion usullar orqali namoyon etilgan. Interaktiv xaritalar, nodir qo‘lyozmalar, me’moriy maketlar, tarixiy hujjatlar va sun’iy intellekt asosida yaratilgan avatarlar ekspozitsiyani yanada jonli va ta’sirchan qiladi.
Ekspozitsiyaning markaziy qismidagi maxsus tach-panelga joylashtirilgan Amir Temur saltanatining interaktiv xaritasida 1370-yilda Amir Temurning taxtga chiqishidan boshlab, temuriylar davlati rivojining asosiy bosqichlari aks ettirilgan.
Tashrif buyuruvchilar mazkur xarita orqali:
• yirik shaharlar,
• strategik hududlar,
• savdo yo‘llari,
• madaniy markazlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin.
Bu esa tarixiy voqealarni faqat ko‘rish emas, balki ularni anglash va tahlil qilish imkonini ham beradi.
Markaz ekspozitsiyasida Amir Temur haqida Yevropada yaratilgan ilmiy va adabiy asarlar ham namoyish etilgan. Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Amir Temur saltanatiga sayohat kundaligi” asari shular jumlasidandir. Klavixo Samarqandga qilgan sayohati davomida shaharning go‘zal me’morchiligi, saroy hayoti, madaniy muhit va Sohibqironning davlat boshqaruvi haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan. Bu asar Yevropa jamoatchiligini Amir Temur shaxsiyati bilan tanishtirgan ilk manbalardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, yevropalik mualliflar — Marsel Brion, Edgar Allan Po va Iogann Shiltberger kabi tarixchi va yozuvchilarning asarlari ham ekspozitsiyadan o‘rin olgan. Ushbu nashrlar Yevropada Amir Temur shaxsiyatiga bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ekspozitsiyada “Temur tuzuklari” asariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Asar davlat boshqaruvi, adolat, intizom va harbiy tartib-qoidalar haqidagi muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Markazda ushbu asarning faksimil nusxalari, turli tillardagi tarjimalari va elektron variantlari bilan tanishish imkoniyati yaratilgan.
Davlat rahbarining Sohibqiron tavalludining 690 yilligi keng nishonlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq esa “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli nashri fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etilishi belgilangan.
Ekspozitsiyadagi eng nodir yodgorliklardan biri — “Ulug‘tog‘ bitigi” hisoblanadi. 1391-yilda yozdirilgan bu ulkan yodgorlik Sohibqironning davlatchilik g‘oyalari va harbiy qudratini aks ettiradi.
Shuningdek, xattot Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan Qur’oni karim sahifasi ham namoyish etilmoqda. Bu kabi nodir asarlar ma’naviy merosimizning beqiyos boyligini namoyon etadi.
Markazda sun’iy intellekt asosida yaratilgan maxsus avatar orqali tashrif buyuruvchilar Amir Temur bilan “muloqot” qilish imkoniga ega. U o‘zbek, rus, ingliz va arab tillarida savollarga javob beradi. Bu esa muzeyni yangi avlod uchun yanada jozibador va interaktiv qiladi.
Umuman olganda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan mazkur ekspozitsiya Amir Temur va temuriylar davri tarixi, ilm-fani va madaniyatini zamonaviy yondashuv asosida namoyon etadi. Eng muhimi, ushbu ekspozitsiya Prezidentimizning Amir Temur shaxsiyatini yanada keng targ‘ib qilish uchun muhim manbalardan biridir.


