Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

UNFPA va Al-Azhar olimlari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Birlashgan millatlar tashkiloti Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Misr arab respublikasidagi nufuzli Al Azhar universiteti olimlari hamda professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlar Markazning muzey ekspozitsiyalari, ilmiy-ma’rifiy bo‘limlari va zamonaviy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. Ular ekspozitsiyalarning mazmunan boyligi, vizual va interaktiv formatlarda taqdim etilgani, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholadilar.

Ekskursiya jarayonida delegatsiya a’zolari ushbu zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalar va mutafakkirlar merosi bilan tanishib, bu O‘zbekiston uchun beqiyos iftixor ekanini ta’kidladilar. Ayniqsa, ekspozitsiyalarda ma’lumotlarning yoshlar uchun tushunarli va zamonaviy usullarda taqdim etilayotgani alohida e’tirof etildi. Mehmonlar fikricha, bunday yondashuv ushbu hududda qadimdan yuksak sivilizatsiya shakllanganini yaqqol namoyon etadi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolarida eng katta taassurot qoldirgan maskanlardan biri Qur’oni karim zali bo‘ldi. Unda namoyish etilgan Usmon mushafining ulug‘vorligi, uning tarixiy va ma’naviy ahamiyati mehmonlar tomonidan katta hayrat va ehtirom bilan baholandi.

Shuningdek, mehmonlar Markazda zamonaviy texnologiyalar, interaktiv yechimlar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanilayotganini qayd etdilar. Ularning ta’kidlashicha, bu har bir tashrifchiga tarixni chuqurroq anglash, uni mustaqil ravishda o‘rganish va his qilish imkoniyatini yaratadi.

Umuman olganda, delegatsiya a’zolari Markazning qisqa muddat ichida barpo etilgani, uning ilmiy-ma’rifiy va madaniy ahamiyati nihoyatda yuqori ekanini e’tirof etdilar. Ular mazkur majmuani nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosda ham muhim ma’rifiy va ilmiy platforma sifatida baholab, kelgusida hamkasblari, talabalar va keng jamoatchilikka ushbu maskanga tashrif buyurishni tavsiya etishlarini bildirdilar.

Ibrohim al Hudhud, professor (Misr):

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurganimdan juda mamnunman. Bu yerdagi ko‘rgazma uslublari, tashkiliy ishlar va simulyasiyalar yuksak darajada. Ekspozitsiyalar orqali islomdan oldingi davrdan hozirgi kungacha bo‘lgan sivilizatsiyalarni xuddi o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, his qilayotgandek taassurot oldik.

Markaz zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt bilan jihozlangani esa har bir tashrifchiga bilimlarni mustaqil o‘zlashtirish imkonini beradi. To‘g‘risini aytsam, bu yerni to‘liq o‘rganish uchun bir necha kun vaqt talab etiladi. Bu haqiqatan ham xalqaro miqyosdagi ulkan loyiha.

Eng muhimi, bu maskan yoshlarda o‘zlikni anglash tuyg‘usini mustahkamlaydi. Chunki insonning shaxsiyatini belgilaydigan asosiy omillar — uning tili, dini va tarixi hisoblanadi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.