

Yangiliklar
“Bu yerda butun Markaziy Osiyo tarixi mujassam” — xalqaro delegatsiya taassuroti
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, qisqa fursatda xalqaro miqyosda e’tirof etilib, o‘zining mahobati va boy mazmuni bilan jahon e’tiborini qozonib kelmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Qirg‘iz Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Ruslan Mukambetov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari markazning har bir zalini batafsil ko‘zdan kechirdi. Tashrif davomida mehmonlar Buyuk siymolar galereyasida joylashgan 14 ta ravoqdagi asarlar bilan tanishib, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi haqida atroflicha ma’lumot oldilar.
Shuningdek, ular markaz muzeyidagi Qur’oni Karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, o‘zbek xonliklari davri hamda “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya a’zolarida ayniqsa Qur’oni karim zali katta taassurot qoldirdi. Ular bu yerda namoyish etilgan zamonaviy mapping-shouni tomosha qilib, mashhur Usmon Mus’hafi bilan tanishdilar. Shuningdek, O‘zbekistonga daxldor 114 ta Qur’on qo‘lyozmasini o‘z ichiga olgan loyiha doirasidagi noyob manbalarni ko‘rishdi. Jumladan, Katta Langar Qur’oni, Somoniylar va Qoraxoniylar davriga mansub Qur’onlar hamda O‘zbekxon Qur’oni mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Delegatsiya a’zolari e’tiborini tortgan asosiy bo‘limlardan yana biri Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasi bo‘ldi. Bu yerda Amir Temur hukmronligi davridagi siyosiy, madaniy va ilmiy-ma’rifiy hayot keng yoritilgan. Buyuk Amirning davlat arbobi, bunyodkor va ilm-fan homiysi sifatidagi siymosi mazkur zalda ta’sirchan tarzda aks ettirilgan.
Qirg‘iz Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Ruslan Mukambetov:
“Biz bunday markaz qurilayotgani haqida ancha vaqtdan beri eshitib kelayotgandik. Omadimiz kelib, aynan ochilishidan keyin tashrif buyurish nasib etdi. Albatta, juda katta taassurot qoldiradi. Bu yerda nafaqat O‘zbekiston tarixi, balki butun Markaziy Osiyo tarixi ham aks etgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Va bularning barchasi zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilgani sababli, hammasi boshqacha ko‘rinadi, boshqacha qabul qilinadi..
Ma’lumki, o‘z tarixini bilmagan xalqning kelajagi bo‘lmaydi. Shuning uchun, ayniqsa yoshlar, o‘sib kelayotgan avlod uchun o‘z tarixini bilish juda muhim. Menimcha, bu juda katta ahamiyatga ega. Bu yerga odamlar juda ko‘p kelayotgani ham shuni ko‘rsatyapti. Bu juda yaxshi, va shunday bo‘lishi kerak.”
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.