Condé Nast Traveller: "O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — o‘zbek madaniyatining yangi ramziga aylangan maskan"
Condé Nast Traveller nashri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola e’lon qildi. Maqolada ta’kidlanishicha, Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning yangi madaniy ramzi sifatida namoyon bo‘lib, shaharning jahon madaniy xaritasidagi o‘rnini qayta belgilashga xizmat qilmoqda. Maqolada mazkur majmua tarixiy meros, zamonaviy arxitektura va ilg‘or texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan holda, o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi noyob ma’rifiy makon sifatida baholanadi.
Zarqaynar ko‘chasi bo‘ylab, Toshkentning eski mahallasi orqali yurar ekansiz, go‘yo boshqa bir davr qayta tiriltirilgandek tuyuladi. Ko‘chalar loy g‘isht devorlar bilan o‘ralgan, ta’mirlash ishlarining ovozi esa havoni to‘ldirib turadi: quruvchilar bir paytlar tashlab qo‘yilgan uylarni kafe, mehmonxonaga aylantirmoqda. Bu o‘zgarishlarning ayrimlari allaqachon yakunlangan: Oxun Guzar hunarmandchilik uyi endi XVIII asrga oid tiklangan masjidda joylashgan, Farovon butik mehmonxonasi esa qadimiy madrasani eslatadi — uning kamonli panjarali ayvonlari va anor naqshlari gilamlar, devoriy rasmlar, kulolchilik buyumlari va o‘ymakor yog‘ochlarda aks etgan. Yaqin atrofda tez orada ochilishi kutilayotgan Zamonaviy san’at markazi ushbu tarixiy hududlarning ayrim qismlarini rassomlar rezidensiyalariga aylantirib, global miqyosda ko‘p sohali va madaniyatlararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Hazrati Imom majmuasi yonidagi 10 gektarlik hududda barpo etilgan ulkan yangi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi esa katta bayonotdek yangraydi: Toshkent go‘yo o‘z o‘rnini jahon madaniy xaritasida qayta belgilashga intilayotgan shahardir.
Bu ko‘zga tashlanmas bo‘lishi mumkin emas: uning moviy mozayka gumbazi va oltin bilan qoplangan uchi Zarqaynarning tor ko‘chalaridanoq ko‘rinadi. Yaqinlashganingizda, har biri taxminan 34 metr balandlikka ega bo‘lgan to‘rt ulkan peshtoq namoyon bo‘ladi. Ular Samarqand, Buxoro, Qo‘qon va Xorazm kabi tarixiy ilm markazlariga bag‘ishlangan bo‘lib, bir paytlar imperiyalar va g‘oyalar chorrahasida turgan mintaqaning ramziy darvozalari sifatida xizmat qiladi.
Sayohat “Buyuk siymolar galereyasi” zalidan boshlanadi — baland va keng kirish qismida 14 ta mozayka asari arkli nishalarda joylashgan. Ular Markaziy Osiyoning ilmiy merosiga oid shaxslar va muhim voqealarni tasvirlaydi. Ibn Sino (Avitsenna), Xorazmiy, Beruniy va Forobiy kabi nomlar bir paytlar butun islom olamida mashhur bo‘lgan bo‘lsa, bugun yana qayta qadrlanmoqda. Har bir panel ostida to‘qqiz tilda ma’lumot beruvchi interaktiv ekranlar joylashgan.
Markaz to‘rtta asosiy ekspozitsiya zali orqali ochiladi: islomdan oldingi davr, Birinchi renessans, Ikkinchi renessans va zamonaviy “Yangi O‘zbekiston”.
Islomdan oldingi davr kutilgandan ham qadim davrlarga olib boradi. Obi-Rahmat maskanida topilgan tosh qurollar bu hududda taxminan 80 ming yil avval odamlar yashaganini ko‘rsatadi, Baqtriyadan topilgan oltin taqinchoqlar esa islomdan oldingi yuksak madaniyatdan dalolat beradi. Bu yerda interaktivlik muhim o‘rin tutadi: Nurota petrogliflari raqamli ravishda tiklangan, Avesto, yunon-baqtriya, ko‘k turk va xorazmiy yozuvlari sensor ekranlarda namoyish etilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar o‘z so‘zlarini qadimiy alifbolarga aylantirishlari mumkin.
Birinchi renessans zali VIII–XIII asrlarda islomning Markaziy Osiyoda tarqalishi va rivojlanishini ko‘rsatadi. Arxitekturasida qumrang va bej ranglar ustunlik qiladi. Bu yerda Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari nusxalari, Forobiyning “Fozil shahar ahli qarashlari haqida kitob” kabi falsafiy asarlar bilan birga namoyish etilgan. Baytul hikma (Donolik uyi) qayta yaratilgan sahnalari olimlarning hayotini jonlantiradi, Xorazmdagi Ma’munlar davri esa Ibn Sino va Beruniy kabi olimlar orqali global fanga ta’sirini ko‘rsatadi.
Eng diqqatga sazovor eksponatlardan biri — 1859 yilda Usmoniy sultoni Abdulmajid davrida tayyorlangan Ka’ba kisvasining bir qismi. Shuningdek, Ka’baning oltin eshigi nusxasi va Mamluklar davriga oid Makka shahri kalitlari ham namoyish etilgan.
Ikkinchi renessans zali XIV–XVI asrlardagi Temuriylar davriga bag‘ishlangan. Bu davrda Samarqand, Hirot va Shahrisabz ilmiy va madaniy markazlarga aylangan. Interьerda Temuriy gumbazlariga xos ko‘k va lajvard ranglar hukmron. Bu yerda Amir Temur imperiyasi hududini ko‘rsatuvchi interaktiv xarita, “Temur tuzuklari”ni o‘rganish imkonini beruvchi raqamli devor, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi modeli va “Ziji Kuragoniy” yulduzlar katalogi aks etgan shift kompozitsiyasi mavjud.
Markazning yuragida, ulkan ko‘k gumbaz ostida, eng muhim eksponat — VII asrga oid Usmon Mushafi joylashgan. U dunyodagi eng qadimiy Qur’on nusxalaridan biri bo‘lib, UNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan. Uning ustida 50 tonna og‘irlikdagi, 1,6 millionga yaqin Swarovski kristallari bilan bezatilgan lyustra nur sochib turadi. Atrofida esa ipak gilamlarga Qur’on oyatlari to‘qilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, ushbu mushafda xalifa Usmonning shahid qilingan paytidagi qon izlari ham saqlangan.
So‘nggi zal esa zamonaviylik va kelajakka bag‘ishlangan. U “Uchinchi renessans” g‘oyasi doirasida inson qadri, ta’lim, dinlararo muloqot va ekologik ong kabi mavzularni yoritadi. Bu yerda an’anaviy uslub o‘rnini oyna, yorug‘lik va yengil dizayn egallagan.
Texnologiya asosiy rol o‘ynaydi: OLED ekranlar, VR qurilmalar va LED teatrlar tashrifni yanada jonlantiradi. Markazda “Mahalla daraxti” installyasiyasi joylashgan bo‘lib, unda O‘zbekiston bo‘ylab taxminan 14 ming mahalla ramziy tarzda aks etgan. Atrofda yoshlar, san’atkorlar va tadbirkorlar haqida qisqa filьmlar namoyish etilib, umumiy kelajak g‘oyasi ifoda etilgan.
To‘liq ko‘rib chiqish uchun 3–4 soat talab etiladigan bu markaz oddiy to‘xtash joyi emas, balki mustaqil manzildir. U Samarqand va Buxoro yodgorliklarini tushunishga yangi mazmun qo‘shadi.
Toshkentdan boshlaganlar uchun esa bu shaharda uzoqroq qolishga sabab bo‘ladi. Sovet davri modernizmi va ulkan binolari bilan mashhur bo‘lgan shahar bugun saqlash va yangilanish uyg‘unligi bilan yangi qiyofa kasb etmoqda — balki uning eng katta yutug‘i ham shu bo‘lsa kerak.






