“Bir kunda ko‘rib bo‘lmaydi”: Moskva universiteti delegatsiyasi Toshkentdagi markazdan hayratda
M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Davlat siyosati kafedrasi mudiri Vladimir Yakunin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida loyihalashtirilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning ko‘lami va mazmunan boy ekspozitsiyalarini yuqori baholadi. Ayniqsa, Ahmad Farg‘oniy nilometri va Ikkinchi Renessans davri merosi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida loyihalashtirilib, so‘nggi 8 yil davomida bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro jamoatchilik uchun yirik ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida namoyon bo‘lmoqda.
M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Davlat siyosati kafedrasi mudiri Vladimir Yakunin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari markazning nafaqat ichki ekspozitsiyalari, balki tashqi me’moriy yechimi to‘rt tomondagi portallar, ulardagi nozik naqshlar va yozuvlar, har bir detalning puxta o‘ylangan holda qo‘llanilgani bilan ham hayratda qolganliklarini bildirdilar.
Mehmonlarda ayniqsa muzeyning Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasi katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda buyuk allomalarning ilmiy merosi, xususan, Ahmad Farg‘oniy tomonidan takomillashtirilgan nilometr alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Mazkur asbob qadimda Nil daryosi suv sathini o‘lchash uchun xizmat qilgan bo‘lib, gidrostatika qonunlariga asoslangan. Nilometr yordamida daryoning yillik suv hajmi aniqlanib, qurg‘oqchilik yoki toshqin ehtimoli bashorat qilingan, shuningdek, hosildorlik darajasi va soliq siyosati ham shu ko‘rsatkichlarga bog‘liq holda belgilangan. Ushbu ilmiy yondashuv delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Ikkinchi Renessans davri bo‘limida esa mehmonlarni ayniqsa Shohrux Mirzo davriga oid ekspozitsiyalar qiziqtirdi. Bu yerda ilm-fan va madaniyat taraqqiyoti, Shohrux Mirzoning ma’rifatparvarlik faoliyati keng yoritilgan. Xususan, uning kutubxonasiga oid 50 dan ortiq qo‘lyozmalar aniqlangani haqidagi ma’lumotlar delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, 1434-yilda uyg‘ur yozuvida eski o‘zbek tilida yozilgan “Me’rojnoma” asari, undagi miniatyuralar alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari “Yangi O‘zbekiston” hamda “Qur’oni Karim” zallari ekspozitsiyalari bilan ham yaqindan tanishdilar.
Vladimir Yakunin, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Davlat siyosati kafedrasi mudiri:
Bu yerda amalga oshirilgan g‘oyaning buyukligi, uning ijrosidagi go‘zallik va ekspozitsiyalarning mazmunan boyligi tahsinga loyiq. Ushbu markaz, eng avvalo, bilim manbai va jamiyatni tarbiyalash vositasidir. Ekspozitsiya shu qadar kengki, uni qisqa vaqtda to‘liq o‘rganib bo‘lmaydi. Bu esa yana qaytib kelish uchun asos bo‘ladi.
Shuningdek, u xalqaro hamkorlikni do‘stlik va o‘zaro hurmat asosida rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, tarixiy bilimlar yosh avlod tarbiyasida alohida o‘rin tutishini qayd etdi.


