

Yangiliklar
Toshkentda yangi “magnit”: kuniga 5 ming mehmon — Islom sivilizatsiyasi markazi dunyo e’tiborida
Kuniga minglab mehmonlarni qabul qila boshlagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun xorijiy delegatsiyalar, ekspertlar va sayyohlarni o‘ziga jalb etayotgan yangi madaniy “magnit” sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Joriy yilning mart oyidan o‘z faoliyatini boshlagan va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi qisqa fursat ichida keng jamoatchilik va xalqaro doiralar e’tiborini qozondi. Bugungi kunda markazga kuniga o‘rtacha 5 mingdan ortiq mehmon tashrif buyurmoqda. Bu esa uning tobora ommalashib borayotganini ko‘rsatadi. Markaz nafaqat oddiy tashrif buyuruvchilar, balki turli darajadagi rasmiy delegatsiyalar tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
“Tashkent Water Week 2026” xalqaro forumi doirasida mamlakatga tashrif buyurgan 100 dan ortiq xorijiy va mahalliy ishtirokchilar ushbu maskan bilan yaqindan tanishdilar.
Mehmonlarda ayniqsa Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasi katta qiziqish uyg‘otdi. Saudiya Arabistonidan keltirilgan Ka’ba yopinchig‘ining eshik qismi — kisva noyob eksponat sifatida ularda chuqur taassurot qoldirdi. Shuningdek, Markazda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalarning asl nusxalarini ko‘rish imkoniyati delegatsiya a’zolari uchun unutilmas tajribaga aylandi.
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Tashqi ishlar va birlashish qo‘mitasi raisi Kim Seokki boshchiligidagi delegatsiya tashrifi markazning xalqaro siyosiy doiralarda ham yuqori qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatdi. Ular muzeyning “Islomdan avvalgi davr” ekspozitsiyasida ilk shaharlar maketlari, Buyuk ipak yo‘li savdo yo‘llari va qadimgi Farg‘ona otlariga bag‘ishlangan sahnalarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
Shuningdek, Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi delegatsiyasi ham Temuriylar davri — Ikkinchi Renessans davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyani yuqori baholadilar. Ularning fikricha, ushbu bo‘limda yaratilgan muhit tashrif buyuruvchilarga go‘yo o‘sha davrda yashayotgandek taassurot qoldiradi.
Shuningdek, Societe Generale kompaniyasi vakili Karlos Villanova Giner fikricha, bu maskan nafaqat me’moriy jihatdan ulug‘vor, balki ta’lim va ma’rifat nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega. U ekspozitsiyalar boyligi — Qur’on qo‘lyozmalari, numizmatika, qadimgi kiyimlar va milliy amaliy san’at namunalari alohida e’tiborga loyiq ekanini ta’kidladi.
Bunday tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlaridan iborat 200 nafardan ortiq delegatsiya vakillari ham tarixiy meros va zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari uyg‘unligi asosida yaratilgan yagona konsepsiyani alohida e’tirof etdilar.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni zamonaviy talqinda namoyon etuvchi, ilm-fan, madaniyat va innovatsiyalarni birlashtirgan noyob maskan sifatida izchil rivojlanmoqda.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.