Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom merosi va jahon tamadduniga qo‘shilgan hissa taqdimotidan Belarus delegatsiyasi hayratda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qariyb 9 yil davomida bunyod etilib, joriy yil Ramazon hayiti arafasida keng jamoatchilik uchun o‘z eshiklarini ochdi. Qisqa fursatda ushbu muhtasham maskan yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, markazning asosiy maqsadi xalqimizning uch ming yillik boy tarixini, bunyodkorlik salohiyatini, jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini hamda ajdodlarimizning bebaho madaniy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishdan iborat.

Ana shu maqsadda tashkil etilgan Markazga Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurib, ekspozitsiyalar bilan batafsil tanishdi. Mehmonlar har bir zalni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirar ekan, ayniqsa xaritalarga alohida e’tibor qaratishdi.

Ma’lumki, Buyuk Ipak yo‘li O‘zbekiston tarixida beqiyos o‘rin tutadi. Eramizdan avvalgi II asrda shakllangan ushbu savdo yo‘li qariyb 18 asr davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab turgan. Yo‘lning muhim yo‘nalishlari aynan bugungi O‘zbekiston hududidagi yirik shaharlardan o‘tgan. Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida aks etgan savdo yo‘llarining interaktiv xaritalari esa ushbu tarixiy jarayonlarni zamonaviy yondashuv asosida yoritib, delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘lim markazidan o‘rin egallagan Somoniylar maqbarasi maketi, Saljuqiylar davriga oid nafis zargarlik buyumlari hamda ikki boshli burgut tasviri tushirilgan shohlik ramzlari mehmonlarni befarq qoldirmadi. E’tiborlisi, ushbu nodir eksponatlar Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijiy mamlakatlardan yurtimizga qaytarilgan.

Ayniqsa, milliy amaliy san’atimizning durdonasi bo‘lgan so‘zanalar delegatsiya a’zolarining qiziqishiga sabab bo‘ldi. Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasining xonliklar bo‘limida namoyish etilgan noyob so‘zana naqshlari ularning e’tiborini tortdi.

Aleksandr Ogorodnikov, Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

– Bu yerda asrlar, bir necha ming yillar davomidagi tarix namoyon etilgan. Barcha davrlar menga qiziq, chunki har birida ko‘plab qiziqarli jihatlarni topish va ularni bugungi kun bilan qiyoslash mumkin.

Hatto shubha ham qilmaymanki, yosh avlod uchun bu markaz eng avvalo ta’limiy ahamiyatga ega. Chunki bu yerga kelib, jonli ko‘rishning ta’siri boshqacha — buni hech qanday tarix darsida yoki boshqa mashg‘ulotda o‘qituvchi to‘liq yetkazib bera olmaydi. Sinfxonada bu qadar go‘zallikni, san’atning chuqurligini, insoniyatning imkoniyatlarini, hatto siyosatni, harbiy yo‘nalishlarni, san’at va sportni bir butun holda ko‘rsatib bo‘lmaydi. Bu yerda esa hammasi mujassam. Shuning uchun, menimcha, yoshlar uchun bu shunday maskanki, bir marta kelib ketish uchun emas, balki har safar kelganda yangi bir tarixiy jihatni, avval ko‘rmagan yangi bir muzey elementini kashf etish mumkin. Menimcha, Islom sivilizatsiyasi markazining eng katta qadriyati ham ana shunda.

Yaratilgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqiqatan ham islom dinining mohiyatini, uning paydo bo‘lishidan tortib bugungi kungacha bo‘lgan tarixini juda chuqur ochib beradi. Shuning uchun men ishonamanki, bu markaz barcha fuqarolar uchun ularning e’tiqodi, kelib chiqishi, moddiy ahvoli yoki dinidan qat’i nazar qiziq. Bu shunday maskanki, u bizga tarixni, yer yuzidagi tinchlikni qadrlashni va kelajak avlodlar uchun o‘tmishni bilish qanchalik muhim ekanini anglashni o‘rgatadi.

Aleksandr Opimax, Belarusь Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi: 

– Islom sivilizatsiyasi markazi, albatta, g‘oyasi va amalga oshirilishi jihatidan juda yirik loyiha. U ilk qadamdanoq, bu yerga kirishingiz bilanoq taassurot qoldiradi va, albatta, tashrif buyuruvchiga ochiladigan chuqur mazmuni bilan hayratga soladi. Bu yer juda boy ma’lumotlarga va shunday vizual yechimlarga egaki, ular haqiqatan ham insonni ko‘p narsalar haqida o‘ylashga undaydi va O‘zbekistonning ming yillar davomida qanday rivojlanganini ancha chuqurroq anglash imkonini beradi.

Men o‘zim ma’lumotim bo‘yicha tarixchiman, shuning uchun menga, albatta, islomdan oldingi davrning taqdim etilishi va Birinchi hamda Ikkinchi Renessans davrlarining yoritilishi juda yoqdi. Shuning uchun aytishim kerakki, ekspozitsiya ustida ishlagan va hozir ham ishlayotgan mutaxassislar haqiqatan ham juda katta va chuqur tadqiqot ishlarini amalga oshirishgan. Shu bois, bu ishni yaratgan barcha insonlarga katta minnatdorchilik va hurmatimni bildiraman.

Taqdim etilgan ekspozitsiya shuni ko‘rsatadiki, islom turli davrlarda yashagan buyuk mutafakkirlarning falsafiy qarashlari asosida qanchalik chuqur o‘rin tutgan. Eng muhimi, aynan islom asosida insonlar buyuk madaniy va san’at asarlarni yaratganini ko‘rish mumkin. Shuning uchun insoniyat taraqqiyotida islom sivilizatsiyasining hissasi, albatta, shubhasizdir — jahon madaniyati va sivilizatsiyasida uni hech kim inkor etmagan.

Delegatsiya vakillari qayd etishicha, bu hududdagi olimlar o‘z davrida yuksak ilmiy yutuqlarga erishib, hatto Amerika Xristofor Kolumb tomonidan kashf etilishidan ancha oldin ilmiy farazlar bildirgan.

Algebra, astronomiya va geometriya kabi fanlar rivoji aynan shu zamin bilan bog‘liq ekani, bu davrda Yevropa hali bunday taraqqiyotga erishmagani ta’kidlandi. Shuningdek, Amir Temur davrida ilm-fanga yaratilgan sharoit va olimlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati ham muhim omil sifatida baholandi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.