«Toshkentning yangi durdonasi»: Islom sivilizatsiyasi markazi XL Semanal jurnalida keng yoritildi
Nufuzli ispan jurnali — XL Semanal’da, haftalik tiraji 1,5 million nusxadan ortiq bo‘lib, ko‘p millionli auditoriyani qamrab oladigan nashrda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola chop etildi. «La nueva joya de Tashkent» («Toshkentning yangi durdonasi») sarlavhasi ostida e’lon qilingan material jurnalning ochilish sahifalarida (7-sahifa) joylashtirilgan bo‘lib, bu tahririyat tomonidan unga yuqori ustuvorlik berilgani va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatning jahon ilm-fani va madaniyati markazlaridan biri sifatidagi tarixiy rolini tiklashga qaratilgan mualliflik loyihasiga katta xalqaro qiziqish mavjudligini ko‘rsatadi.
Xorijiy jurnalistlar majmua ko‘lamining kengligi, uning me’moriy ifodadorligi, shuningdek, an’anaviy meros va zamonaviy texnologiyalarning o‘ziga xos uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratadilar. Materialda Markazning mazmun-mohiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan: uning mavzuli ekspozitsiyalari islomdan oldingi davr, ilm-fan gullab-yashnagan davr va mintaqaning zamonaviy taraqqiyotini qamrab olishi, shuningdek, tashrif buyuruvchilarga tarixiy muhitga chuqur sho‘ng‘ish imkonini beruvchi innovatsion mulьtimedia yechimlari batafsil yoritilgan. Ta’kidlanishicha, Markaz faqat muzey vazifasi bilan cheklanib qolmay, balki noyob qo‘lyozma va madaniy merosni o‘rganish, saqlash va ommalashtirishga qaratilgan to‘liqqonli ilmiy-tadqiqot va ta’lim platformasi sifatida faoliyat yuritadi.
Xorijiy matbuot shuningdek, Markazning turli mamlakatlardan kelgan olimlar, mutaxassislar va madaniy muassasalarni birlashtiruvchi xalqaro hamkorlik maydoni sifatidagi ahamiyatini ham qayd etadi. Nashrda O‘zbekistonning islom ilmiy merosini saqlash va targ‘ib etishdagi o‘rni, shuningdek, mintaqani jahon tarixining muhim intellektual markazlaridan biri sifatida namoyon etishga bo‘lgan intilishi alohida ta’kidlangan. Ayniqsa, Usmon Qur’oni kabi noyob artefaktlar va ularning jahon madaniy merosi uchun ahamiyatiga e’tibor qaratilgan.
Faqat mart oyining o‘zida Islom sivilizatsiyasi markazi haqida nufuzli xalqaro nashrlarda 60 dan ortiq maqolalar e’lon qilinganini inobatga olsak, bu loyihaga bo‘lgan global qiziqishning jadal o‘sib borayotgani va uning jahon axborot makonidagi dolzarbligi yuqori ekanidan dalolat beradi.






