Moskva delegatsiyasi: Toshkentdagi muzey — Markaziy Osiyodagi noyob tajriba
Tarixni ko‘rish, his qilish va anglash mumkin bo‘lgan makon — amaliy tashrif bilan Toshkentda bo‘lib turgan Moskva shahri IIV Bosh boshqarmasi vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ko‘zdan kechirar ekan, uning interaktiv imkoniyatlari va ilmiy konsepsiyasini yuqori baholadi.
Delegatsiya a’zolari markazning barcha ekspozitsiya zallari bilan batafsil tanishib, yurtimizning ko‘p asrlik boy tarixi, madaniyati va islom sivilizatsiyasi taraqqiyotini yorituvchi noyob artefaktlar, qo‘lyozmalar, ilmiy meros namunalari hamda zamonaviy mulьtimedia yechimlarini katta qiziqish bilan kuzatdilar. Ayniqsa, an’anaviy muzey formatidan farqli ravishda gologramma, interaktiv panellar, sun’iy intellekt texnologiyalari va raqamli vizualizatsiyalardan samarali foydalanilgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Delegatsiya vakilining ta’kidlashicha, mazkur markaz o‘zining mazmunan boyligi va zamonaviy yondashuvi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Biz O‘zbekistonga birinchi marta keldik va delegatsiyamiz a’zolari ham bu yerda ilk bor bo‘lishi. Islom sivilizatsiyasi markazi haqiqatan ham noyob va ta’sirli maskan ekan. Bu yerda nafaqat artefaktlar, balki O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosini aks ettiruvchi turli materiallar jamlangan. Eng muhimi, zamonaviy texnologiyalar — sun’iy intellekt, vizual effektlar bilan uyg‘unlashtirilgan ekspozitsiyalar insonni o‘ziga jalb qiladi. Rostini aytsam, biz bu yerda ikki soatdan ortiq vaqt o‘tkazdik, lekin vaqt qanday o‘tganini sezmadik. Har bir zal o‘ziga xos, o‘ziga tortadi. Bir ekspozitsiyadan boshqasiga o‘tish jarayoni tabiiy ravishda davom etadi. Bu yerda tarix faqat aytib berilmaydi, balki ko‘rsatiladi va his qilinadi. Albatta, har bir eksponat o‘ziga xos tarixga ega. Ammo biz, erkaklar, qurol-yarog‘lar namoyish etilgan bo‘limlarga alohida e’tibor qaratdik.
Shamshirlar, ularning yasalish tarixi, metallurgiyaning shakllanish bosqichlari juda qiziqarli bo‘ldi. Bizning davlatimiz ham ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali. Shu bois bu yerda ko‘rganlarimiz bizga juda yaqin. Bunday muzeylar orqali insonlar o‘z tarixi, dini va madaniyatini chuqurroq anglaydi. Bu esa jamiyatda o‘zaro hurmat va tushunishni mustahkamlaydi, — dedi delegatsiya a’zosi Rossiya Federatsiyasi IIV Moskva shahri bo‘yicha Bosh boshqarmasining Shimoliy-Sharqiy ma’muriy okrugi Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, politsiya general-mayori Ramil Gafurov.


