

Yangiliklar
O‘zbekiston o‘z tarixini qayta namoyon qilmoqda: Fransiya delegatsiyasi Markazni yuqori baholadi
Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan, balki xalqaro hamkorlikni rivojlantiruvchi muhim platformalardan biriga aylanmoqda. Fransiya delegatsiyasining ushbu maskanga tashrifi bu fikrni yana bir bor tasdiqladi.
Fransiya va O‘zbekistonning Iqtisodiyot palatasi vakillaridan iborat delegatsiya mazkur tashrif doirasida Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya a’zolari markaz muzeyining ilmiy-konseptual mazmuni hamda zamonaviy taqdimot usullarini yuqori baholadilar.
Markaz muzeyining mozaika uslubida yaratilgan buyuk allomalar suratlari aks ettirilgan “Buyuk siymolar galereyasi”dan boshlangan ekskursiya mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Markaz kirish nuqtasida joylashtirilgan ushbu san’at asari har bir tashrif buyuruvchida ilk daqiqalardanoq chuqur taassurot va hayajon uyg‘otishini alohida ta’kidladilar.
Islomdan avvalgi davrga bag‘ishlangan bo‘limda esa Buyuk ipak yo‘li tarixi delegatsiya a’zolarini o‘ziga jalb etdi. Ayniqsa, VIII asrga tegishli qanotli tuya tasvirli ko‘za har bir mehmonning e’tiborini tortib, qadimiy savdo va madaniy aloqalarning ramziy ifodasi sifatida yuqori baholandi.
Birinchi Renessans bo‘limida namoyish etilgan Abu Rayhon Beruniyning globusi haqidagi ma’lumotlar mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Ular ushbu ilmiy meros aynan O‘zbekiston zaminida jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar yetishib chiqqaniga muhim dalil bo‘la olishini ta’kidladilar. Shuningdek, ushbu bo‘limda joylashgan olti kapsulada islom sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojiga hissa qo‘shgan allomalar tarixi bilan tanishish tashrif buyuruvchilarning bilim doirasini yanada kengaytirishda alohida rolь o‘ynashini ta’kidladilar.
Tifen Mane, O‘zbekiston va Tojikiston bo‘yicha iqtisodiy vakolatxona rahbari o‘rinbosari:
– Islom sivilizatsiyasi markazining muzeyi juda qiziqarli. O‘zbekiston tarixiga tegishli ko‘plab arxeologik yodgorliklarni ko‘rganman, ammo aynan shu maskan o‘zining boy ekspozitsiyasi va taqdimoti bilan alohida taassurot qoldirdi.
Eksponatlar juda puxta va tushunarli tarzda namoyish etilgan. Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Termiz kabi hududlardan topilgan noyob topilmalar jamlangan. Ularning bir qismi fransuz arxeologik missiyasi tomonidan aniqlanib, restavratsiya qilingani ham e’tiborga molik.
Umuman olganda, bu tashabbus o‘zbek jamiyatining o‘z tarixini yanada chuqurroq anglashiga xizmat qiladi. Markaz juda katta va mazmunan boy. Interaktiv yondashuv esa ayniqsa yoshlar uchun tarixni qiziqarli va tushunarli tarzda o‘rganish imkonini beradi.
Shu bilan birga, bu maskan sayyohlar uchun ham juda muhim, chunki u yerda O‘zbekistonning boy arxeologik merosi va tarixini o‘rganish uchun eng samarali usul qo‘llangan.
Ikkinchi Renessans bo‘limida esa Amir Temur davri diplomatiyasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, Fransiya qiroli Karl VI tomonidan Amir Temurga yo‘llangan maktub mazmuni delegatsiya a’zolarida tarixiy voqealarni go‘yoki bevosita kuzatayotgandek taassurot qoldirdi.
“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida mamlakatning bugungi taraqqiyot bosqichi va 2050 yilgacha mo‘ljallangan strategik rejalari taqdim etildi. Mehmonlar ushbu yutuqlar va istiqbolli rejalarni yuqori baholab, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotganiga ishonch bildirdilar.
Jan Klod Bayjan, belьgiyalik sobiq diplomat:
– Men Belgiyadanman va bu yerda anchadan beri yashayman. Bu qadar go‘zal muzeyni ko‘rib juda xursandman. Bu yerga kelib, Markaziy Osiyo, ayniqsa ,O‘zbekiston tarixini ko‘rish men uchun katta hissiy taassurot qoldirdi.
Bu yerga kelishimning bir necha muhim sabablari bor. Shuningdek, oldindan katta kutishlarim bor edi. Amir Temur maydonidagi muzey juda chiroyli, ammo bu Markaz O‘zbekistonning ham qadimgi, ham zamonaviy qiyofasini yanada kengroq va chuqurroq aks ettiradi.
Eng muhimi, O‘zbekistonda o‘zimizni juda qulay his qilamiz. O‘z tarixini va madaniyatini qadrlaydigan, kelajagiga ishonch bilan qaraydigan mamlakat ekanini his qilish bizga katta quvonch bag‘ishlaydi.
Qur’oni karim zali orqali O‘zbekistonda islom diniga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tibor mamlakatning ma’naviy barqarorligida muhim o‘rin tutishini qayd etdilar. Shuningdek, zalning me’moriy yechimi va zamonaviy mepping texnologiyalari mehmonlar tomonidan yuqori baholanib, bunday yechimlar hatto boshqa davlatlarda kam uchrashini ta’kidladilar.
Tashrif yakunida Fransiya–O‘zbekiston delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy muloqot platformasi sifatida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.