Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari: “Shavkat Mirziyoev tashabbusi juda muhim”

Hali ochilganiga ko‘p bo‘lmasa-da, allaqachon jahon hamjamiyati nigohini o‘ziga qaratgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bu safar Ukraina tashqi siyosiy doiralari vakillarida chuqur taassurot qoldirdi. Delegatsiya a’zolari bu yerda nafaqat tarixni ko‘rganini, balki uni his etganini ta’kidladi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Mishenko boshchiligidagi delegatsiya Markaz muzeyi ekspozitsiya zallarini bosqichma-bosqich ko‘zdan kechirib, har bir bo‘limda taqdim etilgan tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan holda namoyon etilganini yuqori baholadilar.
Delegatsiya a’zolarida ayniqsa, Qur’oni Karim zali chuqur taassurot qoldirdi.
Aleksandr Mishenko, Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari:
Men bu yerdan chin ma’noda hayratdaman. Bu yerda tarix zamonaviy texnologiyalar orqali jonlantirilgan va inson ongiga kuchli ta’sir qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tarixga qaratilayotgan e’tibor va haqiqiy islom mohiyatini yoritishga qaratilgan bu tashabbus juda muhim.
Bugungi kunda turli noto‘g‘ri qarashlar mavjud ekan, aynan shunday markazlar orqali haqiqatni yetkazish juda zarur.
Men uchun bilim — bu insonni agressiyadan himoya qiluvchi eng kuchli vosita. Ushbu markaz esa ana shu bilim uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Bu tashrif mening yuragimda umrbod saqlanib qoladi.
Viktor Mayko, Ukraina Prezidentining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili:
Markaz haqida taassurotlarimni oddiy so‘zlar bilan ifodalash juda qiyin. Bu — beqiyos va hayratlanarli maskan.
Bu yerda artefaktlar, madaniyat, tarix, din va insoniy hissiyotlar uyg‘unlashgan.
Ekspozitsiyalar O‘zbekistonning qadimgi davrlardan bugungi kungacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘lini chuqur va ta’sirchan tarzda namoyon etadi.O‘zbekiston asrlar davomida sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib kelgan va bugun yangi taraqqiyot bosqichiga — uchinchi Renessansga qadam qo‘ymoqda.
Bu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega.
Ushbu boy merosni saqlash va taqdim etish uslubi — haqiqatan ham yuqori darajada.
Ukraina delegatsiyasining ushbu tashrifi yana bir muhim jihatni tasdiqladi: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat milliy merosni saqlash maskani, balki jahon miqyosida ilm-fan, madaniyat va ma’naviyatni targ‘ib qiluvchi yirik markazga aylanmoqda.
Xalqaro darajadagi e’tiroflar esa uning nufuzini yanada mustahkamlab, kelajakda dunyoning yetakchi ilmiy-ma’rifiy maskanlaridan biriga aylanishiga zamin yaratmoqda.


