Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistonda ilk bor: kitoblar ultrabinafsha nur bilan “dezinfeksiya” qilinadi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan zamonaviy innovatsion kutubxonada kitoblarni sterilizatsiya qilish imkoniyati mavjud.

Yurtimiz madaniy va ilmiy hayotida muhim o‘rin tutadigan ulkan maskan — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy bilim va ma’rifat maskani sifatida samarali xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 

Markaz zamonaviy muzey, ilmiy tadqiqot markazi va innovatsion kutubxonani o‘zida mujassam etgan holda, ajdodlar merosini yangi formatda keng jamoatchilikka taqdim etmoqda. 

Zamonaviy kutubxona nafaqat kitob saqlanadigan joy, balki intellektual muhit, raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan, ilg‘or axborot makonidir. Bu yerda noyob manbalar, elektron resurslar va interaktiv xizmatlar birlashgan bo‘lib, foydalanuvchilar uchun maksimal qulaylik va samaradorlik yaratilgan. Eng muhimi, kutubxonada faqat axborot xizmatlari emas, balki sog‘lom va xavfsiz muhitni ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qaraladi.

carousel image 10

Zamonaviy kutubxonalarda gigiyena talablariga javob beradigan maxsus texnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shunday innovatsion yechimlardan biri sifatida markaz kutubxonada Janubiy Koreyaning “Evertree Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “LIVA LBS601” rusumli kitob sterilizatorlari o‘rnatilgan.

Ushbu qurilma bir vaqtning o‘zida 6 ta kitobni qisqa vaqt ichida sterilizatsiya qilish imkoniyatiga ega. Bugungi kunda Markaz kutubxonasida ushbu sterilizatorlardan ikkitasi mavjud bo‘lib, ular kun davomida yuzlab kitoblarni tez va samarali tozalash imkonini beradi. Kitoblar maxsus kameraga joylanadi, qurilma eshigi yopiladi va UV-C lampalar ishga tushadi. Ichki ventilyator sahifalarni yengil ochib beradi, bu esa ultrabinafsha nurlari kitobning ichki qismlarigacha yetib borishini ta’minlaydi. Natijada kitoblar to‘liq dezinfeksiya qilinadi. Foydalanuvchilar ushbu jarayonni qurilma oynasi orqali bevosita kuzatish imkoniyatiga ham ega.

Sarvar Mamatqulov, “Smart Library” kompaniyasi loyiha menejeri: 

– LIVA sterilizatorlari kitoblarni atigi 60 soniya ichida to‘liq dezinfeksiya qilish imkoniyatiga ega. Qurilmada ultrabinafsha nurlar kitobning ichki va tashqi qismlarigacha yetib borib, bakteriya va boshqa zararli omillarni bartaraf etadi. Bu esa nafaqat foydalanuvchilar sog‘lig‘ini himoya qiladi, balki kutubxonada zamonaviy va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi.

Bu kabi zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida nafaqat bilim olish, balki sog‘lom va xavfsiz muhitda foydalanish imkoniyatlari yaratilganini ko‘rsatadi. Shu jihatdan, mazkur kutubxona innovatsiya va ma’naviyat uyg‘unlashgan ilg‘or namuna sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, Markazda tashkil etilgan Yangi O‘zbekiston innovatsion kutubxonasi bir vaqtning o‘zida 266 kishiga xizmat ko‘rsata oladi.

Kutubxona 300 ming bosma kitob sig‘imiga ega, 250 mingi saqlov xonalarida va 50 ming kitob ochiq fondda va muzey ekspozitsiyasilaridagi kitob javonlarida joylashtirilgan.

Kutubxonaning 300 mingdan ortiq elektron kitob fondi mavjud. Mahalliy va xalqaro ma’lumotlar bazasiga kirish orqali  10 milliondan ortiq elektron resurslardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ayni paytda Kutubxona umumiy fondi 35 mingdan oshadi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.