Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Turkiya delegatsiyasi O‘zbekistondagi zamonaviy muzey tajribasini e’tirof etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun an’anaviy muzey tushunchasini butunlay o‘zgartirmoqda. Markaz muzeyi bilan tanishgan Turkiya rasmiy delegatsiyasi ana shu haqiqatga guvoh bo‘ldi.

Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Turkiya Respublikasi Ijtimoiy himoya idorasi direktori Omer Kuchukevjiliog‘lu rahbarlik qildi. Tashrif davomida mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ayniqsa, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimidagi yangilanishlar bilan bir qatorda, Islom sivilizatsiyasi markazining noyob ekspozitsiyalari bilan ham yaqindan tanishdilar.

Markaz bo‘ylab ekskursiya jarayonida delegatsiya a’zolariga Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi zamonaviy muzey texnologiyalari, interaktiv vositalar va vizual yechimlar orqali taqdim etildi. Mehmonlar ayniqsa ekspozitsiyalarning tizimli ravishda tashkil etilgani, tarixiy jarayonlarni izchil va tushunarli shaklda yoritib berganiga yuqori baho berdilar.

— Juda ajoyib. Biz markazni to‘liq va tizimli tarzda aylandik. Bu yerda ming yillik tarix vizual, audio va yozma manbalar orqali, ayniqsa 3D tasvirlar yordamida jonli tarzda namoyon etilgan. Inson bu yerda tarixni nafaqat ko‘radi, balki uni his qiladi. Juda go‘zal va qimmatli bir asar,  dedi Omer Kuchukevjiliog‘lu.

Mehmonlar, eng avvalo, muzeyning Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalar bo‘limiga katta qiziqish bildirdilar. Ushbu bo‘limda Xorazm, Baqtriya va Choch kabi qadimiy madaniy markazlarning xaritalari, ularning rivojlanish bosqichlari va hududiy qamrovi haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Bu ekspozitsiyalar orqali Markaziy Osiyo hududida ilk davlatchilik va madaniyat shakllanish jarayonlari yoritib berilgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan markaziy ekspozitsiyadagi maketlar ham alohida e’tiborni tortdi. Somoniylar maqbarasi, Mag‘oki Attoriy masjidi, Chashmai Ayub majmuasi va Qusamiya madrasasi kabi noyob arxitektura yodgorliklarining aniq maketlari orqali o‘sha davr me’morchiligi va muhandislik yechimlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Saljuqiylar davriga oid zeb-ziynat buyumlari, davlat ramzlari va ikki boshli burgut tasviri tushirilgan tug‘ra mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu eksponatlarning bir qismi mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xorijdan qaytarilgani ham alohida ta’kidlandi.

Ekspozitsiyaning keyingi qismida Ka’ba eshigining nusxasi, 1988 yilda ishlatilgan kisvaning asl namunasi, shuningdek, mamluklar davriga oid Ka’ba kalitlari namoyish etilgan. Shu bilan birga, 2023 yilda Saudiya Arabistoni Qiroli Salmon bin Abdulaziz tomonidan O‘zbekiston rahbariga taqdim etilgan kisva parchasi haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Bu eksponatlar Islom dunyosidagi muqaddas an’analar va tarixiy merosning uzviyligini namoyon etadi.

Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasining o‘ng qismida joylashgan interaktiv kapsulalar ham mehmonlarning e’tibor markazida bo‘ldi. Birinchi kapsulada islom dinining tarqalishi, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning turli hukmdorlarga yuborgan maktublari nusxalari, Qur’oni Karimning IX–XI asrlarga oid qo‘lyozmalari va sahifalari namoyish etildi. Mehmonlarga ushbu qo‘lyozmalarning saqlanishi, o‘rganilishi va tadqiq qilinishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

Ikkinchi kapsulada Abbosiylar xalifaligi davrida Bog‘dod shahrida tashkil etilgan, yurtimizda faoliyat olib borgan, turli millat va e’tiqod vakillari birgalikda ilm tarqatish va kashfiyot yaratishga xizmat qilgan qadimiy ilm maskani –  “Baytul hikma” faoliyati yoritilib, Muhammad al-Xorazmiyning algebra ilmiga asos solgani, uning kashfiyotlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani ta’kidlandi. Shu bilan birga, Ahmad Farg‘oniy tomonidan ishlab chiqilgan nilometr qurilmasi, uning gidrostatik qonunlarga asoslangan ishlash tamoyili va bu orqali suv miqdori hamda hosildorlikni bashorat qilish imkoniyatlari haqida ham tushuntirishlar berildi.

Mehmonlar Abu Nasr Forobiyning ilmiy merosi bilan ham tanishib, uning “Fozil odamlar shahri” asari orqali ideal jamiyat modeli haqidagi qarashlari, shuningdek, musiqa nazariyasiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot oldilar.

Temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘lim – Ikkkinchi Renessans davri ekspozitsiyasi ham delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, Shodmalik xotun tomonidan yozilgan Qur’on nusxasi, Shohruh Mirzo kutubxonasiga oid qo‘lyozmalar, Boysung‘ur Mirzoning kitobat san’atiga qo‘shgan hissasi, Mirzo Ulug‘bekning astronomiya maktabi va Ibrohim Sultonning xattotlik merosi haqidagi ma’lumotlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi maketi va uning ilmiy faoliyati haqidagi ma’lumotlar alohida qiziqish bilan tinglandi.

— Bu haqiqatan ham hayratlanarli. Rasadxona maketi orqali osmon jismlarini kuzatish tizimi qanday tashkil etilganini anglash mumkin. Pog‘onali tuzilish orqali har bir osmon qatlamini alohida o‘rganish imkoniyati yaratilgan. Bu go‘yoki butun koinotni matematik va grafik shaklga solishga bo‘lgan ulkan ilmiy harakat.

Albatta, Toshkentga kelgan har bir inson bu yerga tashrif buyurishi kerak. Bu markaz o‘tmish va bugunni bog‘laydigan, insonni o‘ylashga undaydigan noyob maskan, — dedi Omer Kuchukevjiliog‘lu.

Tashrif yakunida mehmonlar markazning barcha turk dunyosi vakillari uchun muhim ma’rifiy maskan sifatida baholadilar.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.