Yoshlar uchun yangi “intellektual startap”: JIDU talabalari noodatiy tajribada ishtirok etishdi
Toshkentda joylashgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun yoshlar uchun noyob ta’lim maydoniga aylanmoqda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti delegatsiyasining Markazga tashrifi ushbu maskanning nafaqat muzey, balki nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtiruvchi zamonaviy ilmiy maktab ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU)ning maxsus ta’lim kursi doirasida universitet rektori, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligida talabalar va professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Tashrifning asosiy maqsadi talabalarni O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’naviy merosi, islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, ta’lim jarayonida egallanayotgan nazariy bilimlarni amaliy kuzatuvlar orqali mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Ekskursiya davomida ishtirokchilar Markaz ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishib, qadimgi davrlardan tortib bugungi kunga qadar bo‘lgan tarixiy taraqqiyot bosqichlarini o‘z ichiga olgan noyob ilmiy-tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar va artefaktlarni ko‘zdan kechirdilar.
Tashrif doirasida ma’rifiy muloqot tashkil etilib, Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov hamda universitet rektori Sodiq Safoyev ma’ruzalari tinglandi.
Sodiq Safoyev o‘z nutqida markazning strategik va ma’naviy ahamiyatiga alohida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidladi:
Mazkur markazning barpo etilishi, avvalo, davlatimiz rahbarining tashabbusi va strategik qarashlari mahsulidir. Bu yerda xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, uning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi yaqqol namoyon bo‘lgan. Har bir ziyoli inson uchun ushbu maskanni ko‘rish — nafaqat huquq, balki ma’naviy burchdir. Ayniqsa, xalqaro munosabatlar sohasida faoliyat yuritishga tayyorlanayotgan yoshlar uchun bu joy o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi. “Hayot — bu esda qolgan kunlar”, degan hikmat bor. Ishonchim komilki, bugungi tashrif talabalarimiz xotirasida o‘chmas iz qoldiradi. Chunki bu markaz bizning tarixiy xotiramizni, milliy o‘zligimizni va kelajakka bo‘lgan ishonchimizni uyg‘un tarzda namoyon etadi. Bu yer, ayni paytda, biz intilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasining ilmiy-nazariy poydevoridir.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov esa o‘z chiqishida markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi:
Markaz faoliyatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri — yoshlarni ilmiy va ma’rifiy jarayonlarga keng jalb etishdan iborat. Hurmatli Prezidentimiz tomonidan bizga aynan shu vazifa yuklatilgan. Bugun sizlar ushbu markazda o‘tkazilayotgan ilk rasmiy seminar ishtirokchilari sifatida tarixiy jarayonning bevosita guvohi bo‘lmoqdasiz. Bu yerda nafaqat muzey ekspozitsiyasi, balki xalqaro ilmiy hamkorlik maydoni ham shakllantirilgan. Xususan, UNESCO, ICESCO, IRCICA kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qator ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Kelgusida ushbu hamkorlik doirasini yanada kengaytirish, yoshlarni xalqaro tadqiqotlar va ta’lim dasturlariga jalb etish ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Ayni paytda jahonda kuzatilayotgan turli ziddiyatlar zamirida ko‘p hollarda jaholat yotganini inobatga olsak, biz ma’rifat orqali ushbu muammolarga yechim topishimiz lozim.
Tashrif ishtirokchilari Markazdagi ekspozitsiyalar va yaratilgan sharoitlar ularda chuqur ilmiy va hissiy taassurot qoldirganini ta’kidladilar.
Maxinora Amirhamidova, JIDU dotsenti:
Nazariy jihatdan o‘rgangan bilimlarimizning amaldagi ifodasini ko‘rish inson tafakkuriga butunlay yangi ta’sir ko‘rsatadi. Bu yerda har bir eksponat, har bir zal o‘ziga xos tarixiy hujjat sifatida namoyon bo‘ladi. Go‘yo inson o‘tmish bilan yuzma-yuz muloqotga kirishgandek. Bu markaz nafaqat bugungi kun uchun, balki kelajak avlodlar uchun ham muhim ilmiy va ma’naviy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Laylo Toshpulatova, JIDU kafedra mudiri:
Bu markaz haqida eshitganimiz zahotiyoq uni ko‘rish istagi paydo bo‘lgan edi. Bugun esa ushbu orzu ro‘yobga chiqdi. Ilk qadamdanoq qalbimizda yurtimizning boy tarixi bilan faxrlanish tuyg‘usi shakllandi. Biz turli mamlakatlarda bo‘lganmiz, ko‘plab muzey va ilmiy markazlarni ko‘rganmiz. Ammo bunday keng qamrovli va konseptual jihatdan mukammal markazni uchratmaganmiz. Bu maskan nafaqat tarixni namoyon etadi, balki yoshlarning fikrlash doirasini kengaytiradi, ularni kelajak oldidagi mas’uliyati haqida chuqur o‘ylashga undaydi.
Mazkur tashrif ta’lim, ilm-fan va ma’rifatni o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda, talabalarning intellektual salohiyatini oshirish, milliy o‘zlikni anglash va tarixiy merosga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashda muhim amaliy ahamiyat kasb etdi.


