ShHT delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusini qanday qabul qildi?
Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va 2017-yil 23-iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan va qariyb 9-yil davomida bunyod etilgan ulkan loyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Nufuzli xalqaro tashkilot delegatsiyasi ushbu noyob ilmiy-ma’rifiy majmua bilan tanishib, uni “jahondagi eng ilg‘or va ta’sirchan muzeylardan biri” sifatida baholadi.
Tashrif avvalida delegatsiya “Buyuk siymolar galereyasi” zalida bo‘lib, 110 xil rangdagi mikromozaika toshlari bilan qo‘l mehnati asosida yaratilgan 14 ta ravoqda tasvirlangan buyuk allomalar va tarixiy shaxslar siymosini katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Ushbu san’at asarlari haqida taqdim etilgan ma’lumotlar mehmonlarda kuchli ma’naviy taassurot qoldirdi.
Muzeyning Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari ekspozitsiyasida namoyish etilgan hayvon suyagidan yasalgan nay, “Avesto” kitobi parchalari hamda Buyuk Ipak yo‘li tarixi delegatsiya a’zolarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, kamon otish imkoniyati yaratilgan ekspozitsiya mehmonlarda o‘sha davr muhitini jonli his qilish imkonini bergani alohida ta’kidlandi.
Birinchi Renessans davri bo‘limida Samarqand qog‘ozi, 1988-yilga oid Ka’ba yopinchig‘i hamda XII–XIV asrlarda Misrda Mamluklar davrida yaratilgan Ka’ba kalitlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu nodir eksponatlar islom sivilizatsiyasining yuksak madaniy va ma’naviy darajasini yorqin namoyon etuvchi namuna sifatida baholandi.
Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasida esa Amir Temur saltanati xaritalari va shaxmat tarixi delegatsiya a’zolarining qiziqishini yanada oshirdi. Ayniqsa, ushbu davr ekspozitsiyasida Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan qism hindistonlik vakillarda alohida ehtirom va qiziqish uyg‘otdi. Ular Bobur shaxsiyati, uning merosi va Tojmahal kabi buyuk me’moriy yodgorliklar orqali hanuzgacha saqlanib kelayotgan tarixiy qadriyatlar haqida fikr bildirdilar.
Suresh Janghu, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktor o‘rinbosari (Hindiston):
Bu markaz juda chiroyli va zamonaviy bo‘lib, unda keng ko‘lamda texnologiyalardan foydalanilgan. Bu yerda uch ming yillik tarix namoyish etilgan va shu orqali O‘zbekiston sivilizatsiyasi hamda madaniyatining naqadar boy ekanini ko‘rish mumkin. O‘ylaymanki, bu maskan kelajak avlodlar uchun muhim ta’lim manbai bo‘lib xizmat qiladi, chunki bu yerda ular mamlakat tarixini va uning bugungi taraqqiyot darajasiga qanday yetib kelganini chuqurroq anglay oladilar.
Bu markaz uzoqni ko‘zlagan, strategik ahamiyatga ega tashabbusdir. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalarning keng qo‘llanilgani yoshlarni jalb qilish va ularga tarixni yanada qiziqarli shaklda yetkazish imkonini beradi. Bu yondashuv bugungi kun uchun juda muhim.
Biz bu yerda barpo etilgan ushbu go‘zal markaz haqida eshitib, uni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun tashrif buyurdik. Bu yerda bo‘lish men uchun katta mamnuniyat bo‘ldi.
“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida namoyish etilgan islohotlar haqidagi roliklar mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Delegatsiya vakillari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar mamlakatda yangi Renessans poydevorini mustahkam barpo etilayotganidan dalolatligini ta’kidladilar.
Shuningdek, ushbu bo‘limning “Tashqi siyosat” qismida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan va davlat rahbarlariga taqdim etilgan kitoblar bilan tanishishdi. Delegatsiya a’zolari mazkur adabiyotlar bilan avvaldan tanish ekanliklarini, ularning aynan shu kabi nufuzli Markazda jamlanganini ko‘rib mamnun bo‘lganliklarini bildirdilar.
Navid Anjum, ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasida direktor o‘rinbosari (Pokiston):
Ochig‘ini aytsam, bu markaz juda ajoyib. Bu yerga sarflangan mehnat va fidoyilik darajasi haqiqatan ham hayratlanarli. Turli tarixiy davrlar bo‘ylab sayr qilib, jamlangan eksponatlarning yagona hikoya sifatida taqdim etilgani juda ta’sirli taassurot qoldiradi.
Biz dunyoning turli joylarida bo‘lganmiz, lekin shuni aytishim mumkinki, bu markaz ko‘rganlarim ichida eng yaxshilaridan biri. Bu yerga kelishning asosiy sababi — O‘zbekiston tarixini va ushbu hududda islomning qanday rivojlanganini chuqurroq anglashdir. Kimki mintaqa tarixi va islom taraqqiyoti bilan qiziqsa, albatta bu maskanga tashrif buyurishi kerak.
Ayniqsa islom tarixi bilan bog‘liq qism katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburga oid bo‘lim ham juda qiziqarli.
Umuman olganda, bu juda ta’sirli maskan. Bu yerda bo‘lganimizdan juda mamnunmiz. Aslida, bu markazni shoshilmasdan, kamida bir kun vaqt ajratib tomosha qilish kerak.
VII asrga oid Usmon mus’hafi joylashtirilgan Qur’oni karim zali tashrifning eng ta’sirli nuqtasiga aylandi. Zal atrofida joylashgan 114 ta muqaddas Qur’on nusxalari kitob nusxalari — Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid qo‘lyozmalar bilan tanishib, ularning qadimiy o‘zbek yozuvidagi tarjimalari haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Zal markazida joylashgan Usmon Mushafi haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etilgach, 4 daqiqalik mepping-gologramma, ayniqsa, “Iqro” surasining nur bilan tushishi, “Fotiha” surasining yangrashi hamda 1 milliondan ortiq svarovski toshlaridan iborat qandildagi yorug‘lik shousi delegatsiya a’zolarini chuqur hayratga soldi.


