Sirli davom: Temuriylardan keyingi “yo‘qolgan” Renessans izlari / fotoreportaj

Ko‘pchilik tarixchilar Temuriylar davridan keyin yurtimizda Ikkinchi Renessans o‘z nihoyasiga yetgan, degan fikrni ilgari suradi. Ammo bugungi ilmiy izlanishlar boshqa manzarani namoyon etadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida aynan shu davr — xonliklar zamoni ham alohida yoritilgan. Bu bo‘limda namoyish etilgan yodgorliklar Temuriylardan keyin ham madaniy va ilmiy an’analar uzilmaganini ko‘rsatadi.
Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolalari davrida Samarqand, Buxoro, Toshkent va Xiva kabi shaharlarda barpo etilgan obidalar, yaratilgan tarixiy, ilmiy va adabiy asarlarda temuriylar madaniyati ta’siri yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu davrda kitobat san’ati yanada rivojlanib, Buxoro miniatyura maktabi shakllandi.
Xonliklar davrida ham yurtimizda ilm-fan va taraqqiyotga intilish yuqori bo‘lgan. Xiva xoni Muhammad Rahimxon va bosh vazir Islomxo‘ja tashabbusi bilan madrasa va minoralar, Nurullaboy saroyi, kasalxona va elektrostansiya barpo etildi. Shu bilan birga jadid maktablari va rus maktablari ochilib, yangi bilim va g‘oyalarga yo‘l ochildi.
Ekspozitsiyada mashhur italyan kolleksioneri Ignazio Vok to‘plamiga mansub o‘zbek kashtalari ham namoyish etilgan.
XVIII–XIX asrlarga oid Toshkent, Shahrisabz, Nurota va Samarqand kashtachilik maktablarining bu nodir namunalari xalq hunarmandchiligining yuksak badiiy didi va an’analarini namoyon etadi.
Qo‘qon xonligi davrida Amir Umarxon atrofida boy madaniy muhit shakllandi. U Hirot an’analariga o‘xshash ilmiy va adabiy muhitni vujudga keltirib, ko‘plab shoir va olimlarni birlashtirdi. Nodira, Uvaysiy, Dilshodi Barno, Fazliy Namangoniy va Ado kabi ijodkorlar bu davr adabiyotining yorqin namoyandalari bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilayotgan ushbu ekspozitsiya xonliklar davrini Ikkinchi Renessans tarixi doirasida qayta ko‘rish imkonini beradi. Bu yerda jamlangan yodgorliklar Temuriylardan keyin ham ilm-fan, san’at va madaniy an’analar uzluksiz davom etganini, xonliklar davri esa ushbu sivilizatsion merosning muhim bosqichi bo‘lganini yaqqol namoyon etadi.


