Diplomatic Society: "O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Amir Temur merosi — Uchinchi Renessansning intellektual asosi"
Nufuzli Diplomatic Society nashrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2026-yil 9-aprel kuni davlat arbobi, buyuk sarkarda va ilm‑fan hamda madaniyat homiysi Amir Temur tavalludining 690 yillik tadbiriga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Maqolada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi orqali Amir Temur merosining jahon tarixidagi o‘rni, temuriylarning ilm‑madaniyat izlari va markazning mintaqaviy hamda global ahamiyati haqida so‘z yuritiladi, shu bilan birga markazning ma’rifiy va madaniy rivojlanishdagi roli yoritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2026-yil 9-aprel kuni davlat arbobi, buyuk sarkarda va ilm-fan hamda madaniyat homiysi Amir Temur tavalludining 690 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.
Insoniyat tarixi shuni ko‘rsatadiki, buyuk sivilizatsiyalar intellektual yutuqlar, ma’naviy qadriyatlar va madaniy meros uyg‘unligi asosida shakllanadi. Markaziy Osiyo azaldan ilm-fan, san’at va falsafa markazi bo‘lib kelgan hamda butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga ta’sir ko‘rsatgan.
Bugun ushbu salohiyat O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik loyihada o‘z ifodasini topmoqda. Bu markaz nafaqat tarixiy merosni saqlaydi, balki ilm-fan, ta’lim va ma’naviy taraqqiyot uchun jonli maydon vazifasini ham bajaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mualliflik g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur markaz ma’naviy va ma’rifiy qadriyatlar milliy tiklanish va xalqaro hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lishi mumkinligini namoyon etmoqda. Bu yerga dunyoning turli burchaklaridan olimlar, sayyohlar va keng jamoatchilik tashrif buyurmoqda.
Amir Temur jahon tarixida buyuk davlat arbobi, sarkarda va o‘z davrining eng yirik imperiyalaridan biri asoschisi sifatida alohida o‘rin tutadi. XIV asr oxiri va XV asr boshlari chuqur siyosiy o‘zgarishlar davri bo‘lgan bo‘lsa, aynan shu sharoitda Amir Temur Hindistondan Yaqin Sharqqacha bo‘lgan ulkan hududlarni birlashtirib, mustahkam davlat tizimini barpo etdi.
Uning siyosatida diplomatiya alohida ahamiyat kasb etgan. Amir Temur Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi Yevropa davlatlari bilan aloqalar o‘rnatgan. 1404-yilda Samarqandga kelgan ispan elchisi Ruy Gonsales de Klavixo davlat boshqaruvi yuqori darajada ekanini, infratuzilma rivojlanganini va xorijiy elchilarga katta hurmat ko‘rsatilganini ta’kidlagan.
1404 yilda Ruy Gonsales de Klavixoning Amir Temur saroyiga, Samarqandga kelishi
Amir Temur o‘z davlati uchun mukammal huquqiy asos ham yaratdi. “Temur tuzuklari”ga ko‘ra, davlat to‘rt ustunga — kengash, maslahat, puxta reja va qat’iyatga tayangan. Ishlarning to‘qqiz qismi maslahat va oqilona choralar bilan hal etilgan, faqat bir qismigina kuch bilan amalga oshirilgan. Bu esa davlat boshqaruvida adolat va muvozanat ustuvor bo‘lganini ko‘rsatadi.
Amir Temur vafotidan keyin uning vorislari — temuriylar davlatni rivojlantirishni davom ettirib, ilm-fan, madaniyat va ta’limga katta e’tibor qaratdilar. Bu davr Sharqning Ikkinchi Renessansi sifatida tarixga kirdi.
Temuriylar orasida Mirzo Ulug‘bek alohida o‘rin egallaydi. U buyuk olim, astronom va davlat arbobi sifatida Samarqandni Sharqning yirik ilmiy markaziga aylantirdi. 1420-yillarda qurilgan Ulug‘bek rasadxonasi o‘sha davrning eng ilg‘or ilmiy inshootlaridan biri bo‘lgan. U yerda “Ziji Sultoniy” asari yaratilgan bo‘lib, unda 1000 dan ortiq yulduz koordinatalari aniq hisoblab chiqilgan.
“Baysung‘ur Qur’oni” — Umar Aqta tomonidan Amir Temur uchun ko‘chirilgan
Bugungi kunda temuriylar merosi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘z aksini topgan. Bu yerda davrning madaniy va ma’naviy boyligini namoyon etuvchi noyob eksponatlar saqlanmoqda. Jumladan, xattot Umar Aqta tomonidan Amir Temur uchun ko‘chirilgan “Baysung‘ur Qur’oni”dan parcha ham shu yerda namoyish etilgan. Uning nafis xatlari va siyoh oqimi o‘ziga xos san’at namunasidir.
Shuningdek, Boburiylar davriga oid tumorli chopon ham alohida ahamiyatga ega. U qalin paxta matosidan tayyorlangan bo‘lib, unda Qur’on oyatlari, shahodat kalimasi va Allohning 99 ismi yozilgan. Orqa qismida “Alloh eng yaxshi saqlovchidir va u rahmlilarning rahmlisidir” (Yusuf surasi, 12:64) oyati joylashgan.
Boburiylar davriga oid tumorli libos
Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey, balki zamonaviy ta’lim maydoni hamdir. Uning me’moriy yechimi temuriylar an’analari va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan. 65 metrlik gumbaz va mahobatli portallar mamlakat hududlarining birligini ifodalaydi.
Markaz ekspozitsiyasi “Sivilizatsiyalar — Shaxsiyatlar — Kashfiyotlar” tamoyili asosida qurilgan bo‘lib, islomgacha bo‘lgan davrdan tortib Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan tarixiy bosqichlarni qamrab oladi. Bu yerda VR va AR texnologiyalari, gologrammalar va sun’iy intellekt orqali tarix jonli namoyon etiladi.
Markaz tarkibida interaktiv laboratoriyalar, “1001 ixtiro” bolalar muzeyi, 2500 dan ortiq qo‘lyozma va litografiyalar, 40 mingdan ziyod kitoblar, 350 mingdan ortiq raqamli resurslar saqlangan kutubxona, xattotlik va an’anaviy san’at maktabi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari mavjud.
Bu yondashuv markazni bilimlar xazinasidan tashqari, tarixiy renessanslar va Uchinchi Renessans o‘rtasidagi jonli ko‘prikka aylantirmoqda.
9-aprel kuni Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu sana nafaqat tarixiy xotiraga ehtirom, balki milliy o‘zlikni mustahkamlash, ilmiy salohiyatni oshirish va madaniy diplomatiyani rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Yubiley doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro muloqot maydoniga aylanmoqda. Jumladan, 9–10 aprel kunlari bu yerda Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikadan 300 nafardan ortiq olim va mutaxassis ishtirokida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazilmoqda.
Ushbu konferensiya Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rnini chuqur o‘rganish, shuningdek, xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqada intellektual va madaniy taraqqiyot lokomotiviga aylanib, insoniyatni tinchlik, hamjihatlik va taraqqiyot sari birlashtirishga xizmat qilmoqda. Uning asosiy shiori esa buyuk da’vatni ifoda etadi: “Yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi…”






