Amir Temur va Temuriylar merosi xalqaro maydonda qayta kashf etilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Amir Temur va Temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimizda Amir Temur merosini chuqur o‘rganish, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish hamda Temuriylar davrining ilmiy va ma’naviy yutuqlarini zamonaviy ilm-fan asosida qayta baholashga qaratilgan muhim ilmiy platforma sifatida e’tirof etilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni yangi avlod ongiga singdirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ushbu konferensiya aynan Temuriylar renessansining milliy va umuminsoniy mohiyatini chuqur anglash, Ikkinchi Uyg‘onish davri asoslarini mustahkamlash hamda yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash yo‘lidagi ilmiy-amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Anjuman doirasida jami 13 ta shu’ba yig‘ilishi tashkil etilib, ularda Amir Temur davrida davlatchilik va diplomatiya, harbiy san’at, shaharsozlik va me’morchilik, tarixiy manbalar, ilm-fan va ta’lim, adabiyot va kitobat, tasviriy hamda amaliy san’at, ijtimoiy-ma’naviy hayot, Boburiylar merosi, tarixshunoslik, shuningdek, Temuriylar davri merosining jahon to‘plamlaridagi o‘rni va raqamli texnologiyalar orqali tadqiq etilishi kabi dolzarb yo‘nalishlar qamrab olindi.
“Temuriylar davri tarixiy manbalari” mavzusidagi shu’ba yig‘ilishida taqdim etilgan ma’ruzalarda Temuriylar davrining madaniy hayoti va uning manbashunoslik ahamiyati atroflicha yoritildi.
Xususan, Temuriylar davrida xalq madaniyatiga bag‘ishlangan ma’ruzada ta’kidlanganidek, XIV–XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida nafaqat siyosiy birlashuv, balki yuksak madaniy taraqqiyot “Temuriylar renessansi” bilan ajralib turadi.
Hirotda XV asr oxirida kitobat va miniatyura san’ati rivojiga bag‘ishlangan ma’ruzada ta’kidlanishicha, mazkur davrda bu san’at Sulton Husayn Bayqaro saroyida o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga chiqqan va keyinchalik Tabriz hamda Movarounnahr maktablarining shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Olga Vasileva, Rossiya Milliy kutubxonasi vakili:
“Hirot miniatyura maktabi nafaqat o‘z davrida yuksak taraqqiy etgan, balki keyingi madaniy markazlar — Tabriz va Movarounnahr san’ati rivojiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Buni Rossiya Milliy kutubxonasi fondlarida saqlanayotgan XVI asr boshlariga oid qo‘lyozmalar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Xamsa qo‘lyozmasi miniatyuralarida Sulton Husayn Bayqaro, Alisher Navoiy va boshqa tarixiy shaxslar obrazlari badiiy va ramziy uyg‘unlikda aks ettirilgan.
Miniatyuralarda rassomlar ko‘pincha adabiy qahramonlar orqali real tarixiy shaxslarni tasvirlagan. Bu esa san’atda ramziy fikrlash va badiiy ifoda yuqori darajada bo‘lganini ko‘rsatadi.
XVI asrning birinchi choragiga oid qo‘lyozmalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, Hirot an’analari turli hududlarda davom etgan holda, har bir maktabda o‘ziga xos uslubiy xususiyatlar bilan boyitilgan.”
Amir Temur va Temuriylar davrida ijtimoiy-ma’naviy hayot shu’ba yig‘ilishida Temuriylar davrida madaniy renessans: ilm-fan, adabiyot va san’at rivoji, uning dunyo tamadduniga ta’siri kabi mavzularda maruzalar tinglandi.
Maryam Edilova, Xalqaro “Ala-Too” universiteti professori, falsafa fanlari doktori (Qirg‘iziston)
“Temuriylar davrida xalq madaniyati turli an’analar uyg‘unligi asosida shakllandi. Bu jarayonda og‘zaki ijod, musiqa, hunarmandchilik va kundalik turmush tarzi muhim o‘rin tutdi. Ayniqsa, elitar va xalq madaniyati o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir madaniy taraqqiyotni yanada jadallashtirdi.
Mazkur davrda Samarqand va Hirot kabi markazlarda ilm-fan, me’morchilik va san’at yuksak darajada rivojlandi, xalq madaniyati esa marosimlar, urf-odatlar va ijodiy an’analar orqali avloddan-avlodga uzatildi.
Temuriylar davrida shakllangan xalq madaniyati keyinchalik butun Markaziy Osiyo madaniy merosining poydevoriga aylandi va boshqa sivilizatsiyalarga ham ta’sir ko‘rsatdi.”
Raqamli texnologiyalarda Temuriylar renessansi mavzusidagi shu’bada esa tarixiy merosni raqamlashtirish, qo‘lyozmalarni ilmiy tahlil qilishning zamonaviy usullari, virtual rekonstruksiya va interaktiv platformalar yaratish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida muhokama etildi.
Elchin Guseynov, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi tarix fanlari nomzodi:
“Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda, balki turkiy xalqlar birligini mustahkamlagan, davlatchilik an’analarini rivojlantirgan ulkan tarixiy shaxsdir. U barpo etgan davlat turli xalq va madaniyatlarni birlashtirib, umumiy sivilizatsion makon shakllanishiga xizmat qildi.
Uning kuchli boshqaruv tizimi, harbiy mahorati va ilm-fan hamda madaniyatga bo‘lgan e’tibori bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shu ma’noda Amir Temur merosi zamonaviy dunyo uchun ham muhim saboqdir.
Bugun turkiy dunyo oldida turgan eng muhim vazifa — umumiy tarix va qadriyatlar asosida birlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashdir. Bu yo‘lda yaqin hamkorlikni kuchaytirish barchamiz uchun ustuvor ahamiyatga ega.”
Xalqaro konferensiya o‘z mazmun-mohiyati bilan nafaqat tarixiy xotirani tiklash, balki uni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy va ma’naviy maydon sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.


