MIR 24:"O‘zbekistonda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda"
Toshkent, O‘zbekiston — O‘zbekistonda buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan keng ko‘lamli tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda MIR 24 muxbiri Vitaliy Nikulin xabar berdi.
Yubiley munosabati bilan mamlakat bo‘ylab ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘yib, buyuk ajdod xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.
Tantanalar doirasida mehmonlar yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan tanishmoqda. Davlat rahbari muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga esdalik yozuvini qoldirdi.
Shuningdek, xalqaro miqyosdagi tadbirlar markaziga aylangan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda yigirmadan ortiq davlatdan tashrif buyurgan olimlar, tadqiqotchilar va mehmonlarni birlashtirmoqda. Yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur zamonaviy markaz qisqa vaqt ichida xalqaro ilmiy muloqot maydoniga aylandi.
Markaz ekspozitsiyasi 15 ming kvadrat metr maydonni egallab, ming yillik tarixga oid noyob artefaktlarni taqdim etmoqda. Ilg‘or mulьtimedia yechimlar — 3D texnologiyalar, yuqori aniqlikdagi proyeksiyalar va fazoviy ovoz tizimlari orqali tarixiy jarayonlar interaktiv shaklda namoyish etilmoqda.
Alohida ekspozitsiya Amir Temur va Temuriylar imperiyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, uning hududi Hindistondan Volgagacha cho‘zilgani, poytaxti esa Samarqand shahri bo‘lgani ta’kidlanadi.
Yubiley doirasida o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy konferensiyada 300 dan ortiq ishtirokchi — olimlar, ekspertlar va diplomatlar qatnashmoqda. Tadbirda ICESCO, IRCICA, Oksford islom tadqiqotlari markazi hamda Al-Furqon jamg‘armasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar ishtirok etmoqda.
Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi raisi o‘rinbosari Damir Muxetdinov ta’kidlaganidek, bunday yuqori darajadagi mutaxassislarning bir joyga jamlanishi yangi ilmiy xulosalar va kashfiyotlarga zamin yaratadi.
Konferensiya yakunida mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida qator hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu kelishuvlar O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Amir Temur merosi xalqaro maydonda ham faol muhokama qilinmoqda. Xususan, Moskva shahrida o‘tgan ilmiy anjumanda uning davlatchilik an’analari, harbiy strategiyasi va jahon madaniyatidagi o‘rni alohida e’tirof etildi.






