Amir Temur izlari yashiringan sirli galereya

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat mamlakatimizning, balki butun jahonning e’tibor markaziga aylangan noyob ma’naviy-ma’rifiy maskan sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘zining mahobatli me’moriy qiyofasi, ulkan ichki ko‘lami va mazmunan boy ekspozitsiyalari bilan ajralib turadigan markaz ochilganidan buyon har kuni besh mingdan ortiq tashrif buyuruvchilarni qabul qilmoqda.
Markazga Samarqand portali orqali kirilganda, mehmonlarni “Buyuk siymolar galereyasi” qarshi oladi. Ushbu zal o‘zining beqiyos badiiy va me’moriy yechimlari bilan alohida ahamiyatga ega. Bu yerdagi 14 ta ravoqning har biri 110 xil rangdagi mikromozaika toshlaridan yuksak mahorat bilan terilgan. Asarlar rassom Alisher Alikulov boshchiligidagi ijodiy jamoa tomonidan yaratilgan va ular davlat rahbari tavsiyalari asosida mukammallashtirilgan.
Ayni kunlarda mamlakatimizda buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanayotgan bir paytda, galereyaning sakkizinchi pannosi alohida e’tiborni tortadi. Ushbu asar o‘zbek davlatchiligining timsoliga aylangan Sohibqiron siymosini badiiy va ramziy jihatdan chuqur ochib beradi.
Panno markazida Amir Temurning ulug‘vor qiyofasi – qorabayir ot ustidagi sarkarda obrazi gavdalantirilgan. Uning atrofida esa buyuk davlat asoschisi sifatidagi faoliyatini yorituvchi muhim tarixiy ramzlar jamlangan. Jumladan, yo‘lbars-sher tasvirlangan bayroq, uning nomidan zarb etilgan tilla tangalar, Temuriylar muhri, Shohrux Mirzo davrida chizilgan xarita, shuningdek, Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalardan lavhalar bu yerda o‘rin olgan.
Asarda Sohibqironning “qudratimizga shubha qilsalar, biz qurgan binolarga qarasinlar” degan ma’nodagi g‘oyasi ham badiiy ifoda topgan. Shu bois, pannoda Temuriylar davri me’morchiligining durdonalari Shahrisabzdagi Oqsaroy, Samarqanddagi Go‘ri Amir kabi obidalarning tasvirlari ham joy olgan.
Asarning yana bir muhim jihati Amir Temur nomiga qo‘shib aytiladigan “Sohibqiron” unvonining mazmun-mohiyatining ochib berilganidir. Bu atama uning tug‘ilishi bilan bog‘liq noyob samoviy hodisa — sayyoralar yaqinlashuvi, ya’ni “qironi sa’dayn” bilan izohlanadi. Mazkur voqea o‘sha davr munajjimlari tomonidan buyuk shaxs tug‘ilishining ramzi sifatida talqin qilingan bo‘lib, asarda Yupiter (Mushtariy) va Venera (Zuhro) sayyoralarining ramziy tasviri orqali badiiy ifoda etilgan.
Pannoda, shuningdek, Sohibqiron hayotida muhim o‘rin tutgan shaxslar piri murshidi Said Baraka, Ahmad Yassaviy, Bibixonim va Gavharshodbegim obrazlari ham aks ettirilgan. Orqa fondagi olma daraxti farovonlik va qut-baraka ramzi sifatida talqin etilsa, parvozdagi kabutar tinchlik va barqarorlik g‘oyasini ifoda etadi.
Markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov:
Asarning quyi qismida Temuriylar sulolasining davomiyligi va keng hududlarni qamrab olganligi tasviriy shajara orqali ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, Temuriylar madaniyatining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi Tojmahal yodgorligi, Hirot va Isfahon me’moriy an’analari misolida yorqin ifoda etilgan.
Panno kompozitsiyasida Amir Temur boshqaruvining ramziy ifodasi sifatida uning taxti va “Temur tuzuklari”ga ishoralar ham o‘rin olgan. Atrofdagi buyumlar suv idishi, bilim sandiqchasi, ko‘zgu kabi detallar esa poklik, ilm va ma’naviyat timsoli sifatida talqin qilingan. Qalqon va kamon harbiy qudratni, gullar esa taraqqiyot va bunyodkorlik g‘oyasini ifoda etadi.”


