Adabiyot orqali birlik: “Turkiy dunyo adabiyoti” kitoblari taqdimoti
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Turkiy tilli xalqlar yozuvchilarining “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida “Turkiy dunyo adabiyoti” turkumidagi yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli adabiy-ma’rifiy tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro TURKSOY tashkiloti hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbir turkiy xalqlar o‘rtasidagi adabiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, umumiy ma’naviy merosni targ‘ib qilish hamda ijodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi va “Mereke baspalari” nashriyoti tomonidan nashr etilgan “Turkiy dunyo adabiyoti” turkumida qozoq tilida turkiy adabiyotning taniqli namoyandalari Anarning “Qonaq uy bolmesi”, Xayriddin Sultonovning “Baqit jag‘alau”, Sulton Rayevning “Topan”, Arslon Koychiyevning “Tuqmqurt” kitoblari taqdim etildi. Hech shubhasiz bu kitoblar azaldan tili, dili, madaniyati, urf-odat va an’analari o‘xshash bo‘lgan turkiy xalqlarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Barchamiz ziyoli sifatida yaxshi bilamizki, bu kitoblarning yaratilishi albatta muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda, ularning tarjima qilinib nashr etilgani ham juda katta voqea hisoblanadi. Chunki bu jarayon xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda jahon miqyosidagi vaziyat misli ko‘rilmagan darajada murakkablashib borayotgan bir sharoitda yashayapmiz. Ana shunday davrda o‘zaro ahillik va hamjihatlikni saqlash, azaliy qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash nihoyatda muhimdir. Bu yo‘lda har bir xalqning qalbi va ruhini ifoda etuvchi adabiyot, san’at va madaniyatning beqiyos imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligini barchamiz chuqur anglaymiz, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov o‘z nutqida.
Tadbirda qator nufuzli davlat va jamoat arboblari, taniqli yozuvchi va shoirlar ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, Xalqaro TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov hamda Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Mereke Qulkenov ishtirok etib, o‘z ma’ruzalarida turkiy xalqlar adabiyotining bugungi rivoji, uning jahon madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati haqida fikr bildirdilar.
Prezidentlarimiz ta’kidlaganiday hamisha bizning birligimiz, ahil-inoqligimizni ko‘rolmaydigan kuchlar topilgan dunyoda mana shu yovuz kuchlarga qarshi mustahkam jipslashib, albatta adabiyotlarimizning, xalqlarimizning qadim ul-ayyomdan kelgan urf-odatlari, an’analari, qadriyatlarini o‘zimiz ulug‘lamasak biz uchun boshqa xalqlar, boshqa millatlar kelib buni avaylab-e’zozlab bermaydi. Mana shu doirada qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida xalqaro yoshlar festivali, Markaziy Osiyo respublikalari yosh ijodkorlarining uchrashuvlari, tanlovlar — hamma-hammasiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun juda katta imkoniyatlar yaratib berilgan. Jaholatga qarshi ma’rifat deyilganda aynan mana shu Islom sivilizatsiyasi markazida turib mana shu anjuman bo‘layotgani va shunday gaplar, shunday hikmatlar aytilayotganining ham mazmun-mohiyati shundan iborat, - dedi Sirojiddin Sayyid.
Taqdimot jarayonida yangi kitoblar namoyishi munosabati bilan ramziy tasma kesish marosimi o‘tkazildi. Shuningdek, kitob mualliflari ishtirokida ijodiy muloqot tashkil qilinib, ular o‘z asarlarining mazmun-mohiyati, ijodiy g‘oyalari va turkiy adabiyotning o‘zaro ta’siri haqida so‘z yuritdilar.
Qardosh O‘zbekistonning go‘zal Toshkent shahrida o‘tayotgan ushbu adabiy tadbirda ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. Bu men uchun katta baxt va faxr, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tadbir juda muhim, chunki adabiyot xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Bizning xalqlarimiz esa azaldan adabiy jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lib kelgan. Shu bois, bugungi kunda ham ana shu yaqinlikning davom etayotgani meni alohida quvontiradi. Ayniqsa, o‘zbek yozuvchilarining asarlari Bokuda, ozarbayjon yozuvchilarining kitoblari esa O‘zbekistonda nashr etilayotgani — bu adabiy aloqalarimizning yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Tilagim, bunday hamkorlik va ijodiy aloqalar kelgusida ham izchil davom etsin va yanada kengaysin, - dedi Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anar.
Tadbir doirasida, shuningdek, adabiyot vakillari va mutaxassislar — Didar Qulkenov, Muhammad Ali, Anar kabilar ham so‘zga chiqib, turkiy adabiyotning zamonaviy tendensiyalari, uning xalqaro madaniy maydondagi ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Toshkent shahrida buyuk Amir Temurning 690 yilligi juda yuqori saviyada nishonlanmoqda. Ana shu ulkan bayram munosabati bilan bugun biz bir qator kitoblar taqdimotini o‘tkazdik. Bu asarlar qozoq tiliga tarjima qilinib, katta dastur va loyiha doirasida nashr etildi. Ushbu kitoblarni aynan O‘zbekistonda, Toshkent shahrida taqdim etayotganimizdan juda mamnunmiz. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevga va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasiga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Endigi maqsadimiz – shu kabi loyihalar orqali turkiy xalqlar adabiyotini o‘zaro tarjima qilish, shu orqali ma’naviyatimizni, til va madaniyatimizni yanada yaqinlashtirishdir. Bu esa, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi. Amir Temurning 690 yilligi faqat O‘zbekiston uchun emas, balki butun turkiy dunyo uchun umumiy bayramdir. Bu tadbirning aynan Toshkent shahrida, Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tayotgani menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Chunki ko‘plab tarixiy manbalar va arxivlar aynan shu yerda jamlangan. Bu esa nafaqat bir xalq, balki barcha turkiy xalqlar uchun umumiy meros hisoblanadi. Shu bois, azaldan birodar bo‘lgan xalqlarimizni birlashtirib turgan ulug‘ shaxslarni ulug‘lash barchamiz uchun juda muhim, deb o‘ylayman, - dedi, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi, yozuvchi Mereke Kulkenov.
Ta’kidlash joizki, mazkur tadbir turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash, adabiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda umumiy ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Turkiy dunyo adabiyotining tarixi nihoyatda keng, ildizlari chuqur va mazmunan yuksakdir. Uning ikki ming yillik tarixga egaligi, avvalo, mazkur adabiyotning manbalari qadimiy O‘rxun-Enasoy yozma yodgorliklariga borib taqalishi bilan izohlanadi. Shu ma’noda, bugungi anjuman va tashkil etilgan tadbirni O‘rxun-Enasoy bitiklaridan to XXI asrgacha bo‘lgan turkiy adabiyot taraqqiyotini qamrab olgan muhim ma’naviy voqelik sifatida baholash mumkin. Bugun taqdim etilgan kitoblarning qozoq tilida nashr etilgani ham alohida ahamiyatga ega. Zero, Qozog‘istonda o‘zbek, ozarbayjon va qirg‘iz adiblarining asarlarini qozoq tiliga tarjima qilish orqali turkiy xalqlar adabiyotini o‘zaro yaqinlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbuslarning yana bir muhim bosqichi aynan bugungi tadbir doirasida o‘z ifodasini topdi. Kelgusida, biz — qirg‘izlar ham o‘zbek, qozoq va boshqa turkiy xalqlar adabiyoti namoyandalarining asarlarini o‘z tilimizga tarjima qilish, bu yo‘nalishda zarur tajriba to‘plashni maqsad qilganmiz, - Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Arslon Koychiyev.


