Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordini qo‘lga kiritib, Islom sivilizatsiyasidagi eng yirik muzeyga aylandi

2026-yil 13-aprel kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi "Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi"sifatida rasman e’tirof etilib, Guinness World Records ning nufuzli unvoniga loyiq ko‘rildi.

Tantanali taqdirlash marosimi Guinness World Records rasmiy vakili va hakami — Sheyda Subashi ishtirok etib, Markaz barcha xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini tasdiqladi.

Tadbirda, shuningdek, loyihani amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shgan me’morlar, olimlar, dizaynerlar va quruvchilar ishtirok etdi. Mukofot Markaz Ilmiy kengashi a’zolariga topshirildi.

Tantanali marosimda Guinness World Records  rasmiy vakili Sheyda Subashi shunday ta’kidladi:

"Guinness World Records rasmiy vakili sifatida shuni aytishim mumkinki, muzeyning har bir burchagi va taqdim etilgan har bir eksponat o‘ziga xos noyoblikka hamda madaniy qiymatga ega. Ushbu majmuani barpo etish ortida yillar davomida olib borilgan keng ko‘lamli va mashaqqatli mehnat yotganligi yaqqol ko‘rinib turibdi.

Muzeyga tashrif buyurish meni juda hayratda qoldirdi — bu haqiqatan ham chuqur va mazmunli tajriba bo‘ldi. Tashrif doirasida barcha narsani to‘liq qamrab olishning imkoni bo‘lmasada, baholash jarayoni belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshirildi. Men tomonimdan rasmiy logbuk (qaydlar daftari)dan foydalanildi, unda har bir eksponat qayd etilib, islom arxeologiyasi, san’ati va fani sohasidagi mutaxassislar tomonidan tasdiqlandi.

Men amalga oshirilgan ishlar darajasidan chin dildan hayratdaman va ushbu loyihani hayotga tadbiq etishda ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Bu ulkan sa’y-harakatlar va yuksak professionallik natijasi bo‘lgan ulkan yutuqdir. Har bir ishtirokchining hissasi alohida hurmatga loyiq. Guinness World Records  tili bilan aytganda, bu — haqiqatan ham hayratlanarli".

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik megaloyihasi sifatida hayotga tadbiq etilgan ulkan ilmiy-ma’rifiy va muzey majmuasidir. Loyiha 2017-yilda boshlangan bo‘lib, 2026-yil 17-martda yakuniga yetdi. U ilmiy salohiyat, madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda birlashtirgan "Yangi O‘zbekiston"ning noyob madaniy-ma’rifiy platformasi sifatida qad rostladi. Loyiha davlat rahbarining milliy o‘zlikni anglashni mustahkamlash hamda O‘zbekistonni jahon maydonida Islom sivilizatsiyasining asosiy markazlaridan biri sifatida targ‘ib qilish borasidagi strategik qarashlarini aks ettiradi.

Loyihaning bosh me’mori Abduqahhor Turdiyev shunday dedi:

"Markazning o‘ziga xosligi shundaki, uning me’morchiligi O‘zbekistonning boy madaniyati va merosini aks ettiradi. Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli mamlakatimiz o‘zini nafaqat fan va madaniyat markazi, balki sivilizatsiyalararo global muloqotda faol ishtirok etayotgan davlat sifatida namoyon etib, dunyoga ishonch bilan ochilmoqda".

Bugungi kunda Markaz mintaqaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan madaniy-ilmiy maskanlaridan biriga aylandi: har kuni unga 5 000 nafargacha kishi tashrif buyurmoqda, bu esa ham O‘zbekiston fuqarolari, ham xorijiy mehmonlar tomonidan qiziqish yuqori ekanligidan dalolat beradi.

Guinness World Records unvonining berilishi nafaqat loyiha ko‘lamining e’tirofi, balki uni amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab mutaxassislar, olimlar va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida shunday ta’kidladi:

"Shubhasiz, ushbu mukofot O‘zbekiston Respublikasining muhtaram Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasiga berilgan munosib e’tirof va mukofotdir. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan faoliyatimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berildi va bugungi kunda bizning asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonning boy madaniy merosini saqlash va ommalashtirish, shuningdek, muqaddas Islom dinimizning ezgulik, tinchlik, ma’rifat va bag‘rikenglik dini sifatidagi insonparvar g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishda ushbu salohiyatdan samarali foydalanishdir".

Guinness World Records maqomining olinishi O‘zbekistonning Islom fani, madaniyati va ma’rifatining muhim turistik va tarixiy markazlaridan biri sifatidagi rolini mustahkamlaydi. Bu, shuningdek, Markazning o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillik tamoyillariga asoslangan sivilizatsiyalararo muloqotning zamonaviy platformasi sifatidagi ahamiyatini tasdiqlaydi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.