Tarixni gapirmaydigan, balki “jonlantiradigan” gidlar tayyorlanmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyalarida tashrif buyuruvchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash, professional gid-ekskursovodlar guruhini shakllantirish hamda yosh mutaxassislarni sohaga keng jalb etish maqsadida navbatdagi ularga 2 haftalik eksklyuziv va juda puxta o‘ylangan reja asosida ishlangan seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur o‘quv jarayonida Markaz tomonidan oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi bosqich talabalari orasida o‘tkazilgan tanlov natijalari hamda kelgusida amalga oshiriladigan o‘quv-seminar jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, Markaz muzey ekspozitsiyalarida gid-ekskursovodlik faoliyatini olib borishi mumkin bo‘lgan iqtidorli yoshlarni saralash maqsadida respublikadagi oliy ta’lim muassasalarining 4-bosqich talabalari hamda magistratura bitiruvchi bosqich talabalari o‘rtasida dastlabki tanlov tashkil etildi. Ushbu tanlovda 200 nafardan ortiq nomzod ishtirok etdi.
Saralash jarayonlari nomzodlarning tarixiy bilimlari, nutq madaniyati, auditoriya bilan ishlash qobiliyati hamda chet tillarini bilish darajasi kabi mezonlar asosida amalga oshirildi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, 117 nafar eng munosib nomzod keyingi bosqichga o‘tkazildi.
Saralab olingan ushbu nomzodlar uchun maxsus o‘quv-seminar mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur nomzodlar ishtirokida yakuniy seminar darslari bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, o‘quv jarayonlari doirasida taniqli diktor va notiqlik mahorati bo‘yicha mutaxassis Dilorom Umarova ishtirokida yakuniy seminar mashg‘uloti ham tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv davomida mutaxassis o‘zining ko‘p yillik tajribasi, omma oldida chiqish qilish sirlari, nutqni to‘g‘ri va ta’sirchan yetkazish usullari hamda auditoriya bilan samarali muloqot o‘rnatish bo‘yicha amaliy tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Seminar interaktiv tarzda o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Dilorom Umarova tomonidan berilgan javoblar va maslahatlar o‘quvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini yanada takomillashtirishga xizmat qildi.
Dilorom Umarova:
“Avvalo, ikki hafta davomida tashkil etilgan o‘quv jarayoni va erishilgan natijalar alohida e’tirofga loyiq. Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazining Guinness World Records ro‘yxatiga kiritilgani barchamiz uchun katta quvonch va iftixor bo‘ldi. Bu nafaqat markaz jamoasi, balki butun mamlakatimiz uchun muhim yutuq hisoblanadi.
O‘quv jarayoni juda samarali va mazmunli tarzda o‘tdi. Yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishi, intilishi, savollarga yondashuvi va tayyorgarligi yuqori darajada bo‘ldi. Ular tayyorlab kelgan matnlari, fikrlash doirasi va javoblari orqali o‘z salohiyatini namoyon etdi. Shu bois, o‘qitish jarayonida jiddiy qiyinchiliklar kuzatilmadi. Yigit-qizlarning barchasi yaxshi natijalar ko‘rsatdi va kelgusida nufuzli mehmonlar oldida munosib ishtirok eta oladigan kadrlar bo‘lib shakllanishiga ishonch katta”.
Izzat Ibragimov, Markaz direktorining axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:
“O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashrif buyuruvchilarga sifatli gid-ekskursovodlik xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda bir qator oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida dastlabki saralash tanlovi tashkil etildi. Jumladan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat san’at va madaniyat instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti hamda Chirchiq davlat pedagogika instituti talabalari orasidan iqtidorli nomzodlar suhbat asosida tanlab olindi.
Natijada dastlabki bosqichda 117 nafar nomzod saralab olindi. Hozirda ular Turizm qo‘mitasi mutaxassislari ishtirokida, shuningdek nutq madaniyati bo‘yicha maxsus ikki haftalik o‘quv kurslarida tahsil oldilar”.
Seminar mashg‘ulotlari ikki hafta davomida tashkil etilgan bo‘lib, ular nazariy va amaliy qismlarni o‘z ichiga oldi. Nazariy mashg‘ulotlarda ishtirokchilarga Markaz ekspozitsiyalarining mazmun-mohiyati, tarixiy manbalar bilan ishlash, ma’lumotlarni to‘g‘ri va aniq yetkazish o‘rgatilda. Amaliy mashg‘ulotlarda esa nomzodlar bevosita muzey hududida ekskursiya olib borish ko‘nikmalarini shakllantirdi, tashrif buyuruvchilar bilan muloqot qilish, guruhni boshqarish va turli savollarga javob berish bo‘yicha tajriba orttirdi.
Rustam Jabborov, Markaz ilmiy kotibi:
“Islom sivilizatsiyasi markazida gid-ekskursovodlar faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki gid — bu oddiy axborot beruvchi emas, balki Markazda mujassam bo‘lgan boy tarixiy va ilmiy merosni to‘g‘ri va ta’sirchan tarzda yetkazib beruvchi muhim ko‘prikdir. Shu bois biz gidlar faoliyatida mazmun, aniqlik va ta’sirchanlikka ustuvor ahamiyat beryapmiz. Asosiy maqsadimiz — har bir tashrif buyuruvchi Markazdan chuqur taassurot va boy ma’naviy bilim bilan chiqishini ta’minlashdir”.
Ta’kidlanganidek, Markaz faoliyatini keng jamoatchilikka to‘g‘ri va ta’sirchan tarzda yetkazishda gid-ekskursovodlar muhim o‘rin tutadi. Shu bois ularni puxta tayyorlash, bilim va ko‘nikmalarini tizimli ravishda oshirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Sardor Azizov, talaba:
“Markazdagi gid-ekskursovodlik kurslari men uchun nafaqat bilim olish, balki amalda tajriba to‘plash imkoniyati ham bo‘ldi. Ekspozitsiyalar orqali tarix va madaniyatni yangi jihatdan ko‘rish, tashrif buyuruvchilar bilan muloqot qilish menga katta ilhom berdi. Bu kurs orqali men kelajakda nafaqat professional ekskursovod bo‘lish, balki insonlarga O‘zbekistonning boy madaniy merosini haqiqatda his qilishiga yordam berishni maqsad qilyapman”.
Seminar mashg‘ulotlari yakunida ishtirokchilar uchun yakuniy imtihon o‘tkazilishi belgilangan. Imtihon natijalariga ko‘ra, eng yuqori natija ko‘rsatgan, salohiyati va imkoniyati yuqori bo‘lgan nomzodlar Markaz muzey ekspozitsiyalarida tashrif buyuruvchilarga gid-ekskursovodlik xizmatini ko‘rsatishga jalb etiladi.
Mazkur tashabbus yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliy tajriba bilan ta’minlash, shuningdek, Markazda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar tinglandi hamda kelgusida gidlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.


